“Kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya Ijtimoiy himoya agentligi tizimida bo‘ladi” – prezident

O‘zbekiston 14:09 / 12.07.2024 8806

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 iyul kuni Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Quvada Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ham tizimni o‘zgartirish zarurligi ta’kidlandi.

“Mahalla yettiligida qanday ishlash kerakligi bo‘yicha tajriba to‘plandi, ularga bank-moliya instrumentlari bilan ko‘maklashish joriy qilindi. Shu bilan birga tizim kengaygan sari yangicha yondashuvga ehtiyoj sezilmoqda”, - dedi prezident.

Yig‘ilishda ehtiyojmand aholi daromad manbai bilan ta’minlanmasa, yana ijtimoiy yordamga qayta-qayta murojaat etishi ko‘rsatib o‘tildi.

“Shu bois, endi kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya bitta, ya’ni Ijtimoiy himoya agentligi tizimida bo‘ladi”, - dedi davlat rahbari.

Avvalroq, O‘zbekistonda nogironlikni belgilashda raqamlashgan tizimga o‘tilishi ma’lum qilingandi.

Unga ko‘ra, bu dastlab Toshkent shahri va Navoiy viloyatida, 2025 yil 1 sentabrga qadar barcha hududlarda bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Baholash Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining moslashtirilgan mezonlari asosida “Inson” markazlari xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Nogironlikni belgilash bilan bir vaqtda uning reabilitatsiya dasturi hamda protezga muhtojligi bo‘yicha ma’lumotlar shakllantiriladi.

 

Ko‘proq yangiliklar: