Bug‘doy o‘rimidan keyin 23 ming gektar maydon yoqib yuborilgan - “O‘zbekkosmos”

O‘zbekiston 18:02 / 12.07.2024 7384

O‘zbekistonda 2024 yilning yanvaridan iyuliga qadar boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan 23 ming 273 gektar maydonda somon poyalari va ularning qoldiqlari yonishi bilan bog‘liq 1 ming 960 ta holat aniqlangan. Bu haqda “O‘zbekkosmos” agentligi ma’lum qildi.

Hududlar kesimida:

Toshkent viloyati – 9 ming 638 gektar (439 ta holat);

Surxondaryo viloyati – 5 ming 7 gektar (562 ta holat);

Samarqand viloyati – 1 ming 711 gektar (191 ta holat);

Namangan viloyati – 2 ming 9 gektar (112 ta holat);

Jizzax viloyati – 931 gektar (54 ta holat);

Farg‘ona viloyati – 65 gektar (11 ta holat);

Andijon viloyati – 3 ming 868 gektar (319 ta holat).

Agentlikning ogohlantirishicha, g‘alladan bo‘shagan maydonlarda somon poyasi yoqilishiga yo‘l qo‘ygan javobgar shaxslarga nisbatan MJTKning 88-moddasi 3-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravardan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solinib, yerga va o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zararlar ham hisoblanib, tegishli tarzda undirib olinishi belgilangan.

“O‘zbekkosmos” 1 gektar yer maydonida boshoqli don poyasi yoqilganida, atmosfera havosiga 500 gramm azot oksidi, 379 gramm uglevodorod, 3 kg kul, 20 kg is gazi va uglerod oksidi (SO) gazi tarqalishini eslatgan.

“Bu inson organizmida sil va saraton kasalliklari kelib chiqishi, atrof-muhit ifloslanib, tuproq unumdorligi pasayishi kabi oqibatlarga olib keladi”, – deyiladi xabarda.

Ekologiya vazirligiga ko‘ra, somonpoya qoldiqlarini yoqish natijasida atmosferaga uglerod oksidi, azot oksidi, azot ikki oksidi, oltingugurt oksidi kabi inson sog‘ligi uchun zararli bo‘lgan zaharli moddalar ajralib chiqadi.

Qolaversa, somon poyalari va ularning qoldiqlari yoqilgan hududlarda yer unumdorligi keskin pasayadi, tuproq strukturasi buziladi. Yong‘in natijasidagi yuqori harorat tufayli makro va mikro elementlarning yo‘q bo‘lib ketishi oqibatida esa ekin yerlarining ball boniteti (tuproq unumdorligi) tushib ketadi.

Ko‘proq yangiliklar: