Tergovga tortilgan “zamhokim” tadbirkorlarni ta’qib qilmoqda. Unga kuch berayotgan amaldor kim?

O‘zbekiston 21:58 / 16.07.2024 15869

2019 yilda Forish tumani markazida ham noqonuniy “snos”lar bo‘lgan. Keyinroq bu ishlar uchun tuman hokimligi mansabdorlari tergovga tortilgan, lekin yakunda tadbirkorlar ko‘rgan zarar mahalliy budjetdan qoplanib, hokim o‘rinbosari jazosiz qolgan. Endi esa, suvdan quruq chiqqan amaldor unga jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga sabab bo‘lganlarning “burnini yerga ishqab” qo‘yishga bel bog‘lagan ko‘rinadi.

Kun.uz'ning navbatdagi surishtiruvi Jizzax viloyati Forish tumanida yuz berayotgan g‘alati ishlar, aniqrog‘i tuman hokimining qurilish, kommunal, ekologiya va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Farrux Amirov tadbirkorlarni ta’qib qilib, ularning mol-mulkini tortib olishga urinayotgani haqida bo‘ladi.

Nizoning boshlanishi

2019 yilda Forish tumani markazi, aniqrog‘i Bog‘don mahallasi Amir Temur ko‘chasida va “Forish dehqon bozori” hududidagi tadbirkorlarning savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari rekonstruksiya qilinib, qayta qurilishi bahonasi bilan, hech qanday kompensatsiya to‘lovlarisiz va hatto sud qarorisiz qonunga xilof ravishda buzib tashlanadi. Kun.uz o‘sha vaqtda bu ishlardan tadbirkorlar norozi bo‘layotgani haqida material tayyorlagandi.

O‘shanda bino-inshootlari reyderlarcha tortib olinib, buzib tashlangan mulkdorlar soni 20ga yaqin bo‘lgan. Ular qatorida bugungi ko‘rsatuvimiz qahramoni Bolbuvi Cho‘liyevaning ham savdo do‘koni bor edi: bu binolar ham yo‘q qilinib, undan bo‘shagan yerlar boshqa bir tadbirkorga do‘kon qurilishi uchun berib yuboriladi.

O‘sha aprel-may oylarida Amir Temur ko‘chasidagi do‘konimning yerini ham hatto ololmadim. U yerda boshqa tadbirkor juda chiroyli, katta do‘kon qurdi. Biz yerlarimizni ololmay, 5 yildan beri sudma-sud yurdik, prokuraturalarga berdik. Bizda juda ko‘p sarsongarchiliklar bo‘ldi, hozir 6-yil ketyapti.

2022 yildagi sud qarori bilan 2023 yilga kelib yerimni [menga] ajratib berishdi. Boshqa tadbirkor qurgan katta do‘kon sud qarori bilan buzildi. 2024 yilda menga yetkazilgan zararlarni qoplab berishdi”, – deydi u.

G‘ayriqonuniy “snos” natijasida qahramonimiz Bolbuvi Cho‘liyevaga yetkazilgan zarar 489 mln 206 ming so‘mga baholanadi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Do‘stlik tumanlararo sudining 2022 yil 3 iyundagi hal qiluv qarori bilan, Jizzax viloyati Adliya boshqarmasining Cho‘liyeva manfaatida javobgar Forish tuman hokimligiga nisbatan “zarar va boy berilgan foydani undirish haqida”gi da’vo arizasi qanoatlantiriladi. Forish tuman hokimligining budjet mablag‘lari hisobidan Bolbuvi Cho‘liyeva foydasiga 489 mln 206 ming so‘m zarar undiriladi.

Qonunsizlikka ko‘z yumilmadi, ish shundayligicha tashlab qo‘yilmadi. Cho‘liyevaning adolatsizliklarga qarshi ko‘plab shikoyatlari natija berib, 2023 yil 15 sentabrda Forish tuman hokimligi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandi, ya’ni juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat vakolatini suiiste’mol qilish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Keyinroq jinoyat ishi Forish tuman prokuraturasidan Jizzax viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi ish yurituviga o‘tkaziladi.

Tergov natijalariga ko‘ra, Forish tumani hokimining qurilish, kommunal, ekologiya va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Farrux Amirov 2019 yilda tadbirkorlar mulkini buzdirib, qayta qurilishlar davomida mansab vakolatlaridan qasddan foydalangani, Cho‘liyevaga tegishli 2 savdo do‘konini sudning tegishli qarorisiz, kompensatsiya to‘lovlarini to‘lamagan holda noqonuniy buzdirgani hamda xususiy mulkiga tajovuz qilib, mulk huquqidan qonunga xilof ravishda mahrum qilgani tasdiqlanadi.

Shunga muvofiq, unga Jinoyat kodeksining 192-1-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Zarar to‘liq qoplangani uchun Amirovga nisbatan jinoyat ishi 2024 yil 19 iyun kuni Jinoyat protsessual kodeksining 84-moddasi, 5-qismi 1-bandiga asosan tugatiladi.

Ma’lumot uchun, Jinoyat protsessual kodeksining 84-moddasi 5-qismi 1-bandiga asosan, jinoyat ishini tergov qilish paytida, qilmish ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotgan yoxud vaziyat o‘zgarishi oqibatida bu shaxs ijtimoiy jihatdan xavfli bo‘lmay qolgan deb e’tirof etilsa, jinoyat ishi tugatiladi.

O‘ynashmagin arbob bilan…

Cho‘liyevaga nisbatan bo‘layotgan tazyiqlar shu bilan tugamaydi. Tumanning hozirgi hokimi Ikrom Matiyev va o‘sha o‘rinbosari Farrux Amirovlar yerni olishga bo‘lgan harakatlarini davom ettirmoqda. Ularni esa Forish tumanining sobiq hokimi, hozirda Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Abduvali Mustanov qo‘llayotgan bo‘lishi mumkin, chunki u 2019 yildagi buzilishlar boshida turgandi.

2004 yilda sotib olganman. O‘sha yili hozir kadastrda ishlab turgan Maxarev [Forish tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastr xizmati davlat unitor korxonasi xodimi] degan yigit kelib, 2 ta xonani o‘lchab, 49,14 kvadrat deb hisoblab, hujjat qilib bergan. Lekin tuman hokimi Matiyev, uning o‘rinbosari Amirov va viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Mustanovlar hech qayerga qimirlashga qo‘yishmayapti. Tadbirkorni tiklashga yo‘l qo‘ymayapti, bunga sharoit yo‘q.

Do‘konimdagi 22 kvadrat metr joy ortiqcha egallangan degan anglashilmovchilik bor. Shuni ushlab olib, ular menga tazyiq o‘tkazyapti, qurilishlarimga xalal berishyapti. Hozir ma’muriy sudga berib, hujjatimni bekor qildirishyapti. Kitobida nima ayb o‘tgan bo‘lsa, mening aybim emas-ku.

 

2024 yildan hozirga kelib hamma hujjatlarimni to‘g‘riladim, kadastr, arxitekturadan olgan barcha hujjatlarim bor. Do‘konim hozirgi kunda qurib bitkazilgan, faqat ta’mirlash ishlari qolgan. Bizning do‘konlarimizni bosh-qosh bo‘lib buzgan viloyat hokimining o‘rinbosari Mustanov, Forish tumani hokimi o‘rinbosari Amirov, hozirgi hokimimiz Matiyev tish-tirnog‘i bilan men yangi qurdirgan do‘konimni buzdirish arafasida. Shuni ushlab olib ular menga tazyiq o‘tkazyapti, qurilishlarimga halal berishyapti. Hozir ma’muriy sudga berib, hujjatimni bekor qildirishyapti”, – deydi Bolbuvi Cho‘liyeva.

Hokimiyat kadastrni sudga bergan, ammo hujjatlarda muammo yo‘q

Hozirgi kunda Forish tumani hokimligi tuman “Yermulkkadastr” DUKni ma’muriy sudga bergan. Da’voga ko‘ra, mulkka egalik huquqini beruvchi, bundan 12 yil avval qabul qilingan kadastr hujjatlarini haqiqiy emas deb topish so‘ralgan.

Sud esa oradan shuncha vaqt o‘tib ketganiga qaramay, da’voni qanoatlantirgan. Vaholanki, Davlat kadastrlar palatasi Jizzax viloyati boshqarmasining 2024 yil 15 apreldagi xulosasiga ko‘ra, Cho‘liyevaga tegishli 49,14 kvadrat metrli do‘koni 2012 yil 13 avgustda 260-sonli raqam bilan davlat kadastr ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Fuqaroga do‘kondan doimiy foydalanish huquqi Fuqarolik kodeksining 184-moddasiga muvofiq qonuniy hujjatlar asosida vujudga kelgan.

Qolaversa, Jizzax viloyati prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi qarori bilan, Forish tumani “Yermulkkadastr” DUK vakillarining harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘qligi qayd etilgan edi.

Qahramonimiz bo‘layotgan voqeani Jizzax viloyat hokimiga aytish uchun, bir necha marotaba ariza yozib, qabuliga kirmoqchi bo‘lganini aytmoqda. Lekin hokim uni qabul qilmagan.

Hozirgi kunda shu Maxarev ham hech kimga qarab og‘zini ocholmaydi. Hammasi hokimiyatning qo‘lida. Hozir hokimiyat kadastr bo‘limini ma’muriy sudga bergan. Lekin [kadastr] jim, hatto o‘zining yerini ham, bergan hujjatini ham himoya qilolmaydi. Chunki hokimiyatning qo‘lida. Mustanov, Matiyev, Amirov nima desa, o‘sha bo‘lyapti. Tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash yoki o‘sha joyni qayta ko‘rib chiqish, boshqa xulosalar yo‘q. Hammasi faqat tadbirkorni yo‘q qilish, qonini ichish bilan ovora.

6-yil ketyapti, men charchab ketdim. Birorta “mana shu to‘g‘ri” deydigan odam yo‘q. Tadbirkorni, xalqni himoya qila oladigan odam bormi? Vaholanki, mening hujjatlarimning hammasi to‘g‘ri. 20 yillik soliq to‘laganman, 20 yil egalik qilganman shu yerga, 27 yil shu do‘konning o‘zida ishlaganman. Qanday qilib ular mening hujjatlarimni bekor qilib, bir tadbirkorning hamma narsasini yo‘q qilishi mumkin?!” – deydi u.

Ta’qib qilinayotganlar bir nechta

E’tiborlisi, Forishdagi yuqori lavozimli amaldorlarning bu ta’qibidan faqat Cho‘liyeva emas, boshqalar ham aziyat chekmoqda. Ular orasida tadbirkorl Shahodat Qanotova ham bor.

2019 yilda Forish tumani hokimi Mustanov tomonidan 18 nafar tadbirkorning do‘koni buzildi. U yerda mening ham joyim bor edi, tadbirkorlik qilardim. Go‘zallik salonini ishlatardim, 4 nafar qizni ish bilan ta’minlagan edim. Keyin hokimiyat tomonidan kelib “qayta qurish, qayta rekonstruksiya qilasizlar, do‘konlar buziladi” deb, joyni bo‘shatishimizni aytishdi. Keyin qayta qurolmasligimni, yaqindagina ta’mirdan chiqarganimni, do‘kon buzilmasligini aytdim. So‘ng atrofimizdagi joylar ham buzilishni boshladi, yollanma ishchilar keldi, hammaniki buzildi. Keyin o‘rtada o‘zim qolib ketdim, majburlikda xavfsizlik uchun joyni bo‘shatdim. Shu bilan joyim buzilib ketdi.

Hamma tadbirkorlarning yerini qayta o‘lchatib, o‘zlariga qaytarib berishdi. Keyin menikini ham berishlarini so‘rab, kredit olib bo‘lsa ham qayta rekonstruksiya qilishimni aytdim. “Sizning joyingiz arxitektura talablariga to‘g‘ri kelmaydi, joyingiz kichkina” deb, o‘lchab ham bermadi. Shu bilan 2019 yildan beri sarsonman. Do‘konimni qo‘shni tadbirkorga berib yuborishgan. Hozir turmush o‘rtog‘imning nomida kadastr hujjatlarimiz ham bor.

Bormagan joyim qolmadi. Hokimiyatga bordim, qurilish bo‘yicha hokim o‘rinbosari Farrux Amirovga uchrashdi, menga har narsani bahona qilib, joyimni o‘lchab bermadi.

Yonimda ishlagan Abror Narziyev degan tadbirkorga bergach, unga e’tiroz bildirsam, menga joy berishini aytdi. Shu bilan u ham menga joy bermadi. Menga hozirgacha yer, mol-mulk solig‘idan to‘lanishi kerakligi haqida xabar keladi. Shu soliqlarni to‘lab kelyapmiz, lekin mening yerim yo‘q. [Shu ishlardan keyin] viloyat prokuraturasiga hokimimiz Mustanov va uning o‘rinbosari Amirovning ustida jinoyat ishi qo‘zg‘atilishini so‘rab ariza yozdim. Arizamni qabul qilishdi, qonun men tarafda ekanini, hujjatlarim joyidaligini aytishdi. Ishni ko‘rib fchiqishlarini aytishdi. Lekin hozirgacha menga natijasini aytishgani yo‘q”, – deydi Qanotova.

Tadbirkor–mulkdorlarga kim yordam beradi?

Guvohi bo‘lganingizdek, g‘ayriqonuniy “snos”lardan boshlangan g‘alvalar tadbirkorlarning gardaniga yuk bo‘lib tushmoqda. Shu muammolarni yaratgan amaldorlarning biri amalda yuqorilagan bo‘lsa, yana biri hamon o‘sha joyida. Shunday ekan ularning qonunsiz va adolatsiz qarorlariga qulluq qilmay, haqini talab qilgan va bunga erishgan fuqarolar ta’qibga olinishi aniq edi.

Forishlik tadbirkorlar najotni poytaxtdan izlamoqda. Poytaxtda esa qaysi tashkilot yordam qo‘lini cho‘zadi, kim ularni himoya qiladi, hozircha noma’lum.

Dilshoda Shomirzayeva,
Dilshod Abduqodirov,
Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: