U Putin bilan jiddiy masalalarni muhokama qilishi aytilgandi. Xususan, Xitoy bilan munosabatlar, rus nefti va qurollari importi masalalarigacha. Tashrif davomida Modi Putindan oliy darajadagi mukofot qabul qilib oldi va Ukrainaga qarshi urushga borib qolgan hindistonliklarni uyga qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Hindiston yetakchisi ikki kun davomida Moskvada bo‘ldi. U uchrashuvlar vaqtida Putinga «qadrdon do‘stim», «janobi oliylari» deb murojaat qildi. Putin ham Modini «qadrdon do‘stim» deb atadi va uni avliyo Andrey Pervozvanniy oliy ordeni bilan mukofotladi. Bu mukofot kamdan kam xorijiy davlat rahbarlariga topshirilgan. Masalan, Haydar Aliyev, Nursulton Nazarboyev va Si Jinpingga.
Bu Modi bosh vazirlikka qayta saylanganidan keyingi ilk xorijiy safari bo‘lgani bilan ham ahamiyatli. U uchinchi marta bosh vazir kursisiga o‘tirdi. Hindistonni bunchalik ko‘p muddat faqat mustaqil Hindistonning ilk bosh vaziri Javaharlal Neru boshqargan.
Uchrashuvning OAV uchun ochiq qismi boshida beshinchi marta prezident bo‘lgan Putin va uchinchi marta bosh vazir bo‘lgan Modi bir-birini saylovdagi «ajoyib g‘alaba» bilan qutladi. Hashamatli yasatilgan xonada suhbatlashgan Putin va Modi ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlangani, bundan keyin ham mustahkamlanishini aytishdi.
Rasmiyatchilik uchun bo‘lgan bu gaplar chinakam keng qamrovli uchrashuvlar oldidan aytildi. Hind nashrlari Modining Moskvaga tashrifi haqida anons e’lon qilishgandi. Unga ko‘ra, Hindistonning uzoq yillik yetakchisi Rossiya bilan savdo, investitsiya, energetika va harbiy sanoat masalalari bo‘yicha hamkorlikni muhokama qilishni rejalashtirgan.
Ammo uchrashuvning aksar qismi yopiq tarzda o‘tkazilgan, ular haqida juda qisqa ma’lumot berilgan. Masalan, energetika sohasidagi hamkorlik masalasida faqat «Rosatom» Hindistonda oltita AES qurish taklifini bildirgani rost. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani ham o‘tkazilmadi.
Putinning «qadrdon do‘sti» Modi ochiq uchrashuv vaqtida urush haqida ham qisqagina gapirdi va tabiiyki uni boshlagan Rossiyaga qarshi hech narsa demadi: «Urushda begunoh odamlar o‘lsa, har qanday inson og‘riq his qiladi. Mojaro urush bilan emas, tinchlik kelishuvlari bilan hal bo‘lishi kerak deb hisoblaymiz», dedi Modi.
Hindiston bosh vazirining bu gaplari avvalroq uning manziliga tanqidiy fikr bildirgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga javob o‘laroq yangradi. «Dunyodagi yirik demokratik davlat yetakchisi sayyoradagi eng qonxo‘r jinoyatchini quchoqlayotganini qo‘rish – tinchlik jarayoni uchun jiddiy zarba va achinarli holdir», deb yozgandi Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Chunki bu uchrashuv Rossiya Ukrainadagi eng yirik bolalar kasalxonasiga strategik raketa bilan hujum qilgani fonida amalga oshayotgandi. Rossiyaning 8 iyul kungi zarbalari oqibatida butun Ukraina bo‘ylab kamida 41 kishi halok bo‘ldi va 170 dan ortiq kishi jarohatlandi.
Rossiya, AQSh va Xitoy o‘rtasida
Rossiya va Hindistonning munosabatlari ancha olisga borib taqaladi. Va bu munosabat Pekin, Vashington va Islomobod o‘rtasidagi murakkab maydonda shakllangani bilan ham ahamiyatli. Hindlarning Economic Times nashri tashrif arafasida mamlakat XX asr o‘rtalarida tanlangan qo‘shilmaslik siyosatida sobit ekanini eslatdi.
Bloomberg hindlar doim ham bu balansni ushlab tura olmaydi deb hisoblamoqda. «Hindiston Rossiya va AQSh o‘rtasida tortilgan tarang arqon o‘rtasida muvozanatni saqlashga majbur», deb yozadi gazeta ikki davlat munosabatlari haqida. Bir so‘z bilan aytganda, Hindiston AQSh bilan munosabatlarini mustahkamlab boraveradi, ammo sovet davriga borib taqaladigan Rossiya bilan strategik munosabatlardan ham voz kechmaydi.
1971 yil bu tomonlar uchun sinovli kelgandi. O‘shanda Hindiston va Pokiston uchinchi marta to‘qnashadi. SSSR Hindistonni, AQSh Pokistonni qo‘llaydi. Keyinchalik Rossiya Hindistonni diplomatik mavzularda ham qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, oxirgi 70 yilda Rossiya veto huquqidan foydalanib BMTning Hindiston va Pokiston borasidagi Nyu Dehliga nomaqbul rezolyutsiyalariga besh marta veto qo‘ygan.
Endi esa Hindiston Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoralay olmayapti, Moskva qoralangan BMT rezolyutsiyalariga esa ovoz bermayapti. Hindiston delegatsiyasi Ukraina tashkillashtirgan Shveytsariyadagi tinchlik sammitida qatnashdi, ammo unga Rossiya taklif qilinmagani sabab yakuniy hujjatga imzo qo‘yilmadi.
Oxirgi vaqtlarda ikki tomon munosabatlarida yangi murakkablik yuzaga kelmoqda. Rossiya Ukrainaga bosqin boshlagach, Xitoy bilan aloqalarni yanada mustahkamladi. Hindiston esa Xitoyni o‘zining mintaqadagi asosiy raqibi deb biladi. Putin Ostonada Si Jinping bilan uchrashuv vaqtida Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar ayni damda eng yaxshi holatga chiqqanini aytdi.
London Qirollik kolleji professori Kristof Jafreloning fikricha, Modining Moskvaga tashrifi Rossiyaning Xitoy bilan yaqinlashuvi uchun kompensatsiya o‘laroq xizmat qiladi.
«Hindiston Rossiyaga manyovr qilish uchun bo‘shliq bermoqchi. Unda Rossiyani «Pekin changalidan» tortib olish uchun yetarli resurslar yo‘q, ammo Rossiya hamma tuxumlarni Xitoyning savatchasiga solmasligi uchun qo‘lidan kelganini qiladi», deydi BBC bilan suhbatda Karnegi markazi xitoyshunosi Aleksandr Gabuyev.
O‘z navbatida, Moskva global janubning yetakchi vakili bo‘lmish Hindiston bilan munosabatlari yomonlashuvini ham istamaydi. Axir Rossiya «AQSh gegemonligiga qarshi kurashishi uchun» global janubga muhtoj-da.
Modi va Putinning uchrashuvi NATOning Vashingtondagi yubiley sammiti bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Ammo bu shunchaki kutilmagan holat, chunki Moskvadagi uchrashuv «siyosatchilaring zich taqvimi sabab» ancha avval rejalashtirilgan.
Urush Hindiston va Rossiya aloqalariga qanday ta’sir qildi?
Urush boshlangach, G‘arb Rossiyaning neft va gaz savdosidan kelayotgan daromadlarini kamaytirish uchun qator sanksiyalar joriy etdi. Hindiston Rossiyadan juda ko‘p miqdorda neft sotib ola boshladi. Urushning dastlabki ikki yilida Rossiya sanksiya sabab chegirma bilan sotayotgan neft eksportida Hindistonning ulushi 0 dan 40 foizgacha oshdi. Bu haqda 2023 yil oxirida Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak aytgan. Hindiston Xitoydan keyin rus neftining ikkinchi eng yirik xaridoriga aylandi.
Natijada Hindiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo aylanmasi keskin oshib, 2023-2024 yillarda 65 milliard dollarga yetadi. Bu savdo aylanmasining 85 foizi esa Rossiya nefti eksportiga to‘g‘ri keladi.
Ammo ikki davlat savdo aylanmasi yanada oshishiga ikkita narsa xalaqit beradi. Birinchidan, rus nefti importi AQShning ikkilamchi sanksiyalariga tushish xavfini oshirardi. Oqibatda hind kompaniyalari sanksiya ostiga tushgan Rossiya kompaniyalari tankerlaridan neft olishdan qocha boshladi.
Bu muammolar tomonlar o‘rtasidagi neft shartnomalari uzaytirilishiga qarshilik qilmaydi. Reuters'ga ko‘ra, bir oy avval Hindistonning yirik Reliance neft kompaniyasi Rossiyaning «Rosneft» korxonasi bilan «qora oltin» yetkazib berishda rubldan foydalanish bo‘yicha kelishuv imzolagan.
Valuta tomonlar savdo aylanmasidagi yana bir jiddiy muammo. Rossiya sanksiya sabab dollarda savdo qilolmaydi. Shu sabab hind va rus kompaniyalari o‘zaro Xitoy yuani va BAA dirhami kabi ekzotik valutalarda savdo qila boshlashdi. Shuningdek, hind rupiyasini mamlakatdan chiqarish ham muammoga aylangan. Ba’zi nashrlar shunchaki ikki davlat rahbarlari rupiyada savdo qilishga kelisha olmaganini yozgan. Bu boradagi muzokaralar haqida esa rasman xabar berilmagan.
Rossiya qurollari
Tomonlar munosabatlarida asosiy o‘rinlarni egallab kelgan rus qurollari eksporti esa urush sabab oqsay boshladi. Hindiston dunyodagi eng yirik qurol import qiluvchi davlat hisoblanadi. Hindlar eng ko‘p Rossiyadan qurol oladi. Ammo urush boshlangach, Rossiyaning Hindistonga qurol-yarog‘ eksporti ikki baravarga kamayib ketdi. Urushgacha hindlar 76 foiz qurolni ruslardan olgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib bu ko‘rsatkich 36 foizgacha tushdi. Shu bois, Fransiya hindlarning asosiy qurol sotib oluvchi davlatiga aylanish arafasida turibdi.
Hindiston qurol-yarog‘ importida bir davlatga bog‘lanib qolishni istamaydi va tarmoqni diversifikatsiya qilishni istaydi. Ammo bu oson ish emas. O‘z navbatida, Rossiya hozir birovga yoppasiga qurol sotadigan ahvolda emas, o‘zi Ukrainaga qarshi urush boshlab qo‘ygan.
Urush sabab Hindiston va Rossiya o‘rtasida imzolangan ba’zi kelishuvlar bajarilmay qoldi. Masalan, 2018 yilda tomonlar keyingi 5 yil ichida 5 ta S-400 havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berish bo‘yicha kelishuv imzolagan, ammo hozirgacha hindlarga bunday komplekslardan faqat 3 tasi yetib kelgan.
Ukrainada urushayotgan hindlar
Rossiyaning Ukrainaga bosqinida hindistonliklar ham qatnashayotgani haqida OAVda yoritilgandi. Modining tashrifi doirasida go‘yoki aldov yo‘li bilan urushga olib ketilgan hindlarni ortga qaytarish mavzusi ham muhokama qilinishi aytilgandi.
2024 yil mart oyida Hindiston maxsus kuchlari odam savdosi bilan shug‘ullangan guruh faoliyatini aniqlagani haqida ma’lum qilgandi. Idora iddaosiga ko‘ra, bu tashkilotlar hindlarni yuqori haq to‘lanadigan ish yoki universitetga o‘qishga deb aldab Ukrainadagi urushga olib ketgan. Shu tariqa hindlar frontga tushib qolgan.
BBC aldab urushga olib ketilgan va uyga qaytishga muvaffaq bo‘lgan ikki hind haqida maqola e’lon qilgandi. Ulardan biri 23 yoshli baliqchi David Muthappan Rossiyaga 204 ming rubl oylik maosh va’da qilingan qo‘riqchilik ishiga ketyapman deb o‘ylagan, ammo Donetskdagi jang maydoniga tushib qolgan. Yana bir Sebastyan ismli baliqchi Lisichansk yaqinidagi jang maydoniga tashlanib, og‘ir yarador bo‘lgan.
Sebastyanning aytishicha, rus tilida shartnoma imzolagan, ammo uni tushunmagan va nimaga qo‘l qo‘yganini bilmagan. O‘rtakash undan telefoni va pasportini olib qo‘ygan. Ikki baliqchi Moskvadagi Hindiston elchixonasi bilan bog‘langanidan keyin uyga qayta olgan.
2024 yil bahorida Hindiston tashqi ishlar vazirligi bu ikki baliqchi kabi holatga tushib qolgan hindlar taqdiri qattiq xavotir uyg‘otayotgani, diplomatik idoralar bunday hindlarga Rossiya Mudofaa vazirligi bilan tuzilgan shartnomani muddatidan avval bekor qilishga urinayotgani haqida bayonot bergandi. Hindiston TIV barcha fuqarolarini harbiy mojaroda qatnashishdan saqlanishga chaqirgandi.
OAVga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinida Hindistonning kamida 100 nafar fuqarosi qatnashgan. Ularning ikki nafari jang maydonida halok bo‘lgani ma’lum. Bunday hindlarni ortga qaytarish masalasi Modi va Putin o‘rtasidagi muzokaralarda nima bilan tugashi aniq masalalardan biri. Rossiya tomoni Hindistonga frontdagi barcha hindlarni ortga qaytarish bo‘yicha va’da bergan. Ularning kamida 10 nafari allaqachon uyiga qaytib ketgan.
Rossiya urushda o‘lgan hindlar uchun pul to‘ladi
Modi hali Rossiyaga tashrifni yakunlamay turib Ukrainadagi urushda o‘lgan ikki hindistonlik oilasi Rossiya hukumatidan kompensatsiya olishga ulgurdi.
«Menga 54 ming dollar o‘tkazib berishdi. Qolgan 155 ming dollarni shu oyning 15 yoki 20 sanasigacha tashlab berishadi», degan BBC hind tahririyati bilan suhbatda Ashvinbxay Mangukiya. Gujarotda yashaydigan bu ayolning 23 yoshli o‘g‘li Hemil Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan.
Ikki hind urushda o‘lgani haqida Hindiston TIV rasmiy xabar bergan. Ulardan biri aynan Hemil bo‘lgan. U tiriklik vaqtida ham Rossiya armiyasidan pul olgan kam sonli hindlardan biri. U ikki oy urushgani uchun oilasiga 2,6 ming dollar pul yuborgan.
Surat ismli hind ham Ukrainaga bosqinda qatnashib o‘lgan. Uning otasiga esa, o‘zining so‘zlariga qaraganda, kompensatsiya o‘rniga Rossiya fuqaroligini taklif qilishgan. Ota bu taklifni qabul qilgan va qarorini «Hindiston korrupsion davlat ekani bilan» izohlagan.