Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida 110 gektar maydonda yangi turar joy massivi quriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev va Marg‘ilon shahri jamoatchiligi vakillari o‘rtasidagi uchrashuvda aytib o‘tildi.
Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida aholi zich yashaydi. Yosh oilalarga va kelgusi avlodlarga munosib sharoit yaratish maqsadida prezident shaharda yangi massiv qurish g‘oyasini ilgari surgan.
«Mamlakatimizning ko‘p joylarida yangi massivlar, shaharchalar quryapmiz. Marg‘ilonliklarning yashash sharoitlaridan, uy-joylarga ehtiyojidan xabarim bor. Shu talab va istaklarni, ko‘pchilik oilalarning orzularini inobatga olib, zamonaviy imoratlar qurishni o‘ylayapmiz», — degan Shavkat Mirziyoyev.
Loyihaga ko‘ra, 110 gektar maydonda bunyodkorlik ishlari olib boriladi. Xususan, 25 ming aholiga mo‘ljallangan 5 mingta xonadonli ko‘p qavatli uylar quriladi. Shuningdek, Burhonuddin Marg‘iloniy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Maqom teatri, yuridik institut, 4 ta mehmonxona, shoir va san’atkorlar xiyoboni, savdo va xizmat majmualari bo‘ladi.
«Bugun borib ko‘rdik, Farg‘onada katta sanoat korxonalari ishlayapti. Yangi elektr stansiyalarini ishga tushirdik. Nima uchun? Xalqimizning sharoiti bo‘lishi uchun, korxonalar barqaror ishlashi uchun. Endi sizlar ham islohotlarga kamarbasta bo‘lib, mahallalar ishsizlik va kambag‘allikdan xoli bo‘lishiga ko‘mak berishingizni istardim», — degan prezident.
Davlat rahbari massivni xorij tajribasi asosida puxta loyihalashtirish, uylar va infratuzilmani uzoqni ko‘zlab qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.