O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
HAMAS Isroilni muzokaralarni barbod qilganlikda ayblamoqda. HAMAS bayonotiga ko‘ra, vositachilar hamon Falastin harakatiga G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar uchun yangilangan axborotni taqdim etishmagan. Harakat Isroilni «vaqtni cho‘zish»da — muzokaralarni barbod qilish uchun vaqtdan yutishga harakat qilayotganlikda ayblagan.
«Okkupatsiya o‘zining vaqtdan yutib, avvalgi martalarda bo‘lganidek muzokaralarni yo‘qqa chiqarish uchun vaqt cho‘zish siyosatini davom ettirmoqda», — deyiladi bayonotda.
Eron tomonidan tuzilgan «qarshilik o‘qi» G‘azoda tinchlik o‘rnatilsa o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishga tayyorligini e’lon qildi.
Livandagi «Hizbulloh», Yamandagi «Ansorulloh» husiychilari va iroqlik isyonchilar agar G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga erishilsa Isroil obektlariga, jumladan Qizil dengizda kemalarga hujumni bas qilishlarini aytishgan.
«Qarshilik o‘qi» guruhlari HAMASga muzokaralar chog‘ida tinchlikka erishish uchun ularning nomidan ham chiqish qilish erkinligini berishga tayyor. «Hizbulloh» yetakchisi Hasan Nasrulloh Isroil Livan frontida urush ochishga tayyorgarlik ko‘rayotganiga qaramasdan, HAMAS rozi bo‘lgan har qanday kelishuvni qabul qilishga tayyorligini ta’kidlagan.
Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant AQShning vakili Brett Makgerk bilan uchrashib, HAMAS bilan kelishuvdagi siljishlar va shuningdek, «yaqin kunlarda bir qismi Isroilga jo‘natiladigan kritik muhim o‘q-dorilarni yetkazish» masalalarini muhokama qilganini aytgan.
G‘azoda ishlayotgan jarrohlar Isroil katta maydonda insonlarga ko‘proq zarar yetkazishga mo‘ljallangan shrapnelli quroldan foydala boshlaganini qayd etishgan.
«Kichik bo‘lakchalar bilan yaralangan bolalar nobud bo‘lmoqda, eng kamida qo‘l-oyoqlaridan ayrilmoqda. Eng keng tarqalgan jarohatlar shrapnel teshib o‘tib ketgan 1-2 millimetrli yaralar bo‘lmoqda», - degan G‘azoda ishlayotgan shimoliy karolinalik jarroh-ortoped Mark Perlmutter.
Urushning 279-kuniga kelib G‘azoda qurbon bo‘lgan falastinliklar soni 38 ming 345 kishiga yetdi. Yarador bo‘lgan ekslav aholisi 88 ming 295 kishi.
So‘nggi sutka ichida ikkita ommaviy qirg‘in 24 kishini hayotdan olib ketdi. Shifoxonalarga 50 nafar yarador yetkazilgan, deb xabar beradi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi.
Dunyo yetakchilari G‘azo haqida
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches NATO rahbariyatini Falastin va Ukrainadagi urushlar masalasida «ikki xil standart»dan qochishga, alyans bo‘yicha hamkasblarini izchillikka chaqirdi.
«Agar biz xalqimizga xalqaro huquqni qo‘llab-quvvatlashimiz sababli Ukrainani qo‘llaymiz, desak bu ishni G‘azoga nisbatan ham qilishimiz kerak», degan u NATOning 75 yillik yubiley sammitida.
Ispaniya yetakchisi alyansda ikki xil standartlardan xoli bo‘lgan «izchil siyosiy pozitsiya» bo‘lishi lozimligini ta’kidlagan.
Sanches jahon hozir qamal qilingan Falastin eksklavidagi «bu dahshatli humanitar krizis»ni yakunlash uchun bosim o‘tkazishi lozimligi, Falastin davlatini tuzishga yo‘l ochuvchi xalqaro tinchlik konferensiyasi o‘tkazishga chorladi.
«Biz zudlik bilan va muddatsiz o‘t ochishni to‘xtatishga erishish uchun shart-sharoitlar hozirlashimiz kerak», — degan u.
Sanches Ukrainaning ham, Falastinning ham «demokratiya, erkinlik va mavjud bo‘lish huquqi»ni bir xilda qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
NATO sammitida chiqish qilgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham alyansning fundamental qadriyalariga qarshi chiqayotgan Isroil ma’muriyati bilan NATO hamkorlik aloqalarini saqlab turganiga toqat qilib bo‘lmasligini ta’kidladi.
«Toki Falastinda umumqamrovli va mustahkam tinchlik o‘rnatilmas ekan, Turkiya hech qachon NATOning Isroil bilan hamkorlik qilishga urinishini qo‘llamaydi», — degan Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘anga ko‘ra, jahon hamjamiyati tinch falastinliklarga hujumni to‘xtatish uchun ko‘chalarga chiqayotgan bir paytda Isroilni harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish insoniylikka to‘g‘ri kelmaydi.
Erdo‘g‘an Ukrainadagi urush haqida ham fikr bildirgan. Unga ko‘ra, G‘arb davlatlarining Rossiyaga nisbatan salbiy munosabati Ukrainadagi harbiy mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga xalaqit berib, urush «nazoratsiz avj olishi»ga sabab bo‘lmoqda.
Turkiya prezidenti hozirgi holatda NATO va Rossiya o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri ziddiyat xavfi paydo bo‘layotganidan xavotirda ekanini ma’lum qilgan. «Bunday oqibatlarga olib keladigan har qanday qadamlardan ongli ravishda voz kechish kerak», — deb ta’kidlagan Turkiya yetakchisi.
Ukrainaga yordam
NATOning yubiley sammiti kunlarida AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga yangi 225 mln dollarlik harbiy yordam paketini e’lon qiladi. Associated Press xabariga ko‘ra, yordam paketidan Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari o‘rin oladi.
Shuningdek, Kanada ham Ukrainaga yana katta miqdorda harbiy yordam ajratishini e’lon qildi. Ukraina Kanadada uchuvchilarni o‘qitish uchun ko‘proq imkoniyatlar talab qilmoqda.
Kanada bosh vaziri Jastin Tryudoning ma’lum qilishicha, Ukraina uchun qariyb 356,7 million dollarlik harbiy yordamning yangi paketi taqdim etiladi. Shuningdek, Kanada Kiyevdagi «Oxmatdet» bolalar shifoxonasiga Rossiyaning raketa hujumi oqibatida jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatishga tayyor.
Norvegiya havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlash uchun Ukrainaga 90 mln dollar beradi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri NATO sammitida e’lon qilgan. Shuningdek, Norvegiya Germaniya bilan hamkorlikda Ukrainaga IRIS-T havo hujumidan mudofaa tizimini kuzgacha yetkazib beradi.
Daniya Ukrainaga o‘zida mavjud barcha havo hujumidan mudofaa tizimlarini Ukrainaga berishi kerak, degan NATO sammitida qatnashayotgan mamlakat bosh vaziri Mette Frederiksen.
Ukraina shuningdek, Ruminiyadan ham Patriot tizimini qabul qilib oladi. Mamlakatlar o‘rtasida xavfsizlik bo‘yicha kelishuv imzolanganini Zelenskiy ma’lum qilgan.
Tinchlikni rad etayotgan Rossiya
Kiyev tomonidan tashkil etilayotgan va Moskva rasmiylarini ham chaqirishni rejalashtirayotgan Ukrainada tinchlik bo‘yicha yangi sammitda Rossiya ishtirok etmaydi. Bu haqda RF tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin ma’lum qilgan.
«Biz iyun oyi o‘rtalarida Shveytsariyaning Byurgenshtok shahrida barbod bo‘lgan sammitdan so‘ng «o‘zini oqlab olmoqchi» bo‘layotgan va xuddi shunday yana bir tadbir o‘tkazishga urinayotgan Kiyev rejimi va ularning g‘arbdagi kuratorlari niyatlaridan boxabarmiz», — degan Galuzin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadagilar «Mutlaq boshi berk ko‘chadagi «Zelenskiy formulasi»ni behudaga ilgari surayotgan avvalgidek ohanglar»ni eshitib, «Ukraina krizisini tartibga solish bo‘yicha boshqa tashabbuslarning ongli ravishda rad etilayotgani»ni ko‘rib turishibdi.
«Biz bunday ultimatumlarni qabul qilmaymiz va bunaqa «sammit»larda ishtirok etmaymiz», — degan Galuzin va tinchlik konferensiyasini «firibgarlikning namoyishi» deb atagan.
Vaziyatdan boxabar kishilarning Bloomberg’ga ma’lum qilishlaricha, Ukraina ikkinchi tinchlik konferensiyasini AQShdagi saylovlargacha o‘tkazmoqchi va unga Rossiyani ham taklif etmoqchi.
Sammitni AQShdagi saylovlargacha o‘tkazib olishga urinish Ukraina Oq uyga Donald Tramp qaytishi mumkinligidan cho‘chiyotganini ko‘rsatadi. Tramp agar qayta saylansa o‘zining yanvar oyidagi inauguratsiya marosimigacha urushga nuqta qo‘yishini va’da qilgan va Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatilishi davom ettirilishiga qarshi chiqqan, deb yozadi Bloomberg.
Rossiyada navbatdagi senzura
Rossiyada ijtimoiy tarmoqlarda har kunlik auditoriyasi soni 1 ming kishidan oshgan rossiyaliklar endi o‘zlari haqida ma’lumotlarni Roskomnadzorga berishga majbur bo‘lishadi. Tegishli taklif ayni paytda idorada ishlab chiqilmoqda.
«Tashabbusga ko‘ra, bunday foydalanuvchi Roskomnadzorga familiyasi, ismi va otasining ismi, yuridik muhim ma’lumotlarni o‘z vaqtida qabul qilib olishi uchun kontakt ma’lumotlarini taqdim etishga majbur bo‘ladi. Bunda odam idoradan ro‘yxatdan o‘tmaydi, nazorat organini akkaunt egasi axborot tarqatish bilan shug‘ullanayotganidan boxabar qiladi», — deya Roskomnadzorning tushuntirishini keltirmoqda TASS.
Bu holatda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarida o‘z sahifasini begona kishilar tomonidan ko‘rilishini berkitish, o‘zi haqida axborotlarni olishni cheklash imkoniyati saqlanib qoladi, demoqda idoradagilar.
Tashabbusga ko‘ra, Rossiya kompaniyalariga foydalanuvchilari o‘zlari haqida ma’lumotlar taqdim etmagan ochiq sahifalarda reklama joylashtirish taqiqlash ham nazarda tutilgan.
Idoradagilarga ko‘ra, hozirgi vaqtda «yovuz niyatli kishilar» egasi noma’lum sim-kartalardan foydalanib, messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlarda feyk sahifalar ochmoqda, so‘ngra «feyklar, zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi, bolalarni qonunga xilof ishlarga jalb etuvchi axborotlar va boshqa taqiqlangan ma’lumotlarni tarqatuvchi hamjamiyatlar yaratishmoqda».
«Bugun onlayn platformalar ko‘p hollarda rossiyaliklar uchun OAV vazifasini bajarmoqda. Kontent tarqatuvchilarning anonimligi xavfli: ekstremistik mazmundagi xabarlar yorilgan bomba effektini namoyon qilishi mumkin. Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborot — nafaqat alohida bir shaxsga, butun bir davlatning xavfsizligiga ziyon yetkazishi mumkin», — degan Roskomnadzordagilar.