AQSh maxsus xizmati Trampga o‘q uzgan shaxs yolg‘iz o‘zi harakat qilgan deb hisoblamoqda

Jahon 21:36 / 18.07.2024 5248

AQSh razvedka idoralari hozircha sobiq prezident Donald Trampga suiqasd qilgan Tomas Metyu Kruksning xorijiy davlatlar bilan aloqasi bo‘lganiga oid alomatni aniqlamadi, deb yozdi The New York Times (NYT).

«Uning chet elda sheriklari yoki aloqalari borligi haqida hech qanday dalil topilmadi», deb yozdi nashr o‘z manbalariga tayanib.

Shu bilan birga, gazetaning qayd etishicha, Kruksning smartfonini o‘rganish asosida ekspertlar u Trampni ham, amaldagi prezident Jo Baydenni ham kuzatayotgani haqidagi xulosaga kelgan.

«FQB rasmiylari Kongressdagi tinglovda Trampni o‘ldirmoqchi bo‘lgan shaxs Tramp, Bayden va boshqa jamoat arboblarini kuzatib turganini aytdi», deb yozdi NYT.

«Uning smartfoni xotirasini skanerlash uning ruhiy salomatligi bilan bog‘liq muammolar borligini ko‘rsatdi — u Trampni o‘ldirishga undagan jinoiy tarix yoki aniq siyosiy qarashlarga ega emas edi», deyiladi maqolada.

Shu bilan birga, Kruks internet o‘yinlari platformalaridan birida ogohlantirish sifatida tan olingan yozuv qoldirgan. Unda «13 iyul kuni premiyera qilish» niyati haqida yozgan, keyinchalik, aynan shu kuni Trampga qarata o‘q uzgan.

Tergovning fikricha, Kruks harakatlarining asosiy sababi ruhiy tushkunlik bo‘lgan.

13 iyul kuni saylovoldi tashviqoti paytida Trampga suiqasd uyushtirildi. U jarohat oldi, voqea ishtirokchilaridan biri halok bo‘ldi. Keyinroq sobiq prezident o‘zini yaxshi his qilayotganini aytdi. Maxfiy xizmat xodimlari suiqasd qilgan shaxs o‘ldirilganini ma’lum qildi. Uning harakatlari sabablarini aniqlash davom etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: