Avstraliya hukumati bundan o‘n yil avval Donbass hududi uzra urib tushirilgan va 300 ga yaqin odamning o‘limiga sabab bo‘lgan Malaysia Airlines yo‘lovchi samolyoti uchun Rossiyani javobgarlikka tortishga va’da berdi. Avstraliya tashqi ishlar vaziri Penni Vong 17 iyul, chorshanba kuni Kanberrada o‘tkazilgan xotirlash marosimida qurbonlar qarindoshlari va mehmonlar oldida mamlakat "Rossiyani javobgarlikka tortish urinishlarida to‘xtamasligi"ni aytib o‘tdi.
"Men 2014 yil 17 iyulda sodir etilgan jinoyatlar uchun haqiqat, adolat va javobgarlikka bo‘lgan umumiy majburiyatimizni tasdiqlayman, - dedi Vong. - Qayg‘u bizni hech qachon tark etmaydi, ammo vaqt va muhabbat uning og‘irligini kamaytirishi mumkin".
Boeing 777'ning Donbassdagi halokatiga oid tergov
MH17 reysi bilan Amsterdamdan Kuala-Lumpurga uchgan Malaysia Airlines aviakompaniyasining Boeing 777 yo‘lovchi layneri 2014 yil 17 iyul kuni Ukraina sharqida, mamlakat qurolli kuchlari va rossiyaparast ayirmachilar o‘rtasida harbiy amaliyotlar olib borilayotgan hududda urib tushirilgan. Natijada 298 kishi, jumladan 38 nafar Avstraliya fuqarolari halok bo‘ldi.
Fojiadan keyin tuzilgan xalqaro qo‘shma tergov guruhi (JIT) ekspertlari samolyot rossiyaparast kuchlar nazorati ostidagi hududda joylashgan "Buk" tizimi tomonidan otilgan 9M38 seriyali raketasi bilan urib tushirilgan degan xulosaga keldi. Tergovchilar "Buk" Ukraina hududiga Kursk yaqinida joylashgan 53-Rossiya havo hujumidan mudofaa brigadasidan kirganiga va fojiadan ko‘p o‘tmay, chegara orqali Rossiya hududiga qaytarilganiga ishonchi komil.
MH17 ishi bo‘yicha Haaga sudining qarori
2022 yil noyabrida Haaga okrug sudi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» sobiq «mudofaa vaziri» Igor Girkin (Strelkov), general-mayor Sergey Dubinskiy va Leonid Xarchenkoni fojiada aybdor deb topib, ularni sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qildi, shuningdek, qurbonlarning qarindoshlariga jami 16 million yevro to‘lashni buyurdi.
Rossiya Haaga sudining MH17 ishi bo‘yicha chiqargan hukmini siyosiy asosli, deb atadi.
2023 yil fevralida JIT vakillari Rossiya rahbariyati MH17 urib tushirilishida ishtirok etganini va Ukrainaga havo hujumidan mudofaa vositalarini olib borishni ma’qullaganini ma’lum qildi.