O‘tgan haftada «Hizbulloh» isroilliklarning Livan janubiga zarbasi oqibatida yuqori martabali qo‘mondonlaridan biri Muhammad Nimah Nosir halok bo‘lgani haqida xabar berdi. Bu Livandagi shialar guruhining o‘tgan yil oktyabrida Isroilga qarshi harakatlarni faollashtirganidan buyon «Hizbulloh» rahbariyati vakillari orasidagi kamida uchinchi o‘lim bo‘ldi.
Payshanba kuni Nosirning o‘limiga javoban bir kunning o‘zida Isroil bo‘ylab 200 ga yaqin raketa va portlovchi moddalar o‘rnatilgan dronlar bilan hujum qilindi.
Isroil bo‘ylab zarbalar deyarli har kuni berilmoqda. Bunga javoban isroillik harbiylar «Hizbulloh»ning harbiy obektlarini o‘qqa tutmoqda va ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, so‘nggi to‘qqiz oy davomida guruhga 1,5 mlrd dollarlik zarar yetkazilgan.
Isroil-Livan chegarasining ikki tomonida besh kilometr radiusda haqiqiy harbiy hudud yuzaga kelgan, bu hududlardan yuz minglab kishilar evakuatsiya qilingan — 100 ming atrofida isroilliklar hamda 90 ming livanlik.
Isroil o‘z hududlari o‘qqa tutilishiga chek qo‘yish va shimoliy hududlar aholisini o‘z uylariga qaytarish uchun kamida «Hizbulloh»ni o‘z chegaralaridan uzoqlashtirishi kerak va aftidan, buning nisbatan mo‘’tadil usullari endi ish bermay qo‘ygan.
Amerika razvedkasi ma’lumotlari ham yaqin haftalarda o‘rtada katta urush boshlanishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. AQSh xavfsizlik xizmatlari buni Isroil va Hamas G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erisha olmagani bilan bog‘laydi.
Ammo Isroildagi ekspertlar bularning to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqadorligi yo‘q deb hisoblaydi.
Katta urush uchun hal qiluvchi turtki nima bo‘lishi mumkin? Va buning oldini olish yo‘llari qolganmi?
Kim birinchi qadamni tashlaydi?
Isroillik ekspertlar bir ovozdan katta urushda birinchi qadamni ertami kechmi sabr kosasi to‘ladigan Isroil tashlaydi deb hisoblamoqda. Ammo ular bunday qadamning ahamiyatini turlicha baholadi: bir qismi buni davlatning terrorga tabiiy va hatto zarur deb hisoblasa, boshqalari – buni halokat deb biladi.
«Isroil mamlakatning butun shimoli har soatda hujumga uchrab, o‘qqa tutilib va terror qilinadigan vaziyatda qancha vaqt yashashda davom etishi mumkin. Shu holatda to‘qqiz oy o‘tdi. Isroil shimoli kimsasiz bo‘lib qoldi. Bunday holatda Isroilning ham sabri tugaydi. Boshqa hech bir mamlakat ham o‘z fuqarolari bunchalik uzoq davr mobaynida o‘ldirib kelinishiga rozi bo‘lmasdi», — deydi BBC rus xizmatiga bergan intervyusida bosh vazirning sobiq maslahatchisi Ariel Bulshteyn.
«Shimoldagi vaziyat global, keng qamrovli urushga aylanib ketishi mumkin, chunki allaqachon holdan toydiruvchi urush davom etmoqda va Isroil buning oldini olishda muhim rol o‘ynaydi», — deb hisoblaydi mojarolar va terrorizm masalalari bo‘yicha isroillik ekspert Yoram Shvaytser.
Tarixga Ikkinchi Livan urushi sifatida kirgan Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasidagi so‘nggi to‘qnashuvdan buyon 18 yil o‘tdi.
O‘tgan vaqt davomida «Hizbulloh» Isroilning shimoliy hududlariga raketa va artilleriya zarbalarini yo‘llashda davom etdi, bunga parallel ravishda o‘z jangovar arsenalini ham o‘stirdi va takomillashtirdi.
Isroillik harbiy ekspertlarning baholariga ko‘ra, bugungi kunda guruh ixtiyorida 200 mingga yaqin raketa, jumladan yuqori aniqlikda harakatlanuvchi va taxminan 700 kilometr masofaga yetib boruvchi — ya’ni amalda Isroilning butun hududlarini qamrab oladigan raketalar mavjud.
Ammo guruhda quruqlik amaliyoti o‘tkazish uchun kuch yetarli emas va ular chegarani birinchi bo‘lib kesib o‘tishga jur’at qilolmaydi, deyishadi ekspertlar.
«„Hizbulloh“ning hujumlari darajasi va shiddati vaqt o‘tgan sayin oshib bormoqda va shunga mos ravishda Isroilning javob berishdagi qat’iyati ham. Voqealar dinamikasi shundan dalolat beradiki, biz kulminatsion nuqtaga yaqinlashyapmiz», — deydi Ariel Bulshteyn.
Buyruq Tehrondan keladi
Turli donorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan, shu bilan birga, falastinliklarning o‘z strategiyasiga ega guruhi bo‘lib qolayotgan Hamasdan farqli o‘laroq, «Hizbulloh» — nafaqat Eron pullari va qurollari evaziga mavjud, balki Eronning Isroilga nisbatan siyosati va maqsadlarining o‘tkazuvchisidir.
Ekspertlar fikricha, «Hizbulloh»ning faollashuvi uning yetakchisi Hasan Nasrulloh aytganidek, Hamasdagi birodarlarni qo‘llab-quvvatlash istagi bilan bog‘liq emas. Shunchaki, Hamas kutilmaganda «Hizbulloh»ga qulay palla yaratib berdi.
«Men Nasrullohning harakatlari falastinliklarning manfaatlaridan kelib chiqqan deb o‘ylamayman. U o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda, shialar o‘qi manfaatlaridan kelib chiqib harakat qiladi, u albatta, o‘z frontini kengaytirish uchun Hamasni ham jalb etishga harakat qiladi. Ammo falastinliklar shunchaki bir komponent», — deb hisoblaydi Yoram Shvaytser.
«Hizbulloh» — Eron rejimining sug‘urta polisi bo‘lib, nafaqat Isroil bilan qurolli to‘qnashuvlarni ta’minlaydi, balki Eronning Livan ichkarisidagi aktivlarini ham himoya qiladi, deydi Vashington institutining Yaqin Sharq siyosati bo‘yicha eksperti Xanin Gaddar.
«[Eronning urushdagi ishtiroki] — nazariya yoki isroilliklarning paranoyyasi emas. Eron allaqachon Isroilga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum qildi [joriy yil aprelida], qolaversa, bu misli ko‘rilmagan hujum edi — turli raketalar, jumladan ballistik raketalar hamda dronlar bilan. Eron foydalanish uchun turlicha qurollarni jamlagan va u buni amalga oshirdi», — degan Isroil bosh vaziri sobiq maslahatchisi Ariel Bulshteyn.
«Eron o‘z maqsadi — Isroilni to‘la yakson etish ekanini yashirmaydi. Tehrondagi maydonlardan birida Isroilning qancha vaqti qolganini ko‘rsatuvchi soat joylashgan. Ya’ni, BMTga a’zo bo‘lgan mamlakat ochiqchasiga boshqa bir davlatni yo‘q qilish rejasini ishlab chiqmoqda», — deya qo‘shimcha qiladi ekspert.
Shu tariqa, siyosiy va iqtisodiy jihatdan zaif bo‘lgan Livan keng ko‘lamli urush boshlanadigan taqdirda amalda qarorlar qabul qilishda hech qanday rol o‘ynamaydi. Buyruqlar Tehrondan keladi, deydi mutaxassislar.
Tomonlarga qaysi palla zarba uchun qulay?
«Isroil Hamasga qarshi urushning intensiv fazasining yakuniy bosqichiga yaqinlashmoqda va amalda o‘z harbiy imkoniyatlarini sarflab yubordi, shimoldagi muammo qarshisida esa yolg‘iz qolmoqda. Va cheksiz kutish holatida bo‘lish imkonsiz», — deydi Bulshteyn.
Isroilning ikki frontda jang qilish imkoniyatini mutaxassislar Hamas bilan urushning avj pallasida
«Hizbulloh» Isroil kuchlarini o‘ziga jalb eta boshlaganidan buyon muhokama qilib keladi.
Isroilda bunday imkoniyat mavjud, ammo unga bosqichma-bosqich harakatlanish ma’qul va G‘azo sektoridagi qaynoq fazaning yakunlanishini shimoldagi amaliyot boshlanishi arafasidagi boshlang‘ichnuqta deb hisoblash mumkin.
Ammo buning uchun Eron oldinga qadam tashlamasligi kerak bo‘ladi.
Tehrondagilar nuqtayi nazariga ko‘ra, ayni vaqtda Isroil eng zaif holatida turibdi: u G‘azodagi urushda kuchsizlangan, ichki siyosiy ziddiyatlar tufayli parchalanish bor, uning harbiy kabineti tarqalgan, Vashington bilan munosabatlar esa yomonlashgan.
Isroil hududlari uzoq masofaga harakatlanuvchi raketalar bilan o‘qqa tutilishi («Hizbulloh» hozirgacha bundan tiyilib kelayotgandi) Isroilni G‘azodagi urushdan keyin nafas rostlash hamda qayta guruhlanishga ulgurmasdan, tezda javob qaytarishga majbur qiladi.
Diplomatiya uchun imkon qoldimi?
Mamlakat shimolida boshlanishi mumkin bo‘lgan urushni isroilliklarning o‘zi «Qiyomat kuni-2» deb atashadi. Bu bilan 1973 yilgi Qiyomat kuni urushiga ishora qilinadi, o‘shanda Isroil arab davlatlari koalitsiyasiga qarshi jang qilishiga to‘g‘ri kelgandi.
Bu urush Yaqin Sharqda mintaqaning zamonaviy tarixidagi eng keng ko‘lamlisi deb hisoblanadi.
Yangi mojaro ikki o‘yinchi qarama-qarshiligi bilan cheklanmaydi, u mintaqaning kattagina qismini qamrab oladi, kamida Eronning proksi kuchlari harakatlanadigan davlatlar — Livan, Suriya, Yaman va qisman Iroqni.
«Eron har tomondan Isroilga ekzistensional tahdidlar ko‘rsatishga urinmoqda: janubdan Hamas va „Islom jihodi“ tomonidan qo‘llov, shimolda — Hizbullohga dov tikilgan, ammo bu boshqa chegaralarimizga ham taalluqli, masalan, Eron Iordaniyadagi vaziyatni loyqalatish va amalda Isroilning eng uzun chegarasini keskinlik o‘chog‘iga aylantirish. Bularning barchasi oshkora umumiy rejaning bir qismidir», — deydi Ariel Bulshteyn.
Hozirda bor e’tibor xalqaro vositachilarga qaratilgan — garchi samaradorligidan umid kam bo‘lsa-da, hozirda falokatning oldini ololadigan boshqa kuch yo‘q.
Isroil vositachilar Livan BMT Xavfsizlik kengashining 2006 yilda qabul qilingan va amalga oshirilmagan 1701-rezolyutsiyasiga rioya etishiga erishishini kutmoqda.
Bu rezolyutsiya Livanning rasmiy armiyasiga aloqador bo‘lmagan har qanday kuchlar Isroil chegaralari yaqinidan olib ketilishi va amalda Livanning janubiy qismini nafaqat «Hizbulloh»dan, balki uning tarmoqlari hisoblangan boshqa barcha harbiy tuzilmalardan tozalashni ko‘zda tutadi.
«Yoki xalqaro hamjamiyat Isroil chegaralari yaqinida terrorchilar mavjudligini butunlay yo‘q qilishga majbur qiladigan qandaydir bosim ko‘rsatish instrumentlarini topadi va shu bilan BMT rezolyutsiyasiga amal qilinadi hamda isroilliklarga yashash huquqi beriladi, yoki Isroil isroilliklarning tinch hayotga bo‘lgan huquqini mustaqil holatda ta’minlashiga to‘g‘ri keladi», — deydi Bulshteyn.
Gap Isroil diplomatik sa’y-harakatlar natijasini yana qancha vaqt kutishga tayyorligida qolgan. Mamlakat shimolidagi holat va 7 oktyabr voqealaridan olingan saboq esa bu uzoq davom etmasligidan dalolat bermoqda.
Shu yil noyabr oyidagi saylovlar natijalari ma’lum bo‘lmagunicha, Isroil hech qanday harakatga qo‘l urmasligi haqidagi fikr ham mavjud. Ularning respublikachilar va demokratlar boshqaruvi davridagi harakatlanish erkinligi — turlicha bo‘ladi.
Oq uyda Donald Tramp bo‘lganida voqealarning har qanday rivojida Isroilning qo‘llab-quvvatlanishi kafolatlangan bo‘lardi.
Ammo mintaqadagi vaziyat dinamikasi Isroilga okean ortidan keladigan xabarlarni kutishiga imkon qoldirishi dargumon.
«Bizning mintaqa o‘lchovlari bo‘yicha AQShdagi saylovlarga halikko‘p vaqt bor. Va ehtimoliy ikki ssenariy, kim g‘alaba qozonishiga qarab, o‘sha vaqtdagi voqealar kartinasiga mos kelaveradi. Axir Isroilning dushmanlaridan hech biri Amerika saylovlarini kutish va hokimiyatga kim kelishini ko‘rish uchun „pauza“ tugmasini bosmaydi», — deydi Isroil bosh vazirining sobiq maslahatchisi Ariel Bulshteyn BBC rus xizmatiga bergan izohida.