TsAHAL Xon-Yunusda HAMAS brigadasi qo‘mondonini yo‘q qildi

Jahon 10:08 / 15.07.2024 2260

Isroil harbiy-havo kuchlarining 13 iyul kuni G‘azo sektori janubiga bergan zarbasi natijasida Xon-Yunusda HAMAS brigadasi qo‘mondoni Rafaa Salama halok bo‘ldi. Bu haqda Isroil mudofaa kuchlari va mamlakat Bosh xavfsizlik xizmati (ShABAK) 14 iyul, yakshanba kuni bergan qo‘shma bayonotida ma’lum qildi

Ta’kidlanishicha, Salama HAMAS guruhi harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam» brigadalari qo‘mondoni Muhammad Deyfning eng yaqin sheriklaridan biri bo‘lgan. Uning yo‘q qilinishi «HAMAS harbiy salohiyatini sezilarli darajada cheklaydi», deb hisoblaydi TsAHAL. 

TsAHAL G‘azo sektori janubiga zarba berdi 

13 iyul kuni Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektori janubidagi hududga zarba berdi. U yerda, TsAHAL ma’lumotlariga ko‘ra, HAMASning yuqori martabali vakillari: Rafaa Salama va Muhammad Deyf tinch aholi orasida yashiringan. 

Isroilning The Times of Israel nashri zarba berilgan hududlar Isroil tomonidan belgilangan G‘azo sektori aholisi uchun gumanitar zonaga kirishini ta’kidladi. Biroq TsAHAL hujum faqat HAMAS obektiga berilganini ta’kidladi. O‘z navbatida, G‘azo sektori Sog‘liqni saqlash vazirligi zarbalar natijasida kamida 92 kishi halok bo‘lgani, yana 300 ga yaqin kishi jarohatlanganini ma’lum qildi. Ular orasida qancha tinch aholi borligi haqida ma’lumot berilmagan. 

Isroilning The Jerusalem Post nashriga ko‘ra, mahalliy xavfsizlik xizmatlari Muhammad Deyf zarba paytida tunnelda emas, yer ustida bo‘lgani uchun «katta ehtimol bilan» o‘ldirilgan, deb hisoblaydi. Shu bilan birga, HAMAS siyosiy byurosi rahbari o‘rinbosari Xalil al-Hayya Qatarning Al Jazeera nashri bilan suhbatda Deyf hujumdan omon qolganini aytdi. Shanba kuni kechqurun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Tel-Avivdagi matbuot anjumanida uning mamlakati Deyfni yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lgan-bo‘lmaganiga hali amin emasligini aytdi. 

Muhammad Deyf kim?

Muhammad Deyf (haqiqiy ismi Muhammad Diab Ibrohim al-Masriy) HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam» brigadalari qo‘mondoni. U 1990-yillarning o‘rtalaridan beri Isroil tomonidan qidiruvda bo‘lgan va kamida yetti marta suiqasddan omon qolgan. 

2023 yilning 7 oktyabr kuni HAMAS jangchilarining Isroilda o‘tkazgan operatsiyasi chog‘ida Deyf 10 daqiqalik murojaatni e’lon qildi, unda u falastinliklar, isroillik arablar va qo‘shni davlatlar aholisini jangchilar harakatlariga qo‘shilishga chaqirdi. «Xalqimizga qarshi davom etayotgan jinoyatlarni inobatga olgan holda, dushman javobgarlikka tortilmasdan turib, bundan buyon zavqlana olmasligini tushunishi uchun bularning barchasiga chek qo‘yishga qaror qildik», dedi u. 

2024 yil 20 may kuni Xalqaro jinoiy sud (XJS) prokurori Karim Xon Muhammad Deyf va boshqa HAMAS yetakchilari, shuningdek, Isroil bosh vaziri va mudofaa vazirini hibsga olish uchun order berishni so‘radi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi. 

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 38 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: