Dunyoda har kuni biz mo‘jiza deb ataydigan ajabtovur ishlar sodir bo‘lib turadi. Bunday ishlar tarixda ham ko‘p marta yuz bergan.
Ana shunday mo‘jizalardan biri AQShda 1860-yillar boshlarida bo‘lib o‘tgan fuqarolar urushi davrida sodir bo‘lgan. O‘shanda oddiy piyoda askarlardan biri peshonasidan o‘q yeyishiga qaramasdan tirik qoladi.
Ism-sharifi Jyeykob Miller bo‘lgan bu shaxs nafaqat tirik qoladi, balki peshonasiga qadalgan o‘q bilan uzoq umr ko‘radi.
AQShning ikkiga bo‘linishi
Barchasi 1860 yilda AQShda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlaridan boshlanadi. Bu saylovda o‘z oldiga AQShda qulchilikka barham berishni maqsad qilgan Respublikachilar partiyasi vakili Avraam Linkoln g‘alaba qozonadi.
Bu saylovdan avvalroq Linkolnning saylovoldi dasturidan xabar topgan janubiy shtatlar agar saylovda u g‘alaba qozonsa Qo‘shma Shtatlar tarkibidan chiqib ketish bilan tahdid qilishadi.
O‘shanda prezidentlik uchun asosiy nomzodlar avvaliga uch kishi edi. Bular – Respublikachilar partiyasidan Avraam Linkoln, Konstitutsion ittifoq vakili Jon Bell va Demokratik partiyadan Stiven Duglas.
Avraam Linkolnning mamlakatda quldorlikni tugatish haqidagi dasturidan xabar topgan janubiy shtatlar saylovga o‘z nomzodini ko‘rsatadi. U Demokratik partiya vakili Jon Brekinridj edi. Shu tariqa nomzodlar soni to‘rt nafarga yetadi.
Noyabr oyida o‘tkazilgan saylovlarda Linkoln 39,8 foiz, Duglas 29,5 foiz, Brekinridj 18,1 foiz va Bell 12,6 foiz ovoz oladi. Shu tariqa Linkoln g‘olib chiqadi.
Shundan so‘ng janubiy shtatlar Janubiy Karolina, Missisipi, Florida, Alabama, Jorjiya, Luiziana va Texas saylovlarni tan olmasligini ma’lum qiladi. Ko‘p o‘tmay ularning safiga Virjiniya, Shimoliy Karolina, Tennesi, Arkanzas shtatlari qo‘shiladi.
Kentukki va Missuri shtatlari esa ikkiga bo‘linadi. Bu shtatlarning yarmi Linkolnni qo‘llaydi, qolgan qismi saylovni tan olmasligini ma’lum qiladi.
1861 yil fevral oyida janubiy shtatlar AQSh tarkibidan chiqqanini va Amerika Konfederativ Shtatlari nomli yangi davlat tuzishganini e’lon qilishadi.
Yangi davlatga Devis Jyefferson prezident bo‘ladi. U 14-prezident Franklin Pirs davrida 1853-1857 yillar oralig‘ida AQSh mudofaa vaziri bo‘lgandi. Virjiniya shtati ma’muriy markazi Richmond shahri poytaxt sifatida tanlanadi.
1861 yil 4 mart kuni Avraam Linkoln Vashington shahrida qasamyod qabul qiladi. U shu yerda so‘zlagan nutqida yana bir bor mamlakatda qulchilikni tugatish kerakligini aytadi.
Shundan so‘ng mamlakat Kongressiga janubiy shtatlardan saylangan deputatlar parlamentni tark etishadi. Amerika Konfederativ Shtatlari o‘z Kongressi tashkil etilganini e’lon qiladi.
Fuqarolar urushi va Chikamog jangi
O‘sha paytda vaziyat nihoyatda nozik bo‘lib, istalgan paytda shimol va janub o‘rtasida qurolli mojaro boshlanishi mumkin edi. Oxir-oqibat shunday bo‘ladi va 1861 yil 12 aprel kuni urush boshlanadi.
O‘sha paytda 21 yoshda bo‘lgan Jyeykob Miller tez orada shimolliklar armiyasiga qo‘shiladi va Indiana piyoda qo‘shinlar polkida xizmat qila boshlaydi.
1863 yil 19-20 sentabr kunlari Jorjiya shtatidagi Katusa va Uoker okruglari hududida demokratiya tarafdorlari bo‘lgan shimolliklar va quldorlikni yoqlaydigan janubliklar o‘rtasida hal qiluvchi janglardan biri bo‘lib o‘tadi.
Shimolliklar tomonidan qariyb 60 ming, janubliklar tomonidan 70 mingdan oshiq odam ishtirok etgan bu jang tarixda “Chikamog jangi” deb nom olgan.
Bu jangda shimolliklardan 16 mingdan oshiq odam o‘lgan. 10 ming odam yarador bo‘lgan, qariyb 5 ming odam asirga tushgan va bedarak yo‘qolgan.
Janubliklardan esa 18,5 ming odam halok bo‘lgan, qariyb 15 ming kishi yaralangan. 1,5 ming odam asirga tushgan va bedarak yo‘qolgan. (Boshqa manbalarda boshqa ma’lumotlar keltirilgan.)
Chikamog jangida janubliklarning qo‘li ustun keladi va shimolliklar chekinadi. Ana shu jangda Indiana piyoda qo‘shinlar polki tarkibida bo‘lgan va janubliklarga qarshi jang qilgan Jyeykob Miller peshonasidan o‘q yeydi.
O‘q Millerning peshonasini teshib kiradi va miyaga bir necha millimetr yetmasdan bosh suyagiga qadalib qoladi. Askar yiqiladi va hushidan ketadi. Shunda uning yonida jang qilayotgan sheriklari Millerni o‘ldi deb o‘ylashadi.
Askar tirik qolgandi, faqat kuchli og‘riq tufayli ko‘zini ocha olmasdi. Miller hushiga kelganda dushmanlarga asir tushishni xayoliga ham keltirmaydi va boshiga qadalgan o‘q bilan asta-sekinlik bilan harakatlanib jang maydonidan chetga chiqib oladi.
Peshonadagi yara bilan 54 yil
1911 yilda The Joliet Daily News» Millerning xotiralarini nashr etadi. U o‘z xotiralarida o‘q yegani va jang maydonidan chiqib ketganini shunday tasvirlagan:
“O‘zimga kelganimdan so‘ng bir muddat o‘tgach, men front chizig‘idan Konfederatsiya qo‘shinlarining orqa tomonida qolib ketganimni angladim. Qo‘lga tushmaslik uchun oldingi front chizig‘ini chetlab o‘tib, o‘zimiznikilar tomonga qaytishga qaror qildim. Men to‘pponcha stvolini aso sifatida ishlatib, o‘rnimdan turdim. So‘ng jang maydonidan bir oz uzoqroqqa sudralib ketdim va keyin front chizig‘iga parallel ravishda harakatlana boshladim. O‘shanda boshim, yuzim va kiyimlarim shu qadar qonga botgan edimki, yo‘limda uchragan janublikliklar mening yanki (janubliklar shimolliklarni shunday deb atashgan) ekanligimni sezishmadi. Hatto o‘zimiznikilarning oldiga yetib borganimda komandirimiz bo‘lgan mayor ham meni tanimadi”.
Ko‘p o‘tmay uni shimolliklar sanitarlari payqab qolishadi va hospitalga olib borishadi. Vrachlar Millerning jarohatini ko‘zdan kechirishadi va askarni operatsiya qilishga hojat yo‘qligini, u tez orada vafot etishini aytishadi.
Ertasi kuni qo‘shin chekinayotganda hospital ham yig‘ishtiriladi va yaradorlarni Tennesi shtatidagi Chattanuga shaharchasiga ko‘chira boshlashadi. Vrachlar maslahatlashib Millerni qoldirib ketishga qaror qilishadi va unga “baribir vafot etasan, dushmanga asir tushib qo‘ya qol” deb maslahat berishadi.
Shu joyda Miller hech qachon dushmanga asir tushmasligini ta’kidlaydi va bir oyog‘iga tayanib, yarador holida Chattanugaga qarab jo‘naydi.
Bir muddat yo‘l bosganidan so‘ng uning kuchi tugaydi va yo‘l chetiga yiqilib yotib qoladi. Shunda uni oxirgi sanitar furgonida ketayotganlar ko‘rib qolishadi va Millerni o‘zlari bilan olib ketishadi.
Yaradorlarni Chattanugadan Neshvil shahridagi shifoxonaga jo‘natishadi. Bu yerdagi vrach Millerga birinchi yordam ko‘rsatadi – peshonasidagi o‘q kirib ketgan yarani bog‘lab qo‘yadi.
Millerni bir necha oy davomida bir nechta shifoxonaga yuborishadi. Biroq ularning barchasida uning boshiga kirib ketgan o‘qni chiqarib bo‘lmasligini aytishadi.
U uyga qaytgach bir muddat qattiq bosh og‘rig‘idan aziyat chekib yuradi va boshidan o‘qni olib tashlay oladigan shifokor qidiradi. U malakali shifokorni topadi. Biroq o‘tkazilgan operatsiyada shifokor o‘qning bir qismini chiqarib oladi xolos. Qolgani Millerning peshonasida qolib ketadi.
Keyinchalik u bosh og‘rig‘idan qutuladi. Urush tugab Amerika yana yaxlit davlatga aylangach hukumat urush qatnashchisi va nogironi sifatida Millerga oyiga 40 dollar nafaqa tayinlaydi.
Miller peshonasidan o‘q yeganidan keyin ham 54 yil yashaydi va 1917 yilda Indiana shtatida joylashgan uyida 77 yoshida vafot etadi. Miller keyinchalik ko‘plab gazetalarga intervyu beradi va jarohati tarixini hikoya qiladi. Shu sababli u Amerikada juda mashhur bo‘lib ketadi.
Keksayib qolganida undan yarim asr oldingi hodisalarni qanday eslay olishi haqida so‘rashganda Miller shunday deb javob bergan:
“Ba’zilar jarohatlanganim va jang maydonidan qochib chiqqanimni qanday eslay olishimni va qanday batafsil tasvirlay olishimni so‘rashadi. Ularga javobim shuki, menga hayotimning o‘sha qismini har kun eslatib turadigan peshonamdagi yara va bosh og‘riq bor. O‘sha jang manzaralari miyamga po‘latga o‘yib yozilganday saqlanib qolgan”.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.