O‘zbekiston Qashg‘ar–Andijon temiryo‘li qurilishi uchun 255 mln dollar ajratadi

Iqtisodiyot 22:33 / 13.07.2024 5675

O‘zbekiston prezidentining qarori bilan, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘li loyihasini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha imzolangan hukumatlararo bitim tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, temiryo‘l qurilishi bo‘yicha qo‘shma loyiha kompaniyasining ustav kapitalidagi O‘zbekiston hukumati ulushining bir qismini shakllantirish uchun 255 mln dollar ajratiladi.

Bu mablag‘ Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining krediti shaklida, 7 yillik imtiyozli davr bilan 15 yil muddatga, yillik 5 foiz stavkada “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga bosqichma-bosqich ajratiladi.

255 million dollarning 14 mln dollarlik qismi 2024 yilda ajratishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha uchun, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan ham mablag‘ yo‘naltirilishi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi bitim shu yil 6 iyunda Pekinda imzolangan edi.

Bitimga muvofiq, temiryo‘l “Qashg‘ar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon” yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi.

Bu koridorda yuk tashish hajmi yiliga 15 million tonnagacha yetishi, tovarlarni yakuniy iste’molchilarga yetkazish muddati 7 kunga qisqarishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, zamonaviy tranzit va logistika infratuzilmasi, omborxonalar va terminallar yaratiladi.

Avvalroq qurilish ishlari shu yil oktyabrda boshlanishi aytilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: