Bayden bir kunning o‘zida Zelenskiyni Putin, Harrisni - Tramp deb atadi

Jahon 15:08 / 12.07.2024 14636

AQSh prezidenti Jo Bayden Vashingtondagi NATO sammiti vaqtida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni Vladimir Putin deb tanishtirdi, bir necha soatdan keyingi matbuot anjumani vaqtida esa AQSh vitse-prezidenti Kamala Harrisni Donald Tramp deb atadi.

«Endi men so‘zni shunday jasorat va qat’iyatga ega Ukraina prezidentiga bermoqchiman. Xonimlar va janoblar, prezident Putin», — degan 81 yoshli Bayden sammitda Zelenskiyni tanishtirarkan.

Chiqish videosida ko‘rish mumkinki, AQSh prezidenti xato qilganini darhol tushungan. «Prezident Putin? U prezident Putinni yengadi, prezident Zelenskiy. Men bor e’tiborimni u prezident Putinni mag‘lub etishiga qaratganman», — degan Bayden.

Zelenskiy mikrofon oldiga kelarkan, shunday deydi: «Men yaxshiroqman». Bunga javoban Bayden aytadi: «Sen ancha yaxshiroqsan».

Bir necha soat o‘tib matbuot anjumanida qatnashgan Bayden birinchi savolga javob berish asnosida vitse-prezident Kamala Harrisni prezidentlikka Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lgan Donald Tramp bilan adashtirib yuborgan.

«Meni eshiting, agar men uni prezidentlikka loyiq deb o‘ylamaganimda, vitse-prezident Trampni vitse-prezidentlikka tanlagan bo‘lardimmi?» — degan Bayden jurnalistning savoliga javoban.

Reuters agentligi qayd etishicha, matbuot anjumani boshlanishida Bayden tez-tez yo‘talgan va ba’zida o‘z javoblarida chalkashib ketgan, uning oxiriga kelib esa keskin javob bera boshlagan.

  • AQSh prezidenti Jo Bayden 27 iyun kuni Donald Trampga qarshi ilk saylovoldi debatini o‘tkazgandi. Shundan keyin Demokratik partiya vakillari uni saylovoldi poygasidan chiqishga chaqira boshlagan. Bayden bunga javoban noyabr oyiga belgilangan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonmoqchi ekanini aytdi. Politico ma’lumotiga ko‘ra, NATO sammiti arafasida diplomatlar va jahon davlatlari yetakchilari Jo Baydenning yoshi va salomatligi borasida «qattiq tashvishlangan».
  • Amerika OAVga ko‘ra, 2023 yil yozidan buyon Oq uyga Parkinson kasalligi bo‘yicha mutaxassis, nevrolog Kevin Kanard sakkiz bor tashrif buyurgan. Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Piyer bu xabar yuzasidan izoh berarkan, Bayden Parkinson kasalligidan davolanmayotgani va unga qarshi dori qabul qilmayotganini bildirgan.
Ko‘proq yangiliklar: