Kosovo ozodlik armiyasi sobiq qo‘mondoni 18 yilga qamaldi

Jahon 08:51 / 17.07.2024 2780

Haagada joylashgan Kosovo maxsus palatalari (Kosovo Specialist Chambers, Kosovodagi jinoyatlarni tergov qilish bo‘yicha maxsus tribunalning rasmiy nomi) Kosovo ozodlik armiyasi (KOA) sobiq qo‘mondonlaridan biri Peter Shalani 1990-yillarning oxiridagi urush jinoyatlarida aybdor deb topdi va 16 iyul, seshanba kuni uni 18 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Sud «Bo‘ri qo‘mondon» laqabi bilan tanilgan Shala 1999 yilda Kosovoning Serbiyadan mustaqillik uchun olib borgan urushi paytida bir kishining o‘ldirilishi, shuningdek, yana 20 ga yaqin kishi noqonuniy hibsga olinishi va qiynoqqa solinishiga aloqador ekani isbotlangan deb topdi.

Tribunal a’zolari ayblanuvchiga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ayblovini qiynoqlar bilan bir xil deb topib, uni oqladilar. Raislik qiluvchi sudya Mappi Veldt-Foglia Shalani 1999 yil may va iyun oylarida isyonchilar ayg‘oqchi yoki serb kuchlari bilan hamkorlik qilgan deb hisoblagan bir qator etnik kosovo albanlariga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llaganlikda aybdor deb topdi. 

«Bo‘ri qo‘mondon» 2021 yilda Belgiyada ushlangan

Peter Shala 2021 yil mart oyida Belgiyada qo‘lga olingan. Ikki yil o‘tib, 2023 yil fevralida boshlangan sud jarayonida u to‘rtta ayblov bo‘yicha ham o‘zining aybsizligini ta’kidladi. 

«Kosovo uchun maxsus sud palatalari va ixtisoslashtirilgan prokuraturasi» aralash sud organi 2016 yilda xalqaro hamjamiyat bosimi ostida tuzilgan. Rasmiy ravishda u Kosovo adliya tizimining bir qismidir, ammo undagi barcha lavozimlarni faqat chet el sudyalari va prokurorlari egallaydi - jinoiy ta’qib qilishda ko‘proq mustaqillikni ta’minlash uchun. Tribunal 1998 yil boshidan 2000 yil oxirigacha Kosovoda sodir etilgan harbiy jinoyatlar, insoniyatga qarshi jinoyatlar, qiynoqlar va majburiy ko‘chirilishlarni tergov qilishi kerak. 

Ko‘proq yangiliklar: