O‘zbekistonda BYD Seagull va E2 elektromobillarini ishlab chiqarish boshlanadi

Fan-texnika 21:07 / 15.07.2024 14450

BYD Uzbekistan Factory xitoylik hamkorlari bilan yangi modellarni ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Bu haqda «O‘zavtosanoat» AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Kompaniya xabarida keltirilishicha, ishlab chiqarish uchun ko‘zda tutilgan yangi modellar orasida BYD Seagull va E2 ham bor. Ularning birinchi namunalari sinov laboratoriyalarida tekshirilmoqda.

«BYD Seagull va E2 modellari uchun sertifikat sinovlarini o‘tkazish maqsadida ushbu avtomobillar UzTest davlat muassasasining Quality and Safety Testing sinov laboratoriyalari kompleksiga topshirildi», deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, Texnik tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda O‘zbekiston bozoriga taklif etiladigan avtomobillar uchun yangi standartlar ishlab chiqilmoqla. Bu standartlar xizmat ko‘rsatish va kafolat shartlari, xalqaro ekologik standartlarga muvofiqlik, xavfsizlik talablariga rioya qilish, shuningdek, yangi energiya manbalaridagi avtomobil akkumulyatorlarini xavfsiz qayta ishlash va utilizatsiyani o‘z ichiga oladi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 27 iyun kunidan Jizzaxdagi zavodda BYD’ning Chazor va Song Plus Champion modellarini ishlab chiqarish boshlangandi. Shundan so‘ng, «O‘zavtosanoat» rahbari Ulug‘bek Ro‘ziqulov xitoylik hamkorlar bilan V, S va budjet segmentidagi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani, ularning birinchi namunalari sinovdan o‘tkazish uchun laboratoriyalarga topshirilganini ma’lum qilgandi.

Avvalroq, BYD Uzbekistan Factory bosh direktori Shafqatbek Alimov O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan BYDʼlar chetdan olib kelinadiganlaridan arzon bo‘lishini aytib o‘tgandi.

Ko‘proq yangiliklar: