Pensilvaniyadagi miting chog‘ida Trampni otishdi. Ilk reaksiyalar

Jahon 10:16 / 14.07.2024 25358

AQShning sobiq prezidenti, respublikachilar partiyasining navbatdagi saylovlar uchun nomzodi Donald Tramp suiqasdga uchradi.

U Pensilvaniyaning Batler shahridagi tarafdorlari ishtirokidagi mitingda migrantlar mavzusida nutq so‘zlayotganida o‘t ochilgan. U darhol chiqishini to‘xtatib, tribuna ortiga yashiringan va ko‘p o‘tmay qo‘riqchilar qurshovida sahnani tark etgan. Ketayotganida siyosatchi qo‘llarini musht qilib ko‘targan holatda tushgan surat ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalmoqda.

Videokadrlarda Trampning o‘ng qulog‘i qonga belanganini ko‘rish mumkin.

Bu hodisa respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodning Pensilvaniya shtati, Batler shahrida o‘z tarafdorlari qarshisida chiqishi chog‘ida ro‘y berdi - bu shtat noyabr oyidagi saylovlardagi eng muhim ikkilanuvchi shtat hisoblanadi.

Trampning ortida tarafdorlari plakatlar ko‘targan holda turishgandi. Otishma boshlanganida ular ham jonini saqlashga urinib, yashirinishgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mergan o‘ldirilgan, uning shaxsi noma’lum, mitingga kelganlardan bir kishi halok bo‘lib, ikki kishi og‘ir tan jarohatlari olishgan.

Har ikki partiya vakillari hamda jahondagi siyosatchilar Trampni qo‘llab-quvvatlovchi va siyosiy zo‘ravonlikni qoralovchi bayonotlar berishmoqda:

Jo Bayden

AQSh prezidenti

Menga Pensilvaniyada Donald Trampni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilgan mitingda otishma ro‘y berganini xabar qilishdi. Men u xavfsizlikda ekani va o‘zini yaxshi his qilayotganini eshitishdan mamnunman. Men u va uning oilasi, shuningdek mitingda bo‘lganlar uchun duodamiz, bu borada qo‘shimcha ma’lumot kutyapmiz. Jill va men Maxfiy xizmatdan uni [Trampni] xavfsiz joyga olib o‘tishganidan minnatdormiz. Amerikada bunday zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q. Biz buni qoralash uchun bir millat sifatida birlashishimiz lozim.

Binyamin Netanyahu

Isroil bosh vaziri

[Rafiqam] Sara va men prezident Trampga ochiqchasiga hujumdan karaxt holatga tushdik. Biz uning xavfsizligi va tez orada sog‘ayishi uchun ibodat qilamiz.

Viktor Orban

Vengriya bosh vaziri

Bu zulmatli kunlarda mening o‘y-xayollarim va duolarim prezident Tramp bilan.

Barak Obama

AQShning sobiq prezidenti

Bizning demokratiyamizda siyosiy zo‘ravonlikka mutlaqo o‘rin yo‘q. Hali nima bo‘lmaganini aniq bilmasak-da, biz barchamiz sobiq prezident Tramp jiddiy jarohatlanmaganidan yengil tortishimiz mumkin. Bu fursatda o‘zimizning tamaddunga va siyosatga hurmatda sobitqadam ekanimizni navbatdagi marta ko‘rsatishimiz kerak. Mishel va men unga tez orada sog‘ayib ketishini tilayman.

Nensi Pelosi

Vakillar palatasining sobiq spikeri

Oilasi siyosiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan odam sifatida men jamiyatimizda siyosiy zo‘ravonlikning har qanday turiga o‘rin yo‘qligini bilaman. Men sobiq prezident Tramp xavfsizlikda ekanidan Xudoga shukr aytaman. Hali bu qo‘rqinchli hodisa tafsilotlarini bilmaymiz, keling sobiq prezidentning bugungi mitingida bo‘lganlarning barchasi omon bo‘lishi uchun duo qilamiz.

Jorj Bush

AQShning sobiq prezidenti

Biz Lora bilan prezident Tramp o‘z hayotiga qilingan qo‘rqoqlarcha suiqasddan keyin xavfsizlikda ekanidan shukrona aytamiz. Va biz tezkor harakatlari uchun Maxfiy xizmatdagi yigitlar va ayollardan minnatdormiz.

Jorjia Meloni

Italiya bosh vaziri

Men unga [Trampga] hamdardlik bildiraman va tez orada sog‘ayishini tilayman, umid qilamanki, saylovoldi kampaniyasining keyingi oylarida muloqot va mas’uliyat nafrat va zo‘ravonlikdan ustun keladi.

Kamala Harris

AQSh vitse-prezidenti

Biz Dag bilan u jiddiy jarohat olmaganidan xursandmiz. Biz u, uning oilasi va bu ma’nosiz otishmadan jabrlanganlarning barchasi uchun duodamiz. Biz xodimlari tezkor reaksiya ko‘rsatgani uchun AQSh Maxfiy xizmatiga hamda zudlik bilan chora ko‘rganlari uchun mahalliy rasmiylarga minnatdorchilik bildiramiz. Mamlakatimizda bunday zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q. Biz barchamiz bu jirkanch harakatni qoralashimiz va u navbatdagi zo‘ravonlik holatlariga olib kelmasligi uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz lozim.

Bill Klinton

AQShning sobiq prezidenti

Amerikada, ayniqsa siyosiy jarayonlarda zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q. Biz Hillari bilan prezident Tramp xavfsizlikda ekanidan xotirjam bo‘ldik, Pensilvaniyadagi bugungi mitingda uyushtirilgan hujumdan jabrlanganlarga hamdardlik bildiramiz va AQSh Maxfiy xizmatining operativ harakatlaridan minnatdormiz.

Kir Starmer

Buyuk Britaniya bosh vaziri

Men prezident Tramp mitingidagi shokka soluvchi manzaradan dahshatga tushdim va biz unga va uning oilasiga eng yaxshi tilaklarimizni bildiramiz. Bizning jamiyatimizda har qanday shakldagi siyosiy zo‘ravonlikka joy yo‘q, mening o‘y-xayollarim ushbu hujum jabrlanuvchilari bilan.

Entoni Blinken

AQSh Davlat kotibi

Men sobiq prezident Trampning mitingidagi otishmadan hayrat va qayg‘udaman, u xavfsizlikda ekaniga shukrona keltiraman. Bayden aytganidek, Amerikada siyosiy zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q va biz barchamiz buni qoralashimiz darkor.

Ilon Mask

SpaceX asoschisi

Men prezident Trampni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman va uning tez orada sog‘ayib ketishiga umid qilaman.

Lloyd Ostin

Pentagon rahbari

Butun mudofaa vazirligi demokratiyamizda o‘rin yo‘q bo‘lgan mazkur zo‘ravonlikni qoralaydi. Biz Amerikadagi kelishmovchilikni bunday hal qilolmaymiz va hech qachon bunday bo‘lmasligi kerak. Men sobiq prezident Tramp xavfsizlikda ekanidan xabar topib, yengil tortdim va u, uning oilasi hamda bu dahshatli voqeada jabrlanganlarning barchasi uchun duodaman.

Ursula fon der Lyayyen

Yevrokomissiya raisi

«Janob Trampni saylovoldi mitingda otishganini ko‘rib hayratga tushdim. Unga salomatlik tilayman. Demokratiyada siyosiy zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q».

Entoni Albaneze

Avstraliya bosh vaziri

«Prezident Tramp xavfsizlikda ekani haqida xabarni eshitib, yengil tortdim».

Volodimir Zelenskiy

Ukraina prezidenti

«Bunday zo‘ravonlikka dunyoning hech qaysi qismida o‘rin yo‘q. Zo‘ravonlik hech qachon hukmronlik qilmasligi kerak».

Kreml ham kun yarmida Donald Trampga suiqasdga munosabat bildirib, unda Bayden ma’muriyati yuzaga keltirgan siyosiy muhitni aybladi.

«Biz bu ishni amaldagi hukumat tomonidan amalga oshirildi deb o‘ylamaymiz. Ammo hozirgi ma’muriyat yuzaga keltirgan siyosiy atmosfera, nomzod Tramp atrofidagi atmosfera Amerika to‘qnash kelgan mana shu voqeaga sabab bo‘ldi», dedi Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Kreml rasmiy vakili Rossiya voqea oqibatida yaralanganlarga tezroq tuzalishni tilashi, vafot etganlar yaqinlariga hamdard ekanini aytdi. Peskovning qo‘shimcha qilishicha, Putin suiqasddan keyin Trampga qo‘ng‘iroq qilmoqchi emas.

Butun dunyoda siyosatchilarga suiqasdlar soni ortib bormoqda

Ekspertlar so‘nggi vaqtlarda butun dunyo bo‘ylab siyosiy suiqasdlarga urinishlar va o‘lim bilan tahdid solish holatlari ortganini qayd etishadi.

O‘tgan yili Ekvador prezidentligiga nomzod Fernando Vilyavisensio Kitoda o‘ldirilgandi.

Argentina vitse-prezidenti Kristina Fernandes de Kirshner ham suiqasdga uchragan — ammo u bilan bog‘liq holatda yollanma qotilning to‘pponchasi otilmay qolgandi.

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe qo‘lbola qurol orqali otib o‘ldirilgan.

Joriy yil boshida esa Janubi Koreyadagi muxolifat yetakchisi Li Je Men bo‘ynidan yaralangan, bahorda esa Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso suiqasdni boshdan kechirgandi.

AQShda so‘nggi vaqtlarda bu kabi holatlar kuzatilmagandi, ammo amerikalik yuqori martabali mulozimlarga tahdidlar soni ortib bormoqda.

New York Times nashri xabariga ko‘ra, o‘tgan yili politsiyachilar Kongress a’zolari manziliga kelib tushgan sakkiz mingdan ortiq tahdidlarni tekshirgan, bunday tahdidlar federal sudyalarga nisbatan ham bildirilgan.

O‘tgan yil oktyabrida amerikaliklarning to‘rtdan bir qismi «vatanparvarlar mamlakatni qutqarish uchun zo‘ravonlikka qo‘l urishiga ham to‘g‘ri keladi» deb hisoblashi ma’lum bo‘lgandi (bu shunday so‘rovlar o‘tkazilgan so‘nggi uch yil davomidagi eng yuqori ko‘rsatkich edi).

Ko‘proq yangiliklar: