FQB Trampni otganning shaxsini ochiqladi

Jahon 11:55 / 14.07.2024 37601

AQSh sobiq prezidenti Donald Trampga suiqasd uyushtirishda gumonlanganning shaxsi ma’lum bo‘ldi — bu Pensilvaniya shtati, Betel-Park shaharchasidan bo‘lgan 20 yoshli Tomas Mettyu Kruksdir, deb xabar bermoqda The Washington Post Federal qidiruv byuroga asoslanib.

Betel-Park suiqasd ro‘y bergan Batlerdan 70 km masofada joylashgan.

Kruks 13 iyul kuni Pensilvaniyaning Batler shahrida Tramp tarafdorlari ishtirokidagi miting chog‘ida o‘t ochgan. Kruks miting joyidan taxminan 100-120 metr masofadagi qo‘shni bino tomidan turib, AR-15 rusumli yarimavtomat miltiqdan o‘t ochgan.

Otishma chog‘ida mitingga kelganlardan biri halok bo‘lib, yana ikki nafari yaralangan va og‘ir ahvolda qolmoqda. O‘qlardan biri Donald Trampning ham o‘ng qulog‘i yuqori qismini yalab o‘tgan. Bosh qismi qonga belangan holda ko‘rinish bergan sobiq prezident darhol shifoxonaga olib ketilgan. Trampning saylovoldi kampaniyasi vakillari hozirga kelib u bilan «barchasi joyida» ekanini ma’lum qilgan.

AQSh sobiq prezidentiga suiqasd uyushtirishda gumonlanuvchi Maxfiy xizmat xodimlari tomonidan otib o‘ldirilgan. FQB ma’lumotiga ko‘ra, u muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilmagandi. Uning motivlari o‘rganilmoqda.

Bu vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda Kruks «respublikachilar va Trampdan nafratlanishi»ni aytgan video tarqalmoqda. U respublikachilar «noto‘g‘ri odamni tanlagani»ni qo‘shimcha qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: