Saylovdan so‘ng: Fransiya bir muddat “parlament respublikasi”ga aylanadimi?

Jahon 18:56 / 09.07.2024 4670

Fransiya parlamentiga saylovlarda hech bir partiya 50 foizdan ko‘p o‘rin olmadi, endi hukumatni shakllantirish uchun koalitsiya tuzishga to‘g‘ri keladi. Ichki siyosatni yuritishda bosh vazirning o‘rni katta va u prezidentga emas, parlamentga hisobdor, shu sababli agar yangi bosh vazir Makronning partiyadoshi bo‘lmasa, Fransiya shartli ravishda parlament respublikasiga aylanadi, deydi Kun.uz bilan suhbatda tahlilchi Humoyun Boboyev.

Fransiyada 30 iyun kungi parlament saylovlarining 1-turida hech bir partiya 50 foizdan ko‘p o‘rinni ololmagan edi. Shu sababli 7 iyul kuni 2-tur bo‘lib o‘tdi.

Ko‘pchilik 1-turda eng ko‘p ovoz olgan muxolifatchi Marin Le Penning partiyasi g‘alabasini taxmin qilgandi. Ekzit-poll natijalari ham shuni ko‘rsatgan.

Lekin birinchi o‘rinni so‘llar va yashillarning alyansi – “Yangi xalq fronti” egalladi. Ikkinchi o‘rinni – amaldagi prezident Makron boshchiligidagi markazchilar, ya’ni parlamentdagi yakkahukmronligini boy bergan “Birgalikda” bloki band etdi. O‘ta o‘ngchilar Marin Le Pen va Jordan Bardellaning “Milliy birdamlik” (yoki “Milliy birlashuv”) partiyasi uchinchi bo‘ldi.

Saylov natijalari e’lon qilingach, hukumat rahbari – shu yil yanvarida Fransiya bosh vaziri etib tayinlangan Gabriyel Attal iste’foga chiqishini ma’lum qildi.

Emmanuel Makron navbatdan tashqari saylovni Yevroparlamentga bo‘lgan saylovlarda Fransiyadan o‘ta o‘ngchilar g‘alaba qozonishi ortidan e’lon qilgan edi. “Paris-Nanterre” universiteti magistranti Humoyun Boboyevning Kun.uz bilan suhbatda aytishicha, prezident puxtalik bilan saylovda o‘ta o‘ngchilar g‘alabasiga qo‘yib berishni istagan bo‘lishi mumkin. Bu esa 2027 yilgi prezidentlik saylovida uning partiyasiga qo‘l kelardi.

“Prezident Makron xalq kim tomonida ekanini shu on aniqlaymiz, dedi. Lekin mana, saylovdan keyin u tanqidlar ostida. Chunki na hukumat tuzilishi, na kim bilan koalitsiya tuzish ma’lum emas. Shunday bo‘lsa-da, Makronning bu ishi to‘g‘ri. U agar saylovni o‘tkazmasa, navbatdagi uch yilni tanqidlar ostida yashardi. Xalq, media va ayniqsa, o‘ta o‘ngchilar uni qo‘rqoqlikda ayblardi.

Bundan tashqari, agarda o‘ta o‘ngchilar shu gal g‘alaba qozonganda 3 yil hukumatni boshqarar edi. 2027 yilga kelib esa Makron ularni hech nima qilolmaganlikda ayblardi”, – deydi Humoyun Boboyev

Endi fransuz siyosiy tizimi oldida koalitsion hukumat tuzish vazifasi turibdi. Bu esa oson emas.

Makron o‘ta o‘ngchilar bilan ishlamaydi, chunki ikki tomon g‘oyaviy dushman. Biroq so‘llardagi asosiy kuch – “Bo‘ysunmas Fransiya” partiyasi ham allaqachon Makron bilan ishlamasligini ma’lum qilgan. Shunday sharoitda, qolgan partiyalar bilan ishlash va tezroq hukumat tuzish vazifasini uddalash kerak.

Hozir Makronni tanqid qilishyapti, chunki saylovdan keyin Fransiya uchga bo‘linib ketdi”, – deydi siyosiy tahlilchi.

Boboyevning aytishicha, bosh vazir Gabriel Attalning iste’fosi ham hali-beri qabul qilinmaydi, chunki koalitsiya tuzish oson va silliq ish emas. Buni so‘llar o‘z qo‘liga olishi ham mumkin. Chunki ularda 178 ta o‘rin bor. Bosh vazirni tayinlash uchun partiyaga 289 o‘rin kerak. Demak, bu pog‘onaga eng yaqin so‘llar va yashillarning birlashmasi bo‘lib turibdi. Ammo “Yangi milliy front” ham o‘ta o‘nglar bilan birlashishni istamaydi.

Eslatib o‘tamiz, Fransiyaning amaldagi prezidenti – markazchilar vakilidir. 2017 yildan beri prezidentlik lavozimida ishlab kelayotgan Emmanuel Makron ikkinchi muddatini o‘tayapti va kelgusi saylovlarda nomzod bo‘lmasligini ma’lum qilgan. Shuningdek, fransuzlar Makronni xalq ishonchini oqlamaslik bilan ayblaydi. Bunga esa inflatsiyaning oshishi, aholi xarid quvvatining tushishi, kredit va ipoteka siyosatining inqirozi, qisman migratsion siyosat sabab qilib keltiriladi.

Fransiyaning Makrondan oldingi prezidenti Fransua Olland ham fransuzlarning hafsalasini pir qilgandi. Makrondan farqli ravishda Olland so‘l kuchlar vakili bo‘lgan. Bu esa o‘nglarga uzoq yillardan beri so‘l va markazchilarni to‘xtovsiz nishonga olish, tanqid qilishga bahona bo‘lib kelmoqda.

Shohrux Majidov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: