Tramp suiqasddan keyin ilk bor ommaga ko‘rinish berdi

Jahon 01:06 / 16.07.2024 28525

Donald Tramp suiqasddan keyin ilk bor omma qarshisiga chiqdi. U Viskonsin shtati Miluoki shahridagi Respublikachilar partiyasi qurultoyiga keldi, bu yerda rasman uning nomzodi prezidentlik uchun ilgari surildi. Bungacha Tramp senator Jyeyms Devid Vensni vitse-prezidentlik uchun o‘z nomzodi sifatida ko‘rsatgandi.

Respublikachilar partiyasi sahifasida Donald Tramp hamda Vensning surati paydo bo‘ldi. Postda «Bizning yutadigan chiptamiz» deb yozildi.

AQShning ikki asosiy partiyasi har ikki yilda prezidentlik saylovlari uchun nomzodini rasman e’lon qilish va saylovoldi kampaniyasining yakuniy bosqichiga tayyorgarlik ko‘rish uchun shunday qurultoy o‘tkazadi.

Tramp olqishlab turgan tarafdorlari oldiga qulog‘i bog‘langan holda chiqib kelgan. Keyin u suiqasddan keyin ko‘rsatgan jyestini takrorlagan: musht qilib tugilgan qo‘lini baland ko‘targan.

Pensilvaniya shtatidagi miting vaqtida ro‘y bergan otishmada u qulog‘idan yengil jarohat olgandi (o‘q uning boshidan bir necha millimetr narida o‘tib ketgan), mitingga kelganlardan biri halok bo‘lgan, yana ikki nafari og‘ir tan jarohatlari olgan.

Tramp hafta oxiriga qadar davom etadigan qurultoyda chiqish qilishi va uning nutqi markaziy voqeaga aylanishi kutilmoqda.

Respublikachilar partiyasi qurultoyi chog‘ida har bir shtatdan kelgan delegatlar partiya nomzodini qo‘llashlarini bildirishadi hamda siyosiy platformani tasdiqlashadi.

Bu yil qurultoyning bu qismi Tramp uchun shunchaki rasmiyatchilikka aylangan, chunki u praymerizlar chog‘ida 2265 nafar delegat ovozini olib ulgurgan, bu esa nomzodini ilgari surish uchun talab etiladigan miqdordan ancha ko‘p.

Demokratlar o‘z qurultoyini keyingi oyda Chikagoda o‘tkazishadi.

Vitse-prezidentlikka nomzod

Donald Tramp vitse-prezidentlikka Ohayo shtatidan bo‘lgan 39 yoshli senator Jyeyms Devid Vensni tanlagani u bu saylovda bir qancha sanoat shtatlari — Pensilvaniya, Michigan va Viskonsinda g‘olib chiqishi yoki yutqazishi aniqligini bilishidan dalolat beradi, deya qayd etadi BBC’ning AQShdagi muxbiri Entoni Zurker.

Ohayodan bo‘lgan Vens o‘zining «Hillbilly elegy» (Qishloq elegiyasi) nomli kitobi bessellerga aylangach mashhur bo‘lib ketgandi, u kitobda ishchilar muhitida o‘sgani va bu uning siyosiy va dunyoqarashiga qanday ta’sir ko‘rsatgani haqida hikoya qilgandi.

O‘z tajribasi tufayli Vens 2016 yilda Trampga ovoz bergan ishchilar sinfidagi oq tanli saylovchilarni jalb qilgan.

Shu bilan birga, Vens nufuzli Yyel universiteti bitiruvchisi va venchur tadbirkorligi tajribasiga ega.

Vens sakkiz yil oldingi poygadan oldin Trampni tanqid qilgandi — demokratlar shunga e’tibor qaratishga urinishi shubhasiz — ammo o‘tgan vaqt ichida u sobiq prezidentning ashaddiy tarafdoriga aylandi — ayniqsa telekanallardagi yangiliklarda.

Uning siyostchi sifatidagi sodiqligi va samaradorligi Trampning qaroriga ta’sir ko‘rsatgani shubhasiz.

Reuters baholariga ko‘ra, Vens tashqi, ichki va iqtisodiy siyosatdagi qarashlari bilan Trampga yaqin: u ihotalanish tarafdori va iqtisodiy populist.

Vens Kongressdagi Amerikaning Ukrainaga yordamini olti oyga kechiktirgan respublikachilar guruhi mansub, u Kiyev tinchlik kelishuvi uchun hududlarining bir qismini Rossiyaga berishi kerak deb biladi. U va safdoshlari AQSh birinchi navbatda o‘z janubiy chegaralarini mustahkamlash bilan shug‘ullanishi va noqonuniy immigratsiya bilan kurashishi, shuningdek Xitoy bilan raqobatga e’tibor qaratishi kerak deb hisoblaydi.

Vens Rossiya tajovuziga qarshi turish uchun Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni Amerika uchun nomaqbul deb biladi.

Miluokidagi namoyishlar

Bu vaqtda Miluoki markazidagi Red-Errou xiyobonida ishtirokchilari har ikki partiya nomzodlaridan – Trampdan ham, Baydendan ham norozi bo‘lgan miting o‘tkazildi, deb xabar beradi BBC’ning Miluokidagi muxbiri Jin Shirin.

Ular mitingga «Biz endi boylarga toqat qila olmaymiz» va «Irqchi Trampga yo‘q, genotsid Joga yo‘q deymiz» yozuvlari aks etgan plakatlar ko‘tarib chiqishgan. Bayden plakatda tishlari qon bo‘lgan vampir qiyofasida, Tramp — cho‘chqa ko‘rinishida tasvirlangan.

Floridalik 23 yoshli Jia Davila muxbir bilan suhbatda mitingga Freedom Road Socialist tashkiloti nomidan kelganini aytadi. U o‘zini markschi-leninchi deb ataydi.

Jia Davila Miluokida Tramp va Baydenga qarshi namoyish qilmoqda. U o‘zini markschi-leninchi deb ataydi

Mitingga nima uchun chiqqani haqidagi savolga Jia shunday javob qaytaradi: «Biz, Qo‘shma Shtatlar aholisi, charchadik, biz respublikachilarning fuqarolik huquqlariga hujumlardan charchadik - abortlardan tortib oddiy amerikaliklarga nisbatan irqchilik hujumlarigacha».

Mitingdagi ko‘pchilik qatori u Baydenni ham qo‘llamaydi. «U G‘azo xalqi bilan urushni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlaydi. U AQSh xalqi uchun hech narsa qilmadi», - deydi u.

Jia Davila o‘zi va ko‘plab tengdoshlari sotsialist bo‘lish-bo‘lmasligidan qat’i nazar, noyabrdagi saylovda ovoz bermasligini aytadi.

Trampga shanba kuni uyushtirilgan suiqasd borasida nima deb o‘ylashi so‘ralganida, u shunday degan: «Bilmayman, men haqiqatni bilmayman, bunga nima deyishni ham».

BBC muxbiri Mayk Vendlingning xabar berishicha, Miluokidagi qurultoy o‘tayotgan joy yaqinida Trampga qarshi boshqa bir namoyish ham o‘tkazilgan. Bu miting turli sabablar bilan chiqqan namoyishchilarni birlashtirgan: ayollar huquqlari, Black Lives Matter va Falastin tarafdorlarining yirik kontingenti.

64 yoshli pensioner Karen Allington muxbir bilan suhbatda o‘zini Donald Trampning dasturi tashvishga solayotganini aytgan, uning fikricha, bu dastur mamlakatdagi siyosiy bo‘linishni kuchaytiradi.

«Biz shu yerda bo‘lishni va qandaydir ijobiy ish qilishni istaymiz, — deydi u. — Delegatlar bizni eshitishiga ishonchimiz komil emas, ammo biz ovozlarimiz eshitilishini xohlaymiz».

Ko‘proq yangiliklar: