Joylarda korrupsiya bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi.
Navoiy viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmatining Kiberxavfsizlik bo‘linmasi katta tezkor xodimi Karmana tumanida yashovchi fuqaroning plastik kartasidan 62 mln so‘m pul mablag‘ini noqonuniy yechib olgan shaxslarni aniqlab berish evaziga 600 AQSh dollari talab qilgan. Bunday holatlarni fosh etish katta tezkor xodimning bevosita xizmat vazifasiga kirsa-da, u jabrlanuvchidan so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida DXX va departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Sirdaryo viloyatida kuzatilgan holatda Yangiyer shahar IIB Jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya guruhi katta inspektori probatsiya nazoratida turgan, joriy yilning fevral oyida sud hukmiga asosan JKning 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan aybli deb topilib, axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan shaxsni jazoni Yangiyer shahrida o‘tamaslik, Toshkent shahrida erkin tadbirkorlik faoliyatini olib borishi uchun yordam berish, yashash manzilini tekshirmaslik hamda chora ko‘rmaslik evaziga Yangiyer shahridan 2 xonali uyni sotib olib, uning nomiga rasmiylashtirib berishini hamda 500 AQSh dollari miqdorida pul mablag‘i berishini talab qiladi.
DXX xodimlari tomonidan prokuratura va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda katta inspektor 400 AQSh dollari hamda 1 mln 260 ming so‘mni o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ushlangan.
Sirdaryo viloyatidagi yana bir holatda, Guliston shahar elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i 2023 yilning may oyidan 2024 yilning may oyiga qadar ushbu korxonada elektr energiyasi oqimini hisobga olish va nazorat qilish muhandisi vazifasida ishlab kelib, savdo faoliyatini olib borishga ixtisoslashgan MChJning elektr energiyasidan 202 mln 500 ming so‘mlik qarzdorligini tanishlari orqali hisobdan chiqartirib berish evaziga 90 mln so‘m talab qilgan.
U 2023 yilning iyun-dekabr oylari davomida tadbirkordan jami 78 mln so‘m olgan, ammo va’dasining ustidan chiqa olmagan. U qarzdorlikni bazadan o‘chirtira olmasdan, barcha olgan pullaridan dastlabki 3 mln so‘mni uchinchi shaxs orqali qaytarib bergan vaqtida DXX va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Toshkent viloyatining Qibray tumanida faoliyat yurituvchi xususiy korxona rahbari o‘zining mansabdor tanishlari orqali Namangan viloyatining Davlatobod tumanida barpo etilayotgan “Yangi Namangan shaharchasi”ni ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun Kosonsoy shahridagi suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilish loyihasini tender savdolarida yutib berish evaziga tadbirkordan 4 mlrd so‘m talab qilgan. DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u oldindan 30 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik rahbari ushbu noqonuniy ishga aloqador ekanligi aniqlanib, u ham protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.