AOKAda Bosh prokuratura mas’ul xodimi Mansur Ro‘zimov ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda qurilish sohasida qonunchilik ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning o‘tgan davrida qariyb 11 600 ta obektlarda qurilish va ta’mirlash ishlarining sifatli bajarilishi hamda ajratilgan mablag‘ning maqsadli sarflanishi yuzasidan monitoring ishlari amalga oshirilib, tizimli nazorat o‘rnatilgan. Dasturlar ijrosi bo‘yicha mutasaddilar faoliyatini samarali muvofiqlashtirib borish maqsadida Bosh prokuratura ishchi guruhi tomonidan respublikaning barcha hududlarida o‘rganishlar olib borildi.
Xususan, o‘rganishlar natijasida loyiha hujjatlariga asossiz kiritilgan salkam 2,4 trln so‘m mablag‘ maqbullashtirilgan. Shuningdek, obektlarda o‘tkazilgan monitoring tadbirlarida 338 ta holatda sifatsiz bajarilgan 25,5 mlrd so‘mlik hamda 138 ta holatda hisobotlarga qo‘shib yozilgan 44,4 mlrd so‘mlik ishlar bartaraf ettirilgan.
Sohada o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida noqonuniy hujjatlarni bekor qilish bo‘yicha 79 ta protest keltirilgan. Shuningdek, qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha tegishli idoralarga 360 ta taqdimnoma kiritilib, 1 104 nafar shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Qayd etilishicha, aniqlangan qo‘pol qonun buzilishi holatlari bo‘yicha 179 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 90,1 mlrd so‘mlik zarar undirilishi ta’minlangan hamda 9 823 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan.