Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi respublikada Xitoy harbiy bazasi borligi haqidagi xabarlarni rad etdi.
«Xitoyning Tojikiston hududida harbiy bazasi yo‘q, bu masala ikki tomonlama munosabatlarning kun tartibida emas», deyiladi Tojikiston TIV saytida e’lon qilingan bayonotda.
Ta’kidlanishicha, Dushanbe va Pekin ikki tomonlama asosda ham, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ham tahdidlarga qarshi kurashishda faol hamkorlik qilmoqda.
«Shu nuqtai nazardan, Tojikiston Xitoy bilan tajriba almashish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda tahdidlarni o‘z vaqtida aniqlash va boshqarish bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirishni maqsad qilgan», — deya qo‘shimcha qilinadi bayonotda.
Avvalroq, Britaniyaning The Telegraph nashri Xitoy Tojikistonda qariyb o‘n yildan beri yashirin tarzda harbiy baza qurayotgani haqida xabar tarqatgandi.