Kongress Trampga suiqasd bo‘yicha eshituvlar o‘tkazadi

Jahon 11:16 / 15.07.2024 2234

Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Mayk Jonson 14 iyul, yakshanba kuni uning palatasi AQSh sobiq prezidenti Donald Trampga uyushtirilgan suiqasd holati bo‘yicha to‘liq tekshiruv o‘tkazishini aytdi.

«Vakillar palatasi fojiali voqealar bo‘yicha to‘liq tekshiruv o‘tkazadi. Amerika xalqi haqiqatni bilishga loyiqdir. Biz Maxfiy xizmat direktori Kimberli Chitlni hamda Ichki xavfsizlik departamenti va FTB boshqa tegishli rasmiylarini eshituvlarga taklif qilamiz», deb yozgan u.

Vakillar palatasining Nazorat va javobgarlik bo‘yicha qo‘mitasi 22 iyul kuni suiqasd yuzasidan tergovga oid eshituvlar o‘tkazadi, deb xabar berdi qo‘mita rahbari, respublikachi Jyeyms Komer X ijtimoiy tarmog‘ida. Sobiq va hozirgi Amerika rahbarlarini himoya qilish uchun mas’ul bo‘lgan tashkilot - AQSh Maxfiy xizmati rahbari Kimberli Chitl ham yig‘ilishga taklif qilindi. Reuters ta’kidlaganidek, tergovning diqqat markazida otishma uyushtirgan shaxs qanday qilib o‘q uzgan bino tomiga yashirinib o‘tishga muvaffaq bo‘lganini aniqlash bo‘ladi.

Donald Trampga suiqasd

AQSh sobiq prezidenti, respublikachi Donald Trampga 13 iyul kuni Pensilvaniya shtatining Batler shahrida saylovoldi tashviqoti mitingidagi nutqi vaqtida o‘q uzildi. O‘q siyosatchi qulog‘ining tepa qismiga tegdi. Otishma natijasida 50 yoshli erkak halok bo‘ldi, yana ikki miting ishtirokchisi yaralandi. Ularning ahvoli barqaror, dedi Pensilvaniya shtati politsiyasi. Hujumchi Pensilvaniya shtati Betel-Park shahrida istiqomat qiluvchi 20 yoshli Tomas Metyu Kruks ekanligi aniqlangan, u xavfsizlik kuchlari tomonidan otib o‘ldirilgan.

Bir qator jahon siyosiy yetakchilari Donald Trampga qilingan suiqasdni qoralab, hamdardlik bildirdi.

Ko‘proq yangiliklar: