Rossiyada noqonuniy migratsiya og‘ir jinoyatga tenglashtiriladi

Jahon 20:42 / 12.07.2024 5967

Davlat dumasi deputatlari noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq jinoyatlarning barchasini og‘ir va o‘ta og‘ir deb hisoblashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqdi. Bu haqda Davlat dumasi vitse-spikeri Irina Yarovaya ma’lum qilgan.

«Bugun biz bir hafta ichida barcha vakolatli vazirliklar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar Davlat dumasi deputatlari tomonidan yaratilgan va muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan qonun loyihasi bo‘yicha o‘z fikrlarini taqdim etishiga kelishib oldik. Ulardan biriga ko‘ra, biz noqonuniy migratsiyani tashkil etish bilan bog‘liq barcha jinoyatlarni og‘ir va o‘ta og‘ir toifaga kiritamiz», — degan Yarovaya.

Avvalroq Rossiya Davlat dumasi RF Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va migrantlar mamlakatdan chiqarib yuborilishi uchun asos bo‘ladigan huquqbuzarliklarning kengaytirilgan ro‘yxati to‘g‘risidagi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirgan edi.

Bunday huquqbuzarliklar sirasiga politsiya va boshqa kuchishlatar tizimlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik, migratsion hisobga olish vaqtida soxta ma’lumotlar taqdim etish, kichik bezorilik, «natsistik atributika va ekstremistik tashkilotlarning ramzlari»ni propaganda va omma oldida namoyish qilish kabilar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, ro‘yxatga o‘qotar quroldan o‘rnatilgan qoidalarga xilof ravishda o‘q uzish, «audiovizual servislar orqali terroristik va ekstremistik faoliyatga chorlovchi» materiallarni tarqatish kabi qonunbuzarliklar kiritilgan. Bir qator huquqbuzarliklar uchun agar qoidabuzarning mamlakatda bo‘lib turishi «istalmas» deb topilsa, sud qarorisiz operativ tarzda mamlakatdan chiqarib yuborish joriy etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: