Hindiston bosh vaziri Narendra Modi yangi muddatga saylanganidan keyin ilk xorijiy safarini Rossiyaga uyushtirdi. Kiyevdagi shifoxonaga raketa tushishi fonidagi muzokaralar G‘arb mediasida ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kun.uzʼning "Geosiyosat" dasturida siyosatshunoslar Shuhrat Rasul va Islomxon G‘afforov mavzuning muhim nuqtalari xususida o‘z tahlillari bilan o‘rtoqlashdi.
— Modining tashrifi uchun qanday sabablar bor edi va uchrashuv davomidagi muhim nuqtalar qaysilar bo‘ldi?
Shuhrat Rasul: — Modi 5 yilda birinchi marotaba Rossiyaga bordi. O‘zi Modi o‘tgan yili Moskvaga taklif qilingandi, lekin qabul qilinmagan, bu yil esa taklif qabul qilindi. Bundan tashqari ikki prezident 2 ta platformada uchrashgan: 2022 yil Samarqanddagi ShHT sammitida va BRIKS tashkiloti doirasida ham bir marta uchrashgan. Yaqinda bo‘lgan Ostonadagi ShHT sammitiga Modi kelmadi.
O‘zi Rossiya va Hindiston o‘rtasidagi hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar yig‘ilib qolgan edi. Birinchi navbatda iqtisodiy muammolar, Rossiya 2 yil davomida Hindistonga 40 mlrd dollar atrofida energiya resurslari, neft sotdi. Bu sotilgan neftning pulidan bir qismi Hindistonda qolib ketyapti, bir qismi dirhamda olindi, yana bir qismini rupiya qilib bermoqchi (10 mlrd) Hindiston, Rossiya bundan bosh tortyapti, chunki rupiyaga hech narsa sotib ololmaydi dunyo davlatlaridan, faqat Hindiston bilan savdo qilishi mumkin bu valutada. Ammo Hindiston bozorida Rossiya oladigan ko‘p narsa yo‘q. 2023 yilda ikki davlat savdo aylanmasi 65 mlrd dollarni tashkil qilgan, shuning 85 foizi neft savdosi. Hindiston bor-yo‘g‘i 3,3 mlrd dollarlik tovar sotgan Rossiyaga, tarkibi oziq-ovqat, choy va boshqa mahsulotlar. Rossiya qiziqishi mumkin bo‘lgan boshqa tovarlar yo‘q.
Financial times nashri bu tashrifning geosiyosiy ahamiyati ham bor, Hindiston global janubdagi yirik o‘yinchi, Xitoy bilan geosiyosiy raqib, Rossiya va Xitoy savdo aylanmasi 240 mlrd dollardan oshdi, Hindistonniki esa nomutanosib tarzda past. Shu sababli Rossiyaga taklif qilishi mumkin bo‘lgan tovarlarini taklif etib, Rossiyadan qo‘shimcha energiya resurslari olmoqchi, deb baholadi.
Hindiston oldin SSSRning, hozir esa Rossiyaning harbiy kompleksiga qiziqadi sovuq urush davridan beri. 70-yillarda Hindiston va Pokiston urushida SSSR Hindistonni, AQSh Pokistonni qo‘llagan. Shundan beri Hindiston SSSR va Rossiya qurollari bilan qurollanib kelayotgan edi. Lekin bu tendensiya 4-5 yildan beri pasaygan, Rossiyadan sotib olayotgan qurollar hajmi 2 barobar kamaydi. Ukraina urushidan beri Fransiya bilan ko‘proq hamkorlik qilyapti qurol sotib olishda. Shunga qaramay Putin va Modi uchrashuvida harbiy shartnomalar, qurol-yarog‘ masalasi kun tartibida bo‘lgan. Bu uchrashuv tafsilotlari ochiqlanmadi, lekin tezislarda shuni ko‘rdik.
— 15 ta hujjat imzolandi deyilyapti. Eng asosiy masalalar qaysi bo‘lgan bunda?
Islomxon G‘afforov: — Asosiy urg‘u harbiy sanoat kompleksi, kosmonavtika hamda yadro energetikasi, yadro qurollari sohasiga qaratildi. Hindiston AQSh, Rossiya, Xitoy kabi katta davlatlar qatoriga qo‘shilishga harakat qilyapti, u hozir o‘tish davrida turibdi. Yuqori darajaga chiqolmayotganiga 3 ta sabab bor. Birinchisi, harbiy sanoat kompleksida 3 ta katta davlatdan ortda qolyapti, ikkinchisi, kosmonavtikada, uchinchisi, yadro texnologiyalarida ortda qolyapti. Hindiston yadro quroli borasida Pokistondan ham ortda qolib, yettinchi o‘rinda. Bu salohiyat bilan BMT Xavfsizlik kengashi doimiy a’zosi bo‘lolmaydi. Rossiya tang ahvolda bo‘lgani uchun Hindiston vaziyatdan foydalanib qolmoqchi. Ko‘pchilik Hindiston Rossiyadan neft olyapti deydi, lekin ko‘proq yadro texnologiyalarini olishga e’tibor qaratyapti. Xitoy ham, Hindiston ham yadro texnologiyalari bo‘yicha Rossiya va AQShdan zaifroq. Shundan xulosa qilib, Modi tashrifi asosan kosmonavtika, yadro texnologiyalari, harbiy sanoat kompleksini o‘z ichiga oladi.
Saylovdan keyin Rossiyaga borishi bilan Moskvaga yo‘nalish oldi, degan gap ham bor. Lekin Modi yaqinda AQShga tashrifni xam rejalashtiryapti. Rossiyaga yo‘nalish oldi degan gap AQShga borgach, yo‘qoladi.
— G‘arbning Rossiyani yakkalashga harakati fonida amalga oshirilgan tashrifga xalqaro reaksiyalar qanday bo‘lyapti?
Shuhrat Rasul: — Bloomberg nashri Rossiyani sanksiyalar ostida qoldirish qiyin bo‘layotgani, global janub davlatlari bu sanksiyalarga amal qilavermayotganini alohida urg‘uladi. Jurnalistlar birinchi tashrif Rossiyaga bo‘lganida ramziy ma’no bor, deyapti. Lekin aytilgandek, AQShga ham tashrif bor. Hindistondek katta davlat faqat o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqib ish ko‘radi. Rossiyadan neft olyapsiz, degan gapga Hindiston energetika vaziri biz faqat milliy manfaatlarimizdan kelib chiqib ish qilamiz, Rossiyadan kelayotgan energiya resurslari kerak bizga, dedi jurnalistlarga.
Hindiston G‘arb tanqidlaridan keyin bu hamkorlikni cheklamaydi, bu kabi katta davlatlarga bosim o‘tkazish qiyin. Ukrainadagi bolalar shifoxonasiga zarbadan keyin Zelenskiy matbuot anjumanida Putin va Modi uchrashuviga munosabat bildirib, eng katta demokratik davlat lideri eng qonxo‘r odam bilan quchoqlashib ko‘rishyapti, qanday tushunish kerak, degan ma’noda gapirdi.
Islomxon G‘afforov: — Hozir Modi 73 yoshda, bu oxirgi muddati bo‘lishi mumkin, deya taxmin qilinmoqda. Oxirgisi bo‘lgani uchun u keskinliklarga borishi mumkin, deyilmoqda. Saylovlar o‘tguncha Rossiyaga tashrif buyurmayotgandi, chunki bu reputatsiyasiga ta’sir qilishi mumkin edi, endi bemalol uchrasha olyapti, deyilmoqda. Washington post nashri ko‘proq Bayden hukumatini tanqid qildi. Tramp davrida Hindiston bilan yaqinlashish bo‘lgan, Osiyo Tinch okeani mintaqasini Hind-Tinch okeani mintaqasi deb nomlab, 2017 yilda hamkorlik kuchaygandi va asosiy mudofaa hamkorimiz, degan. Bayden davrida esa munosabatlarda tushishlar bo‘ldi, ahamiyat bermadi Hindistonga. Shu sabab ham Baydenni tanqid qilishdi.
Yevropa nashrlari bu uchrashuv NATO sammiti arafasida bo‘lganiga e’tibor berib, bu sammitga Rossiya va Hindiston javob, deyilyapti. NYT nashri esa Hindiston o‘z manfaatlaridan kelib chiqib geosiyosat olib boryapti, Rossiya tang ahvolidan foydalanyapti, deb yozdi. Hindiston o‘zida muxolif bo‘lgan Rahul Gandi Modining Hindiston shimolidagi ofatlar paytida Rossiyaga borishini tanqid qildi.
— So‘nggi yillardagi Rossiya-Xitoy munosabati yaqinlashuvini Hindiston qanday qabul qilyapti?
Shuhrat Rasul: — Xitoy va Hindiston o‘rtasida raqobat bor. Lekin bu raqobat hozircha siyosiy, chunki Hindiston iqtisodiy raqobat qilolmaydi Xitoy bilan ayni paytda, 4 barobar kam YaIM.
Xitoy taklif qilayotgan kontinental yo‘lga Hindiston ham Yevropaga chiquvchi o‘z loyihalarini taqdim etyapti. Bu narsa geosiyosiy fonda bo‘lyapti. O‘zi Hindiston Yevropaga, Rossiyaga nima sotishi mumkin, Xitoy taqdim etayotgan tovarlarga muqobil variant berolmaydi u. Hindiston iqtisodi yaqin 30 yilda birinchi o‘ringa ko‘tarilishini aytishadi, lekin bunga shubham bor. Xitoy va Hindiston iqtisodini taqqoslashga hali erta. Xitoy dunyoga yuqori texnologiyali tovarlar yetkazib beryapti, Hindiston bunday tovarlar berolmayapti. AQSh va Yevropa Hindistonni o‘ziga tortish uchun geosiyosiy platformada bir o‘yin sifatida Hindistonning yo‘l loyihasini qabul qilyapti. Bu yo‘l qurilsa ham, katta tovar tashilmaydi. Rossiya uchun MO orqali Afg‘oniston bilan o‘tuvchi yo‘l bo‘lsa, yaxshiroq bo‘lgan bo‘lardi.
— To‘ldiruvchi savol: Hindistonning xalqaro siyosiy muhitda aniq bir tomonni tanlamagani, sanksiyalar xavfi yo‘qligi uning rivojlanishi uchun imkoniyat bo‘lishi mumkinmi?
Shuhrat Rasul: — Hindiston o‘z mavqeyidan kelib chiqib hech bir tomonga qo‘shilmaydi, uning tarixiy traditsiyalari bor, bu ham bor. U sovuq urush davrida qo‘shilmaslik harakatini boshlagan edi. Bunday traditsiyalarga ega davlat qaysidir tomonga o‘tishi qiyin masala.
Islomxon G‘afforov: — Pekin va Moskva yaqinlashishini Hindiston o‘zining ko‘p tomonli diplomatiyasi uchun chaqiriq deb biladi. Agar Rossiya va Xitoy juda yaqinlashib ketsa, Hindistonning ko‘p tarmoqli diplomatiyasiga putur yetishi mumkin. Agar Rossiya bilan yaqin bo‘lolmasa, o‘z-o‘zidan G‘arbga og‘ishi mumkin, degan fikr ham bor. Hindiston zamonaviy davlatchiligi paydo bo‘lgandan (1947 y.) beri qaysidir tomonga yo‘nalish olmaydi. Lekin baribir sovuq urush davrida oz bo‘lsa ham SSSRga yuzlangan. Hozirgi kunda shunday muqobil sifatida AQSh o‘zini taqdim etyapti. AQShning xavfsizlik strategiyasida Hindiston Hind okeani mintaqasida lider bo‘lishini, Janubiy Osiyo , Janubi-Sharqiy Osiyoda faol bo‘lishini istashini aytib o‘tgan. Buning uchun harbiy sohada, razvedkada hamkorlik qilishga tayyorligini ham bildirgan
Xitoy kuchayib borayotgan bir paytda AQSh uchun Hindiston asosiy hamkorlardan biri sifatida ko‘rilmoqda. AQSh Hindiston bilan birlashib Xitoyga bosim qilmoqchi, ya’ni uchburchak diplomatiyani qo‘llayapti. Shunday vaziyatda Moskva va Pekin yaqinlashib ketsa, Hindiston Vashingtonga yon bosib, uning ko‘p tarmoqli diplomatiyasiga putur yetishi ehtimoli bor.
Hindiston va Xitoy o‘rtasida katta hududiy muammolar bor. Agar Rossiya va Xitoy yaqinlashsa, Rossiya bu masalada ham Xitoyga yon bosadi.
Yana bir tomondan Hindiston o‘zining Yevrosiyo mintaqasida asosiy rol o‘ynovchi davlat bo‘lishini xohlaydi. Rossiya va Xitoy tandemi paydo bo‘lsa, asosiy jarayonlarda Hindistonni chetlab o‘tish bo‘lishi ham mumkin. Bu narsa Hindistonning Yevrosiyodagi tashqi siyosatiga tahdid sifatida ko‘riladi.
Iqtisodiy omillar ham bor. Hindiston Xitoyning transport logistika koridori loyihalarini qo‘llamaydi. Hindiston o‘zi taklif etyapti shunday loyihani, bunda Eronning Chobahor porti asosiy nuqtaga aylanadi, bu loyihani Rossiya qo‘llayapti. Agar Rossiya Xitoyga og‘sa, bu loyihalarga ham putur yetadi.
Rossiya va Hindiston tandemini AQSh kuchli tanqid qilmayapti, chunki ma’lum manfaati bor. Ya’ni Rossiya Xitoy bilan yaqinlashib ketgandan ko‘ra Hindiston bilan yaqin bo‘lishi ma’qulroq.
— Rossiya–Hindiston munosabatlari Markaziy Osiyo uchun qanday ahamiyatga ega?
Islomxon G‘afforov: — Bu ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik MO, xususan, O‘zbekiston manfaatlariga to‘g‘ri keladi. Ya’ni tranzit habiga aylanish istiqboli paydo bo‘ladi. Lekin MO davlatlari bu Hindiston va Rossiya loyihalariga qo‘shilib, Chobahor porti orqali bo‘ladigan koridorga chiqishi Xitoy bilan aloqalarga ta’sir qilishi mumkin, chunki Xitoy bu loyihani qo‘llamaydi, o‘z loyihasini olg‘a suryapti. Transafg‘on koridorini esa Hindiston qo‘llamaydi. Shu sabab MO davlatlari faol diplomatiya yuritib, barcha koridorlardan unumli foydalanishi kerak bo‘ladi.
Shuhrat Rasul: — Hindiston eng katta farmsanoatga ega. Putin bilan uchrashuvda ham Modi farmatsevtika mahsulotlarini taklif etgan. O‘zbekistonda ham Hindiston farmatsevtikasi faol.
Bizda kommunikatsiya bo‘yicha muammolar bor: Pokiston va Hindiston aloqalari yomon, Afg‘onistondan yo‘l o‘tmagan. Chobahor portidan o‘tuvchi tovarlar MOni chetlab o‘tib ketadi, biz undan ulush ololmaymiz. Hozir Rossiya va Hindiston dengiz orqali tovar almashyapti. Agar quruqlik orqali bo‘lganda, biz ayni chorrahada bo‘lardik va manfaatli bo‘lardi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.