Dushanba kuni Kiyevdagi «Oxmatdet» bolalar shifoxonasi hududiga tushgan raketa, katta ehtimol bilan, rossiyalik harbiylar tomon uchirilgandi, deb hisoblaydi BBC nashrining ma’lumotlarni tekshirish bo‘yicha bo‘limi BBC Verify jurnalistlari bilan gaplashgan ekspertlar.
Ukraina ichki ishlar vaziri Igor Klimenko shifoxonaga zarba oqibatida ikki kishi halok bo‘lib, 32 kishi yaralanganini aytgan, jumladan sakkiz nafar bola turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. Ukraina hukumatining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha kuni Kiyevda rossiyaliklarning raketa zarbalari oqibatida jami 31 kishi halok bo‘lib, 117 kishi yaralangan.
Ukraina QK havo kuchlari mamlakat shaharlari, jumladan Kiyev bo‘ylab jami 38 ta raketa uchirilganini ma’lum qilgan: «Kinjal» va «Tsirkon» gipertovushli raketalari, ikkita X-22, dengizdan uchiriladigan «Kalibr» rusumli 14 ta qanotli raketa va strategik bombardimonchilardan uchiriladigan X-101 rusumli 13 ta qanotli raketa.
Ukrainalik harbiylar 30 ta raketa, xususan, «Kinjal», 11 ta X-101 va 12 ta «Kalibr» urib tushirilganini ma’lum qilgan. Ammo raketalarning bir qismi Kiyev shahri markazi atrofiga — mamlakatdagi eng yirik «Oxmatdet» bolalar shifoxonasi joylashgan Lukyanovka rayoniga tushgan.
Rossiya mudofaa vazirligi «yuqori aniqlikdagi qurollar» bilan «Ukraina harbiy sanoat obektlari hamda Ukraina qurolli kuchlari aviatsiya bazalari» nishonga olinganini ma’lum qilgan.
Shu bilan birga, Rossiya hukumati vakillari biror dalil keltirmagan holda Kiyevdagi bolalar shifoxonasiga Rossiya raketasi emas, ukrainlar havo hujumidan mudofaa tizimi raketasi parchalari tushganini bildirgan.
«Men sizni RF mudofaa vazirligining har qanday fuqarolik nishonlariga hujumlar bo‘lganini istisno qiladigan bayonotiga amal qilishga chaqiraman. U yerda gap qarshi raketalar qulagani haqida boradi», — degan Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova Rossiya qo‘shini Ukrainadagi «harbiy obektlarga qarata yuqori aniqlikdagi qurollar bilan guruhli zarbalar yo‘llagani», bolalar shifoxonasiga esa go‘yoki «g‘arbning NASAMS zenit-raketa kompleksi raketalaridan biri tushgani»ni aytgan.
Bu Rossiya raketasi bo‘lganiga oid qanday versiyalar bor?
Kreml va Rossiya mudofaa vazirligining bayonotlari zarba vaqtida olingan videoyozuvlarga asoslangan kartinaga zid keladi.
BBC harbiy sharhlovchisi Pavel Aksenov ta’kidlashicha, zarba kamera obektivlariga muhrlangan va videoyozuvlardan kamida bittasida raketa ancha aniq ko‘ringan.
Uning dum qismi sezilarli darajada qalinlashgan bo‘lib, bu joyi rossiyaliklarning qanotli raketasi dvigatelidek ko‘rinadi — zenit raketalarda esa bunday joyi bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, boshqa bir videoda turboreaktiv dvigatel ishlashidan chiqadigan tovush eshitiladi, zenit raketalardan farqli o‘laroq, qanotli raketalarning aksar qismi shunday dvigatel bilan jihozlanadi.
Va nihoyat, raketa yerga baland burchak ostida to‘g‘ridan to‘g‘ri harakatlangani shuni ko‘rsatadiki, bu oxirgi pallagacha boshqariladigan parvoz bo‘lgan. Bu raketa havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilmagani, muayyan nishonga qarab ketayotganini ko‘rsatadi.
BBC Verify bo‘limi ikki videoni tahlil qilish orqali ularning geolokatsiyasini aniqlagan. Bundan tashqari, qurollar bo‘yicha olti nafar ekspert bir ovozdan bu havo hujumidan mudofaa tizimi raketasi bo‘lmaganini tasdiqlagan.
Ularning barchasi videodagi raketaning muayyan turi borasida yuz foizlik ishonchga ega bo‘lmasalar ham, bu katta ehtimol bilan Rossiyaning aviatsiyadan uchiriladigan qanotli raketasi bo‘lgan deb hisoblamoqda.
Olti nafar ekspertdan to‘rt nafari BBC bilan suhbatda bu Rossiyaning X-101 raketasi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishgan — bu Ukraina tomonining bayonotlariga ham mos keladi.
Bu X-101 raketasi bo‘lgani haqidagi versiyani Oslo universitetidan bo‘lgan ekspert, raketa texnologiyalari bilan professional darajada shug‘ullanuvchi Fabian Hofmann ham tasdiqlaydi. Rossiyadagi manbalarning Kiyevdagi shifoxona qarshi uchirilgan raketa nishoniga aylangani haqidagi da’volarini Hofmann «mutlaqo aqlsizlik»deb atagan.
Hofmann videodagi raketa shifoxonaga yaqinlashayotganida bus-butun bo‘lgani, uning fyuzelyajida hech qanday shikastlanish ko‘rinmagani va dvigatel odatdagidek ishlashda davom etganiga e’tibor qaratgan. Ekspert shuningdek raketa parvozi trayektoriyasi «to‘liq nazorat ostida» bo‘lib ko‘ringanini yozadi.
Ukraina xavfsizlik xizmati ham shunday axborot berib, bolalar shifoxonasiga urilgan raketa parchalari fotosuratlarini e’lon qilgan. Suratlarga ilovada bu parchalar X-101 raketasiga tegishli ekani aytilgan.
Harbiy ekspert Yuriy Fedorov «Agenstvo» nashriga intervyusida «videodagi tutun ustunlari jiddiy jangovar kallak portlaganidan darak berishi, urib tushirilgan raketa parchalari qulaganida bunday portlash keltirib chiqara olmasligi»ni aytadi.
«Videomateriallar tahlili va voqea joyida o‘tkazilgan baholashlar shuni ko‘rsatmoqdai, katta ehtimol bilan, bolalar shifoxonasi tutib olish tizimlaridan emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbadan shikastlangan», — degan BMTning Ukrainadagi Inson huquqlarini monitoring qilish bo‘yicha missiyasi rahbari Daniel Bell.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shifoxona Rossiya raketasi zarbasidan jabrlangani ehtimoli yuqori.
Ukrainlar havo hujumidan mudofaa tizimi nega to‘xtata olmagan?
BBC sharhlovchisi Pavel Aksenov rossiyalik harbiy blogerlar zarbadan keyinoq Rossiya raketalari ukrainlarning havo hujumidan mudofaa vositalaridan o‘ta olgani va nishonlarga borib urilgani haqida yozishganini eslatadi.
Bu ukrainlar havo hujumidan mudofaa tizimi bir vaqtning o‘zida ko‘p sonli raketalar paydo bo‘lishi tufayli maksimal darajada yuklangani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Bu versiyani BBC Ukraina xizmatiga bergan intervyusida Ukraina QK bosh shtabi boshlig‘ining havo hujumidan mudofaa masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari, general Igor Romanenko ham tasdiqlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar ko‘p miqdordagi raketalarni bir vaqtda, turli tashuvchilardan uchirish orqali ukrain havo hujumidan mudofaa vositalarini qiynab qo‘ygan — raketalar parvoz vaqtida yo‘nalishini ham o‘zgartirgan.
Bundan tashqari, Rossiya armiyasi taktikani biroz o‘zgartirgan va hujumni ikki bosqichda amalga oshirgan — raketalarning birinchi partiyasi tunda uchirilgan, ikkinchisi — tushga yaqin.
«Ular havo hujumidan mudofaa tizimlariga haddan ortiq yuklama tashlashdi. Bizda birinchi navbatda barcha ballistik raketalar bo‘yicha ishlash uchun zenit-raketa komplekslari batareyalari yetarli emas», — deydi Romanenko.
BBC rus xizmati harbiy sharhlovchisining so‘zlariga ko‘ra, X-101 raketasi ancha yangiligi, unda radiolokatsion kurash vositalarining samaradorligini pasaytiruvchi texnologiyalar qo‘llangani tufayli ham bu hujum o‘tkazib yuborilgan bo‘lishi mumkin.
Qolaversa, ushbu raketa nishonga yaqinlashayotganida qarshi uchiriladigan raketalarni chalg‘itish uchun issiqlik tuzoqlari tarqatadi va dipol reflektorlar (radarlar samaradorligini kamaytiruvchi folga) chiqaradi. Boshqa tomondan, dvigatel uni payqash darajasini ham oshiradi, ammo shunga qaramay, X-101 raketalarini tutib olish oson emas.
Nega shifoxona nishonga aylandi?
BBC Verify gaplashgan ekspertlarning so‘zlariga qaraganda, shifoxona hududiga kelgan rossiyaliklar raketasi maqsadli zarba bo‘lgan. Ammo ekspertlar nega aynan shu obekt nishon bo‘lgani borasida aniq javob berishmagan: bu o‘rinda faqat turli versiyalar haqida gapirish mumkin.
«Raduga» konstruktor byurosidagi ishlab chiqaruvchilar aytishicha, 5 ming kilometr masofaga harakatlanishidan tashqari, ancha aniq yo‘naltirish tizimiga ham egaligi X-101’ni strategik raketa qiladi.
X-101 uchun aytilgan ehtimoliy og‘ish doirasi (o‘q-dorining kamida 50 foizi tushishi kerak bo‘lgan nishon atrofidagi doira radiusi) 20 metrni tashkil etadi.
Shu bilan birga, yo‘naltirish tizimi sun’iy yo‘ldosh signaliga bog‘liq emas — u mahalliy hudud relefining bort kompyuteri xotirasiga yuklangan elektron xaritasidan foydalanadi. Final bosqichida raketa o‘zini yo‘naltirish tizimini ishga tushiradi, turli ma’lumotlarga ko‘ra, bu yoki radiolokatsion, yoki optik-elektron bo‘lishi mumkin, bu esa aniqlikni yanada oshiradi.
Ukrainalik harbiy ekspert, Defense Express agentligi tahlilchisi Ivan Kirichevskiy BBC Ukraina xizmatiga aytishicha, zarba berishda X-101 raketasining «Izdeliye 504AP» deb ham nomlanadigan takomillashtirilgan versiyasi ishlatilgan bo‘lishi mumkin.
«Bu versiyaning alohidaligi — unda koordinatalar bo‘yicha yo‘naltiruvchi kompyuterdan tashqari, nishon tasviri bo‘yicha yo‘naltiradigan optik-elektron stansiya ham bo‘ladi», — deya izohlaydi Kirichevskiy.
Boshqa so‘z bilan aytganda, ekspertning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar raketani uchirishdan oldin, raketa nishonga aniq yetib borishi uchun kompyuter xotirasiga nafaqat koordinatalarni, balki «Oxmatdet» tasvirlarini ham kiritishi kerak bo‘lgan.