2024 yilda 100 mingdan ziyod xonadon foydalanishga topshiriladi

O‘zbekiston 09:04 / 18.07.2024 2926

Yangi qurilish loyihalarida tadbirkorlar elektr va gaz ta’minotiga ulanishi uchun texnik shartlar olish tizimi raqamlashtiriladi. Bu haqda prezident raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Bunda, tarmoqqa ulanish nuqtasini inson omilisiz avtomatlashgan tarzda tanlash tizimi joriy qilinadi.

Bu yilgi Investitsiya dasturida 1 ming 896 ta loyihaga 20,5 trillion so‘m ajratildi. Lekin, yilning yarmi o‘tgan bo‘lsa-da, 824 milliard so‘mlik 88 ta loyihada qurilish ishlari boshlanmagani ko‘rsatib o‘tildi va mutasaddilarga oqsoqlikni bartaraf etish yuzasidan topshiriq berildi. 

Ayniqsa, 147 ta shifoxonani tibbiy jihozlar bilan ta’minlash, 80 ta poliklinika va 67 ta shifoxonada, 618 ta maktab va 176 ta bog‘chada qurilish ishlarini belgilangan muddatda yakuniga yetkazish shartligi haqida mas’ullar qat’iy ogohlantirildi.

Yil yakuniga qadar 2 trillion so‘mlik ishlarni bajarib, 570 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilash va beton qoplamali kanallar ulushini 39 foizga yetkazish, 13 ming kilometr yo‘l, 195 ta ko‘prikni foydalanishga topshirish zarurligi qayd etildi.

Joriy yilda 2 ming 152 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo qilib, 100 mingdan ziyod xonadonni foydalanishga topshirish reja qilingan. Buning uchun 9 mingta xonadonli 195 ta uy-joy qurilishini tezroq boshlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ichimlik suvi infratuzilmasini yaxshilashga ajratilayotgan mablag‘larning samarasini aholi kundalik hayotida his qilishi shartligi ta’kidlandi. Jumladan, hududlarda 2 ming kilometr tarmoq, 99 ta suv inshooti va 1 ta oqova suv nasos stansiyasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: