Shimoliy Atlantika alyansi a’zolari Vashingtondagi sammitda tashkilotning 75 yilligini nishonladi. Xo‘sh, dunyodagi eng qudratli harbiy ittifoqning 75 yillik tarixi qanaqa kechdi, buguni qanday, kelajak maqsadlari nima? NATO va O‘zbekistonning milliy manfaatlari o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?
“Geosiyosat”ning navbatdagi soni ham siyosatshunoslar bahsiga aylanib ketdi.
— Avvalo alyans nima uchun tuzilgani, uning muhim yutuqlari va xatolariga to‘xtalsak.
Kamoliddin Rabbimov: — Ikkinchi jahon urushi davrida AQSh va SSSR birgalikda fashizmga qarshi kurashdi. Lekin 1949 yilda yangi sovuq urushni his qilgan AQSh va uning ittifoqchilari kollektiv mudofaa tashkilotini tuzadi, ya’ni NATOni. NATO – harbiy blok, uning qoidasiga ko‘ra, tarkibdagi birorta davlatga hujum bo‘lsa, qolgan barcha davlatlar birgalikda urushga kiradi. NATO 1989 yilga kelib sovet ittifoqini mag‘lub qilishga muvaffaq bo‘ldi. NATOning qadriyatlari birinchi navbatda siyosiy, unga a’zo bo‘ladigan davlat demokratik bo‘lishi, boshqa davlatlar bilan ziddiyati minimal bo‘lishi kerak. Yangi a’zo qabul qilishda barcha davlatlar rozi bo‘lishi lozim, veto ko‘ygan davlat esa nega veto qo‘yganini tushuntirishga majbur emas.
Sovet ittifoqi qulagach, NATO o‘zi uchun yangi mazmun izladi, ya’ni ittifoq yo‘q, yangi tahdid ham ko‘rinmayapti, nima bilan kurashamiz endi, tashkilot umri tugadimi, degan masala qo‘yildi. Ma’lum vaqt NATOning e’tibori ekstremizm va terrorizmda bo‘ldi. NATO tarixida o‘sha barcha davlatlar birgalikda urushga kirishi moddasi bir marta ishlatilgan 2001 yil 11 sentabrdan keyin, ya’ni AQShni himoya qilish uchun Afg‘onistonga kirgan NATO kuchlari.
Keyingi 20 yilda NATO tafakkuri yana klassik davrga qaytyapti. NATOga tahdid bor degan tafakkur Qrim anneksiyasidan oldinroq shakllangan edi, 2007 yilda Putinning Myunhenda chiqishi G‘arbga ishonchsizligining eng yuqori nuqtasi bo‘lgandi. Umuman, NATO davlatlari qachondir Rossiya va Xitoy bilan global to‘qnashuv bo‘ladi, degan tafakkurda bo‘lgan. 90 yillardayoq ba’zi AQSh senatorlari NATO faqatgina transatlantik tashkilot emas, balki global tashkilot bo‘lishi kerak, degan fikrni ilgari surib, unga Yaponiyani, Avstraliyani, Yangi Zelandiya va Janubiy Koreyani a’zo qilish kerak, Markaziy Osiyoda ham ba’zi davlatlar a’zo bo‘lishi kerak, degan fikrlarni aytgan. 75 yillik sammitda Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya va Yangi Zelandiya rahbarlari asosiy mehmon sifatida ishtirok etdi.
Shuhrat Rasul: — Sammitning kun tartibidagi asosiy masala Ukraina bo‘ldi, keyingi masala esa NATOni konsolidatsiya qilish bo‘ldi. NATOning har bir a’zosi o‘z YaIMdan 2 foizini mudofaaga ajratishiga kelishildi. Ukraina urushidan oldin 9 ta davlat shu darajaga erishgan, hozir 23 ta davlat 2 foizdan ajratyapti. Polsha 4 foiz, Boltiqbo‘yi davlatlari 3 foiz, Ruminiya ham 3 foizga yaqin ajratyapti. 9 ta davlat esa 2 foizga yetgani yo‘q. O‘zi bu masala Tramp tomonidan ilgari surilgan edi, Yevropa davlatlari esa e’tibor qilmayotgandi.
Fransiya va Germaniya liderlari Yevropaning xavfsizlik masalalari bo‘yicha sub’yektligini oshiryapti. Makron Ukrainani Yevropaning eshigi deb atab, Yevropa xavfsizligining muhim nuqtasi deb atadi. Shols esa Yevropa uchun yangi davr boshlanganini aytdi. Sammitda emotsional holatlar ham bo‘ldi Rossiyaning Kiyevdagi bolalar shifoxonasiga bergan zarbasi sabab.
— NATOning harbiy amaliyotlariga ham to‘xtalsak.
Abduvali Soyibnazarov: — NATO kommunizm tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tuzilgan va bu maqsadga 1991 yilda erishildi. O‘zi kommunizm tarqalishi 60-yillardan keyin to‘xtagan, keyingi maqsad Sovet ittifoqini parchalash bo‘lgan. Yuqorida aytilgandek, Sovet ittifoqi qulagach, asosiy dushman yo‘qoldi, endi nima qilamiz, degan masala o‘rtaga tashlanadi va terrorizm, ekstremizm, fundamentalizmga qarshi kurashamiz, degan narsa paydo bo‘ldi.
Sovet ittifoqi tarqalgach, NATO dunyoda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydi. Masalan, Bosniyada 7 mingdan ortiq musulmonlar qirilgan, shunda NATO bu qirg‘inning oldini olishi mumkin edi, chunki Bosniyada tinchlikparvar kuchlari bor edi. 2001 yildagi Afg‘onistonda boshlangan harbiy harakatlar ham xato bo‘ldi. Buni AQSh tomonidan uyushtirilgan deyish mumkin NATOdagi birlikni saqlash, Markaziy Osiyoda o‘rnashish uchun. Iroq, Liviyadagi harakatlar, Isroil-Falastin mojarosida ham NATO qurollari ishlatilyapti, begunoh odamlar o‘limiga a’zo davlatlar katta hissa qo‘shyapti.
Ukraina urushiga kelsak. Rossiya Ukrainani dengiz chiquvchi davlat sifatida yo‘qotmoqchi. Ukrainani parchalab janubi-sharqda o‘ziga qo‘shib oladigan yoki unga moyil bo‘lgan davlat yaratmoqchi. NATO esa Rossiya hududida 10-15 ta davlat tashkil etmoqchi. O‘zi urushga qo‘shilmay, Ukraina orqali Rossiyani uzoq muddatli urushga jalb etib, uni holsizlantirish, lekin Rossiya ham bunday uzoq muddatli urushga tayyor ekanini ko‘rsatdi.
Sammitda Ukrainani qo‘llash uchun 2025 yilda 40 mlrd yevro ajratilishi qaror qilindi, bu keyingi yil ham urush davom etishini ko‘rsatadi. NATO xohlaganda urushning oldini olgan bo‘lardi. 2021 yil oxirida Putin NATO davlatlariga o‘z talablarini aytdi, bulardan biri Ukrainaga NATO qo‘shinlarini joylashtirmaslik, NATOga qo‘shmaslik va Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlarida raketa hujumlaridan mudofaa tizimlarini joylashtirib Rossiyani o‘rab olmaslik edi. Ammo bu rad etildi. Bu urushda Ukraina mag‘lubiyati NATO davlatlari parchalanishiga, Rossiya mag‘lubiyati esa uning bir nechta davlatga bo‘linib ketishiga yo‘l ochishi mumkin.
Xayrulla Umarov: — Har qanday tashkilotning vazifasi birorta lider davlatning o‘z pozitsiyasini xalqaro maydonda ifoda etish, kichkina davlatlar esa xavfsizlik maqsadida shu tashkilotda birlashadi. Shimoliy Atlantik deb nom qo‘yilgan NATOga, bu sof AQSh geosiyosiy maktabi hosilasi, deyish mumkin.
NATOning birinchi bosh kotibi tashkilot maqsadi tashqarida Sovet ittifoqini, ichkarida Germaniyani bostirib turishimiz kerak, degan. Alber Mihen ham AQShning asosiy vazifasi Germaniya va Yaponiyani bostirib turish, degan. Germaniyada 52 ming kishilik, Yaponiyada 53 ming kishilik harbiy bazasi bor.
NATO to‘lov badali 18 foizga o‘sgan va 1 trln 260 mlrd dollarni tashkil etgan. A’zo davlatlarning uchdan ikki qismi qurol-yarog‘ni AQShdan sotib olishi kerak. AQShni harbiy sanoat lobbisi boshqaradi, ular urushdan manfaatdor. Yugoslaviyaga 542 mlrd dollarlik bomba tashlangan, buning uchun esa qancha zavodlar ishlashi, qancha odam daromad topishi kerak. Bosniyadagi musulmonlar qirg‘inida ham qirg‘in tugagach, kirib borishgan NATO qo‘shinlari.
Shuhrat Rasul: — NATO himoya instituti sifatida tuzilgan. Uning doktrinalari ham SSSR hujum qilishi ehtimoli bilan tuzilgan. Bular 20-asr uchun mo‘ljallangan nazariyalar bo‘lgan. Yevropa davlatlari o‘z xavfsizligini AQShga yuklab qo‘ygan deb ko‘rilar edi, sovuq urush yakuni bo‘yicha xulosalansa. Ukraina urushidan keyin esa vaziyat mutlaqo o‘zgardi, Putinning orzusi Yevropa davlatlarining sub’yektligini oshirish edi. Bugun Putin maqsadiga erishdi, Yevropa davlatlari sub’yektligini oshirdi, 2 foiz YaIMni mudofaaga sarflayapti. Natijada YeI davlatlari harbiy qudrati AQSh bilan tenglashishi yoki oshib ketishi mumkin, chunki iqtisodiy potensial ham AQSh bilan teng. Yevropada 17 ta davlatning rivojlangan harbiy sanoat kompleksi bor. Yevropaning kuchayishi Rossiya foydasiga bo‘lmaydi.
Rossiya o‘zining oldiga qo‘ygan strategik maqsadlariga erisholmadi. 2021 yil oxiridagi Putinning ultimatumi teskari effekt berdi. Shvetsiya va Finlandiya NATOga qo‘shildi, NATO chegaralari uzaydi, Germaniyaga qurollar qaytarib olib kelinyapti AQShdan.
Xayrulla Umarov: — Bugungi kunda AQShning 900 dan ortiq harbiy bazalari bor xorijiy davlatlarda. Hozirgi vaziyatda Yevropa xavfsizlik tashkiloti jim turibdi, NATO ish ko‘ryapti. Bu degani anglosaksonlar atlantizm maktabi ish ko‘ryapti yevrosentirizmni tiygan holda.
Shvetsiya va Finlandiya NATOga qo‘shilishida 6 oy oldin targ‘ibot, tushuntirish ishlari olib bormasdan turib referendum o‘tkazildi.
Kamoliddin Rabbimov: — Shvetsiya va Finlandiyada jamoatchilik fikri juda yaxshi shakllangan, OAV erkin, siyosiy plyuralizm kuchli, hokimiyat tez almashib turadi, avtoritarizm yo‘q, ijtimoiy munosabatlar erkinlikka asoslangan. Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, bu jamiyatlarda ijtimoiy tafakkur kordinal o‘zgardi. Ya’ni Rossiya agressiya to‘g‘risidagi tafakkur o‘zgardi. Shvetsiya va Finlandiyada jamiyatda Rossiya tahdidi bor deydiganlar 30-40 foizdan oshmasdi, urush boshlangach, 70-80 foizga ko‘tarildi.
1999 yilda 50/50 sammiti bo‘lgan edi. Agar shu sammitga qarasak, AQSh prezidenti Klinton oldida aynan Islom Karimovni ko‘rishimiz mumkin. Biz u vaqtda NATO bilan yuqori darajada hamkorlik qilayotgan edik. Biz NATOga 2 xil qarashimiz mumkin. NATO Rossiya va Xitoyni tiyib turadigan bo‘lsa, biz uchun bu tashkilot tahdid emas. Turkiya matbuotiga qarasak, NATO sammiti qattiq tanqid qilindi, ya’ni Yaqin Sharqdagi vaziyat nuqtai nazaridan. Turkiya matbuoti ikki strandartlilik mavjud deyapti. Ispaniya bosh vaziri ham biz nega Ukrainaga kuchli achinish bilan qaraymizu, Falastinga kelganda bunday qilmaymiz, u yerda katta genotsid bo‘lyapti, dedi. Biz ham Falastin nuqtai nazaridan NATOni tanqid qilishimiz mumkin. Lekin Markaziy Osiyoning strategik, tarixiy manfaatlari tomonidan NATO bizga dushman emas, dushman bo‘lmagan ham.
Shuhrat Rasul: — Birinchi prezidentimiz NATO haqida katta intervyu bergan edi va uning maqsad-vazifalarini yaxshi tushuntirib bergan. NATO himoya tashkiloti, agressiv, kommunistik g‘oyalardan o‘zini himoya qiladi, bugungi kunda dunyodagi strategik balansni ushlab turuvchi real kuch, degandi.
Xayrulla Umarov: — NATOdan Markaziy Osiyoga xavf yo‘q. Lekin Margarit Tetcherning kundaligini o‘qisak, unda NATOning 2 ta dushmani bor: sovet ittifoqi va islom dini, deyilgan. O‘zbekiston demokratik davlat, lekin biz islom dinining ikkinchi markazimiz, ya’ni islom dini ilmi bizda rivojlangan. 1991 yildan beri 23 ta harbiy operatsiya o‘tkazgan NATO, ularning aksariyati musulmon davlatlarida bo‘lgan.
— Unda Turkiyaning a’zoligini qanday izohlaysiz?
Xayrulla Umarov: — Turkiyaning a’zo bo‘lishi sovet ittifoqining aybi bilan bo‘lgan. 1952 yilda sovet ittifoqi Turkiyaga nota yo‘llab, Bosfor va Dardanell bo‘g‘ozini berishni talab qiladi. O‘sha paytda Turkiya NATOga yuzlanadi. O‘zi NATO – xristian davlatlar ittifoqi.
Shuhrat Rasul: — NATOning ustavida xristian davlatlar ittifoqi degan narsa yo‘q.
Xayrulla Umarov: — Bosh shtab boshlig‘i doim AQSh generali bo‘lgan, bosh kotiblar boshqa davlatlardan bo‘lsa ham. Bu degani AQSh manfaatlariga xizmat qiladi.
Kamoliddin Rabbimov: — NATO Afg‘onistonga kirayotganda O‘zbekiston qo‘llab-quvvatladi, Xonobod bazasi ham berildi. Iroqqa kirishida ham Islom Karimov intervyu berib, ma’naviy qo‘llagan edi. O‘zbekiston pozitsiyasi NATO manfaatlari bilan bir xil kelgan shu masalalarda.
Xayrulla Umarov: — O‘sha paytlarda Rossiyaning O‘zbekistonda siyosiy va harbiy bosimi bo‘lgan. Karimov kuchlar muvozanatini ushlashni bilgan, o‘sha vaqtda Rossiyaga qarshi turish uchun NATOni qo‘llagan. Rossiya bosimini kesish kerak edi.
Hozir Rossiya bilan vaziyat yumshagan. AQSh Xonobod bazasiga o‘rnashgach, 1000 km radiusdagi havo hududini nazorat qila boshlagan, bu Rossiya, Xitoy hududlariga ham to‘g‘ri keladi. Shuning uchun O‘zbekiston olib chiqib ketishni talab qildi.
— Sammitda aytilgan bayonotlar oddiy ritorikalarmi yoki real qadamlar bormi?
Abduvali Soyibnazarov: — NATO davlatlari tashkilot fondiga YaIM 2 foiz ajratishini Tramp talab qilgandi bir vaqtlar. Hozir bu talab amalga oshdi.
Bundan tashqari, Xitoyga nisbatan ham ritorikalar bor. BMT Xavfsizlik kengashi doimiy a’zosi sifatida xavfsizlikka putur yetkazyapti, Rossiyani qo‘llayapti, deyildi. Eron, Shimoliy Koreya ham shu qatorda tilga olingan. Ukrainaning yaqin muddatda NATOga kirishini qo‘llash ham aytildi. Yaqin 5-10 yil ichida qabul qilmasliklari mumkin. Chunki doim Fransiya, Germaniya kabi davlatlar Rossiya omili sabab buni istashmagan.
Shuhrat Rasul: — Deklaratsiyalar katta ehtimol bilan amalga oshadi. Katta maqsadlar qo‘yilyapti. 2000 yillar boshida global qarama-qarshilik yo‘q edi, Putin hali Myunxendagi nutqini so‘zlamagan, o‘z ambitsiyalarini aytmagandi. NATO 25 yil davomida byurokratik, harbiy potensiali so‘ngan tashkilotga aylanib qolgandi. Ukraina urushi sabab endi tashkilot qayta uyg‘ondi. Rossiya bilan chegaralarda jami 50 ta harbiy brigadalar shakllantirish ko‘zda tutilyapti, har birida 7 ming kishi bo‘ladi, bu degani 350 ming qo‘shin bo‘ladi, yarimoy shaklida Rossiya o‘rab olinadi. Real holat shunday, hech qanday g‘oyalar, nazariyalar ahamiyatsiz bu yerda. Bitta odamning ambitsiyasi, Ukrainani qo‘shib olamiz, degani sabab shunday bo‘ldi. NATO Rossiyadan iqtisodiy tomondan 25 barobar kuchli. 2025 yil oxirida YeIda 155 kalibrli o‘q dorilar 2 mln 900 ming dona ishlab chiqarilishi belgilandi va bu mashina ishga tushdi, pullar ajratildi. Endi bunday tendensiya davom etib, qudrati oshib boraveradi NATOning.
Kamoliddin Rabbimov: — Xayrulla Umarov 90-yillar o‘rtasida Rossiya ittifoq bo‘linish shartnomasini bekor qilganini aytdi. Bu yerda kontekstni to‘g‘ri aniqlash kerak. U vaqtda Rossiya Dumasida asosiy o‘rinni kommunistik partiya egallagan edi. Rossiya birinchi prezidenti Yelsin liberal shaxs edi, uning imperiyachilik kayfiyati Putinnikidan 100 barobar kam edi deyish mumkin. Shuning uchun u paytda Rossiya tomonidan imperiyani tiklash uchun bizga tahdid bo‘lmagan, unaqa qudrat ham yo‘q edi. Keyinchalik, 2002-2014 yillar oralig‘ida dunyo bozorida neft narxi 147 dollargacha chiqdi va Putinning qo‘lida trillionlab dollar paydo bo‘ldi, Yelsin davrida bunday imkoniyat yo‘q edi.
Putin 2008 yilda Gruziyaga hujum qildi, Moldova, Boltiqbo‘yi davlatlari, Ukraina doimiy bosim ostida bo‘ldi. Ular o‘zlariga yaqin millatli davlatlar edi. Shunday ekan, Putin Markaziy Osiyodagi musulmonlar, turkiylarga rahmdillik qilarmidi, mantiqan to‘g‘ri kelmaydi bu.
Sovet ittifoqini tiklash to‘g‘risidagi qaror kompartiya qarori bo‘lgan, bunga boshqa partiya o‘z vetosini qo‘ygan. Ya’ni bu faqat kommunistlarning loyihasi bo‘lgan, Yelsin yoki Rossiya davlatchiligining emas.
NATO Ukraina urushidan oldinroq asosiy fokusni Xitoyga qaratayotgan edi. Rossiya potensial dushman sifatida ko‘rilmas edi, lekin Ukraina urushidan keyin dushman sifatida e’lon qilindi. Lekin aholisi katta bo‘lgan, potensiali oshib borayotgan, o‘zini vazmin tutayotgan Xitoy birinchi raqamli sifatida ko‘riladi baribir. Sammitda ham asosiy fokus Xitoyga qaratildi. To‘g‘ridan to‘g‘ri emas, Rossiyaga yordam berayotgan, avtoritar polisni shakllantirayotgan davlat sifatida ta’riflandi.
Xayrulla Umarov: — 1994 yilda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti sammitida Yelsin va Klinton o‘rtasida gap qochadi, Yelsin Rossiyada yadro quroli borligini eslatadi. Shunda ikki davlat rahbarini alohida xonaga olinib muzokara o‘tkazishadi va ikki davlat o‘z ta’sir doiralarini belgilab oldi, deyiladi. Ya’ni Boltiqbo‘yidan tashqari barcha sobiq ittifoq davlatlari Rossiya ta’siri ostida bo‘lishiga, qolgan butun dunyo esa AQSh ta’sirida bo‘lishiga kelishilgan.
1996 yilda Rossiya MDH davlatlari bo‘yicha strategik yo‘nalishlarini belgilovchi hujjat qabul qiladi. Jumladan, radiolokatsion stansiyalar masalasi. Bunday stansiya O‘zbekistonda xam bor edi. Rossiya har doim muzokaralarda harbiy baza kiritish to‘g‘risida bosim qilardi.
1999 yilda AQShning BMTdagi vakili Madlen Olbrayt biz Rossiyaning o‘z chegarasidan boshqa joydagi manfaatlarini tan olmaymiz, deydi. Umuman, shunday vaziyatlar. Biz uchun O‘zbekiston manfaatlari muhim, ikki tomon ham masofada turgani yaxshi. Iqtisodiy, ijtimoiy, gumanitar xamkorlik bo‘lishi mumkin, lekin harbiy emas. O‘zbekiston Ukraina masalasi bo‘yicha neytral bo‘ladi.
— Rossiya harbiy holatga o‘tgan tarzda 3-4 yil chidashi mumkin, deyilyapti. NATO-chi, Ukrainani qancha vaqt qo‘llay oladi?
Xayrulla Umarov: — Birinchi o‘rinda AQSh prezidenti kim bo‘lishi muhim. Harbiy sanoat kompleksi haqidagi ma’lumotlar maxfiy. Jarayondan kelib aytish mumkinki, Ukraina bitta snaryad otsa, Rossiya o‘nta otyapti, demak, Rossiya harbiy sanoat kompleksi ishlayapti, yonidagi davlatlar ham yordam beryapti.
NATOdagi qurollar AQShniki, 70-80-yillarda ishlab chiqarilgan. Abrams tanklari ham eskirgan, utilizatsiya qilish qimmat turadi, ularni Ukrainaga berishyapti. Lekin Ukrainada ishlayotgan dron texnologiyalari yangi. Rossiya ham koinotda sputnik orqali raketa boshqarish tizimlariga to‘sqinlik qilishga harakat qilyapti.
— Sammit arafasida F16 qiruvchi samolyotlari masalasi yana markaziy mavzular qatoriga kirdi, o‘zi va’da qilingan bu samolyotlar Ukrainaga berilishi qanchalik aniq?
Xayrulla Umarov: — Bu samolyotlar eski rusumli, yangilari berilmaydi. Ukrainaga berilayotgani – boshqaruv tizimi eski avlod texnologiyalari, ular Rossiya qo‘shinlariga xavf tug‘dira oladi, lekin umumiy vaziyatni o‘zgartira olmaydi.
Shuhrat Rasul: — F16 samolyotlari berilishi boshlandi deyildi, oy oxirigacha berilib qolar. Yuriy Shvetsning aytishicha, bu samolyotlar Ruminiya, Polsha va Slovakiyaga joylashtiriladi, chunki Ukrainada infratuzilma qilinmagan, Rossiya raketalari nishoniga aylanmasligi uchun.
— Bu davlatlar ham urushga tortilib ketmaydimi? G‘arb nimani kutyapti samolyotlar berilishi uchun?
Shuhrat Rasul: — Medvedov kabi shaxslar agar shunday bo‘lsa, biz u davlatlarga ham hujum qilamiz, deb keladi. Shvets buni ham ochiqladi. “Hozir javob navbati – Rossiyada, bu samolyotlarni yo‘q qilish uchun zarba beroladimi”, degan masalani qo‘ydi.
Nimaga berilmayapti, desak. G‘arb ham hamma narsa birdan bo‘lishi tarafdori emasdek ko‘rinyapti. Bosh maqsad – Rossiyani holsizlantirish. Bu uning boshqa possovet davlatlariga agressiya qilmasligi uchun ham kerak. Boshidanoq aytilgan bu. Tramp davrida davlat kotibi Pompeo Markaziy Osiyo davlatlariga kelganida press-konferensiyalarda ularning suvereniteti, hududiy yaxlitligini alohida e’tirof etib ketgan, bunga urg‘u berishni davlatlarning o‘zi so‘ragani ham aytiladi.
Ruminiya, Polsha va Slovakiyadan samolyotlar uchishi G‘arbning eskalatsiya darajasini ko‘tarish qadami bo‘ladi. Rossiya bunga javoban nima qila olishini endi kuzatamiz.
— Rossiya propagandachilari NATO Rossiyani 10 ga yaqin davlatga bo‘linib ketishini xohlashi haqida gapiradi. Bu Yevropaning o‘ziga xavf emasmi?
Kamoliddin Rabbimov: — Bu AQShning yoki NATOning rasmiy pozitsiyasi emas, Rossiyani parchalash maqsadini qo‘ymayapti ular. Ukrainadagi urush boshlangach, G‘arbdagi nodavlat tashkilotlar Rossiyadagi etnik kamchiliklar, hududiy muammolar haqida hisobotlar tayyorladi, lekin keyinchalik bu masala yopildi. Bugungi kunda G‘arb Rossiyani parchalamoqchi emas, chunki shunday bo‘lsa, Xitoy nihoyatda kuchayib ketishi mumkin. Xitoyni tiyib turuvchi ma’lum davlatlar kerak. Sababi, Putindan keyin keladigan shaxs baribir G‘arb bilan kelishishga urinishi aniq, chunki Rossiya – so‘nayotgan davlat, yiliga yarim million demografik qisqarish bo‘ladi. Rossiya qudratli davlat sifatida qolishiga ikkita omili bor: gaz-neft sotish potensiali va katta yadro salohiyati.
NATO va AQShning asosiy maqsadi – Rossiyani uzoq muddatli holsizlantirish. Urush boshlanganida G‘arb kaska va bronejilet berayotgandi xolos, bugun esa qiruvchi samolyotlar berish darajasiga keldi. Kollektiv g‘arbning birinchi vazifasi – Ukrainaning mag‘lub bo‘lishiga imkon bermaslik va Rossiyani uzoq muddatli holsizlantirish.
Shuhrat Rasul: — Bu yordam tub burilish yasamasligi mumkin. 50 tacha F16 beriladi bu yil. Rossiyada shunga muqobil SU34/35 samolyotlari bor.
G‘arb Rossiyani birdaniga emas, bosqichma-bosqich mag‘lub qilmoqchi. Rossiyada inflatsiya tezlasha boshlagan. Hozirgi yuqori inflatsiya giperinflatsiyaga aylanib ketsa, nazoratsiz iqtisodiy jarayonlar boshlanib ketishi mumkin. Bir tomondan tovar kirishi siqilyapti, Xitoyning eng katta banki Rossiya bilan hamkorlikni to‘xtatdi, 12 avgustgacha qolgan banklar ham to‘xtatyapti, chunki 13 avgustdan sanksiyalar kuchga kiradi. Rossiya Markaziy banki raisi biz koinlarga murojaat qilishimiz kerak, deyapti, ammo Rossiya kabi katta davlatni koinlar qutqara olmaydi.
Rossiyaning mag‘lubiyatiga ichkaridagi tizimli iqtisodiy muammolar sabab bo‘lishi mumkin. Putinning o‘zi ham Rossiyani hech kim yengolmaydi, Rossiya ichki muammolar sabab yengilishi mumkin, dedi.
— Xitoy banklari Rossiyaga nisbatan sanksiyalarga qo‘shilyapti, bu ikki davlat ko‘ringanidek yaqin do‘stlar emasmi?
Abduvali Soyibnazarov: — Putin may oyida Xitoyga borganda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha bitim imzoladi. Endi sanksiyalarni aylanib o‘tish yo‘llari qidirilyapti, balki topilgandir ham. Rossiya boshqa hamkorlari bilan ham savdoda milliy valutalarga o‘tyapti, sanksiyalarni chetlash uchun bu.
NATO qachongacha Ukrainani qo‘llaydi, deydigan bo‘lsak. Qachonki Rossiya Qora dengiz sohillarini butkul egallasa, Rossiyaga qarshilik qilish befoyda bo‘lib qoladi. Rossiyaning asosiy maqsadi – Ukrainani Qora dengizga chiqarmaslik.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi