Ultra o‘nglardan qochayotgan Netanyahu, Medvedevdan muvaqqat tinchlik rejasi va Rossiyada migrantlarga yangi cheklovlar - kun dayjesti

Jahon 13:21 / 11.07.2024 11664

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil harbiylari G‘azo shahriga qayta ko‘chib kirgan aholini yana sektorning janubiy va markaziy qismiga evakuatsiya qilish haqida buyruq bergan. Anklavning shimoliy qismida Isroil HAMAS guruhiga qarshi yangi jangovar operatsiya boshlagan.

Isroilliklar tomonidan samolyotlardan tashlangan varaqalarda «xavfli jangovar harakatlar zonasi»ni tark etish so‘ralgan va sohil bo‘yidagi Dayr ul-Balah va az-Zavaydaga yo‘l olish uchun xavfsiz ikkita yo‘nalish belgilab berilgan.

BMT har doimgidek evakuatsiyaning yangi to‘lqinidan chuqur tashvishda ekanini bildirgan.

Isroil harbiy hukumatni tarqatgach, Isroil bosh vaziri kichikroq xavfsizlik forumi tashkil etib, unga milliy xavfsizlik vaziri, ultrao‘ng millatchi Itamar Ben-Gvirni kiritishni va’da qilgan. Bu haqda Ben Gvirning o‘zi jurnalistlarga intervyusida maqtangan.

«Men faqat bir xil fikrlovchi odamlardan iborat bo‘lmagan forum tuzishni so‘radim. Bosh vazir bunday forum tuzishni va’da qilgandi, lekin hamon tuzgani yo‘q. Shuning uchun biz sanksiyalar qo‘llaymiz», degan Ben Gvir.

Ben Gvir atrofidagilarning aytishicha, Netanyahu uni harbiy kabinetga kiritmaslik uchun hamma narsaga tayyor. Bunga javoban Ben Gvir o‘z partiyasini hukumat koalitsiyasidan olib chiqib ketish bilan tahdid qilib keladi.

Bu orada, G‘azoda o‘ldirilganlar soni 38 ming 295 kishiga yetgan. Urushning 278-kuniga kelib, yaralanganlar 88 ming 241 kishini tashkil etmoqda. O‘tgan sutka ichida isroilliklar 4 ta ommaviy qirg‘in o‘tkazib, 52 kishini o‘ldirdi, 208 kishi yaralandi.

Baydendan xavfsirash

AQSh Vakillar palatasidagi demokratlarning uchdan bir qismi prezidentlik saylovida Jo Bayden emas, boshqa demokrat qatnashishini istamoqda, deb yozdi The Wall Street Journal nashri.

Gazeta xabariga ko‘ra, yana uchdan bir qism demokratlar Bayden saylovda qatnashishiga ko‘nib bo‘lgan, ammo ular g‘alabaga ishonmayapti. WSJ'ga bu haqda shaxsini ma’lum qilmagan demokratlar ma’lum qilgan.

Jurnalistlar vakillar palatasidagi demokratlardan faqat yetti nafari Bayden poygadan chiqishi haqida ochiq gapirgani, qolganlar bu haqda faqat o‘zaro suhbat vaqtida gapirganiga e’tibor qaratgan.

Ma’lumot uchun, 27 iyun kuni AQSh prezidenti Bayden saylovdagi raqibi Tramp bilan debat vaqtida o‘zini juda no‘noq tutgani sabab demokratlar orasida sarosima boshlangan va uning g‘alabasiga ishonch pasayib ketgandi. Bayden esa poygadan chiqish niyati yo‘qligi, Trampni ikkinchi marta ham yengishga ishonchi komil ekanini aytgandi.

Biroq, Vashingtonda o‘tayotgan NATOning yubiley sammitida Baydenning dadil va o‘ktamona gapirishi biroz shubhalarning tarqalishiga xizmat qilgani ham aytilmoqda.

Ruscha ayyorlik

Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari, sobiq prezident Dmitriy Medvedev Ukraina bilan sulh tuzilgach, Ukrainani to‘liq egallab olishga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi.

Moskva va Kiyev sulh shartnomasi imzolab, urushni yakunlaganidan so‘ng Rossiya Ukrainaning butun hududini egallashga tayyorgarlik ko‘rishi kerak, degan Medvedev.

«Hattoki qog‘ozlarga imzo qo‘yib, mag‘lubiyatini tan olganidan so‘ng ham Ukrainadagi radikallarning qolgan qismi ertami-kechmi qayta guruhlanib, Rossiyaning g‘arbdagi dushmaNlaridan ilhomlanib hokimiyat tepasiga keladi. Ana o‘shanda bu yaramaslarni uzil-kesil yanchib tashlash fursati keladi», — deb yozgan Medvedev o‘z telegram kanalida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ana shu paytda Rossiya «banderachilar kvazidavlatining tobutiga uzun po‘lat mix qoqishi», shuningdek, «uning qonli merosi qoldiqlarini yo‘q qilib, qolgan yerlarni rus yeri quchog‘iga qaytarishi» kerak bo‘ladi.

«Hattoki shundan keyin ham Rossiya dushmanlari hech qayerga yo‘q bo‘lishmaydi. Ular kuch to‘plab, mamlakatimizni yo‘q qilish uchun yangi fursat poylay boshlashadi. Biz vatanni himoya qilish uchun kelajakdagi urushlarga tayyor turishimiz kerak», — deb yozgan Medvedev.

NATOning pozitsiyasi

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Shimoliy Atlantika alyansi davlatlari Rossiyaning Ukraina ustidan g‘alaba qozonishiga qo‘yib bera olmasligini ta’kidlab, ittifoqchilarni Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga chaqirdi.

«Bu urush yakunlari global xavfsizlik tizimini keyingi o‘n yilliklar uchun belgilab beradi», — degan u Vashingtonda o‘tayotgan NATO sammiti ochilish marosimida.

Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, «agressiv qo‘shni sifatida Rossiya» bilan «risk va yo‘qotishlarsiz» variantning o‘zi yo‘q. «Eng katta to‘lov va eng katta risk Rossiyaning Ukrainadagi g‘alabasi bo‘ladi. Biz bunga yo‘l qo‘ya olmaymiz», — degan bosh kotib. Uning qayd etishicha, Rossiyaning urushdagi g‘alabasi Vladimir Putinga, shuningdek, Eron, KXDR va Xitoydagi boshqa avtoritar yetakchilarga yanada dadillik baxsh etadi. «Erkinlik va demokratiyani himoya qilish fursati yetib keldi», — degan Stoltenberg.

Bir vaqtning o‘zida u Ukraina kabi yangi davlatlarni NATOga qabul qilishda davom etish kerakligini yoqlagan. Bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, sovuq urushdan so‘ng alyansning kengayishi Yevropani birlashtirgan, integratsiya uchun yo‘l ochgan va qit’aga tinchlik va farovonlik keltirgan. Xuddi o‘shanda bo‘lganidek, bugun ham «tiniq fikr va qat’iyat ko‘rsatilishi kerak», degan u.

Qayd etib o‘tish kerak, Ukrainani NATOga qabul qilish Shimoliy alyansning Vashingtonda o‘tayotgan sammiti kun tartibidan o‘rin olmagan.

AQSh poytaxtida ish boshlagan uch kunlik sammit mobaynida alyansning Kiyevga qurol-yarog‘lar jo‘natilishini muvofiqlashtiruvchi yangi qo‘mondonlik tuzilmalari, ukrainalik harbiylarni o‘qitish, moliyalashtirishni davom ettirish, harbiy yordam ko‘lamini kengaytirish va xavfsizlik sohasida yangi kelishuvlarni imzolash kabi masalalar haqida so‘z bordi. Yaqin 1 yil ichida Kiyevga 5 ta havo hujumidan mudofaa batareyasi va 40 mlrd dollarlik kafolatlangan moliyaviy yordam ko‘rsatilishi e’lon qilindi.

Sanksiyalar ostidagi Rossiya

Rossiya Markaziy banki valuta bozori to‘liq Xitoyga tobe bo‘lib qolganini ta’kidladi.

Bir paytlar yillik 300 trln rubl aylanma bilan Yevropadagi eng yirik bozor hisoblangan Moskva birjasining valuta bozori faqat bittagina valuta bilan ishlay oluvchi «ayriboshlash shoxobchasi» darajasigacha tanazzulga uchradi.

Birjaga va uning asosiy hisob-kitob tuzilmalari — Milliy kliring markazi va Milliy hisob depozitariysiga nisbatan Amerika sanksiyalari joriy etilgach, Xitoy yuani birja valuta bozorining 99,6 foizini egallab oldi, deyiladi Markaziy bankning iyul oyidagi «Moliya bozorlaridagi risklar sharhi» hisobotida.

Rossiya Ukrainada urush boshlagunga qadar Moskva birjasidagi valuta oldi-sotdilarining atigi 3,5 foizi yuan hissasiga to‘g‘ri kelardi. 2024 yilning boshida bu ko‘rsatkich 50 foizgacha ko‘tarilgan. Endi esa Rossiyaning asosiy savdo maydonchasida yuandan boshqa deyarli hech narsa qolmadi. Bozorning qolgan 0,4 foiz qismini «do‘stona» davlatlarning valutalari egallagan. Ularning orasida Belarus rubli va Qozog‘iston tangasi kabilar bor va ularning kursini Mosbirja bosh sahifasiga joylashtirib qo‘ygan.

Shuningdek, ikki yil avval zararli dollar va yevroga muqobil sifatida ko‘rilgan Turkiya lirasi bilan ham savdolar davom etmoqda, lekin bu savdolar miqyosi shitob bilan tushib bormoqda. Agar o‘tgan yili lira bilan oyiga 50 mlrd rubl, kuniga 2 mlrd rubl savdo bo‘lgan bo‘lsa, endi aylanmalar qariyb 100 barobarga tushib ketgan — kuniga 20–30 mln rubl.

Rossiyada migrantlarga cheklovlar

Rossiyada rasman ishga joylashmagan migrantlarning qarindoshlarini Rossiyaga kiritishni taqiqlash, ularning farzandlarini esa rus tilidan bazaviy imtihon topshirgachgina maktabga qabul qilish rejalashtirilmoqda, deb yozmoqda Baza.

Nashrning ma’lumotlariga ko‘ra, RF Xafsizlik kengashi Ichki ishlar vazirligi va boshqa idoralarga Rossiya hududiga xorijlik mehnat migrantlarining qarindoshlarini kiritmaslik masalasini ishlab chiqish topshirig‘ini bergan. Baza’ga ko‘ra, vaziyat bilan tanish manbalar bunday qonun loyihasi ustida allaqachon ish boshlanganini aytishgan.

Xorijiy fuqarolarning farzandlarini maktabga o‘qishga qabul qilishda rus tilini qay darajada bilishini testdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun loyihasi allaqachon Davlat dumasining quyi palatasiga kiritilgan. Qonunga tushuntirish xatida yozilishicha, maktab ta’limini olish uchun o‘quvchi rus tilini bilishi shart, bu tilda erkin so‘zlasha olishi va ta’lim dasturini tushunishi lozim.

Ko‘proq yangiliklar: