O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
HAMAS tinchlik bo‘yicha AQSh rejasini qabul qilgani haqida xabarlar tarqalayotgan bo‘lsa-da, G‘azodagi vaziyat o‘ta og‘irligicha qolmoqda. HAMAS ta’siridagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, urush boshidan buyon bo‘lgada vafot etgan falastinliklar soni 38 ming 193 nafarga yetgan. 276 kundan buyon davom etayotgan urush davomida 88 mingdan ortiq falastinlik jarohatlangan.
Oxirgi bir kun davomida Isroil armiyasi uch hududga hujum uyushtirgan va kamida 40 kishi halok bo‘lgani ma’lum. TRT nashriga ko‘ra, urush boshidan buyon 21 mingdan ortiq bolalar bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
Misr G‘azo bilan chegarada yerosti chegara to‘siqlari qurishni rejalashtirmoqda. Times of Israel xabariga ko‘ra, Mirs tomoni Isroil hukumatini agar HAMAS tinchlik kelishuvini qabul qilib, o‘t ochish rejimi to‘xtasa, Qohira AQSh bilan hamkorlikda G‘azo chegarasida yerosti to‘siqlari qurilishidan ogohlantirgan. Misrliklar shu tarzda G‘azodan kontrabanda tovarlari va qurollar o‘tkazilishining oldini olmoqchi.
Fransiyadagi saylov yakunlari
Fransiyadagi parlament saylovlarida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan so‘l partiyalarning «Yangi xalq fronti» koalitsiyasi yetakchisi Jan-Lyuk Melanshon Milliy kengashga saylovning dastlabki yakunlari e’lon qilinganidan so‘ng Falastin davlatchiligini tan olish zaruriyati haqida gapirdi.
«Bizda Yangi xalq frontidan bosh vazir saylanadi. Ko‘p narsalarni farmon bilan hal qila boshlaymiz. Xalqaro darajada Falastin davlatini tan olish bo‘yicha kelishishimiz zarur bo‘ladi», – degan Melanshon.
U shuningdek, mamlakatda o‘zgarishlar zaruriyati haqida ham gap ochgan.
«Fransiya albatta erkaklar shovinizmi, irqchilik, islomofobiya, antisemitizm va har qanday dinga nisbatan nafrat sahifasini yopgan yangi Fransiyaga aylanishi kerak», – degan so‘l koalitsiya yetakchisi.
Fransiya parlamentiga o‘tgan saylovlarda birorta partiya 577 kishilik yangi parlamentda ko‘pchilik joyga ega bo‘lish imkonini beradigan 289 ta joy uchun ovoz to‘play olmadi. «Yangi xalq fronti» yetakchilaridan biri Jan-Lyuk Melanshon allaqachon o‘ng partiyalar yoki Makronning markazchilar bloki bilan koalitsiya tuzish imkoniyatini rad etib bo‘lgan. «Milliy uyushma»dan Le Pen ham shunday bayonot bilan chiqish qildi.
Ukrainaga raketa zarbasi
Rossiya Ukrainaga yopirilma raketa zarbalari yo‘lladi. Raketalardan biri Kiyevdagi bolalar shifoxonasiga kelib urilgan. Birgina Kiyev shahrining o‘zida halok bo‘lganlar soni 28 dan oshgan, 150 ga yaqin inson jarohatlangan.
Qurbonlar xotirasiga Kiyev va Kriviy Rih shaharlarida 9 iyul motam kuni deb belgilandi.
Shahar harbiy ma’muriyatiga ko‘ra, Solomenskiy rayonida ofislar binosi hujumga uchragan, ko‘p qavatli binoning ikki qavati shikastlangan, 1500 kvadrat metr maydonda vayrongarchiliklar qayd etilgan. Bu yerda yetti kishi halok bo‘lgan.
Kiyevda raketa zarbasi oqibatida Goloseyevskiy va Shevchenkovo rayonlarida uchta transformator nimstansiyalari, shuningdek elektr tarmoqlari to‘liq vayron bo‘lgan yoki shikastlangan, deb xabar beradi DTEK energetika kompaniyasi.
Vitaliy Klichko raketalardan biri Shevchenkove rayonidagi bolalar shifoxonasi binosiga kelib urilganini ma’lum qildi. «Oxmatdet» onalar va bolalar shifoxonasi bo‘limlaridan biri shikastlangan. «Oxmatdet»da ikkita jarrohlik amaliyoti o‘tkazilayotgan bo‘lim vayron bo‘lgan.
Ukraina sog‘liqni saqlash vaziri Viktor Lyashko «Oxmatdet»da qurbonlar borligini xabar qilgan. Rossiya raketasi kelib urilgan binodagi bemorlar shahardagi boshqa tibbiyot muassasalariga evakuatsiya qilinmoqda.
RF qo‘shini bolalar shifoxonasiga «maqsadli» zarba berdi, degan Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak.
«Bu zarba tinch aholi ustiga yo‘llandi, infratuzilmalar bo‘ylab zarba berildi, butun dunyo bugungi terror oqibatlarini ko‘rishi, bunga faqat kuch bilan javob qilinishi kerak», — degan Yermak.
Rossiyadan xavfsirayotgan Shvetsiya
Shvetsiya o‘zining yangi milliy xavfsizlik strategiyasida Rossiyani «eng jiddiy tahdid» sifatida belgilab oldi. Shvetsiya hukumatidagilar ayni paytdagi vaziyat Ikkinchi jahon urushi yakunlanganidan buyon Shvetsiya uchun «eng xavotirli»si ekanini ta’kidlagan.
«Rossiya bizning milliy xavfsizligimiz uchun eng yirik va eng jiddiy xatar bo‘lib turibdi», — degan mamlakat mudofaa vaziri Pol Yonson.
U shuningdek, KXDR va Eron Rossiyani Ukrainaga qarshi urushda faol qo‘llab-quvvatlayotganini qayd etgan.
Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lganidan so‘ng Rossiya ularning sun’iy yo‘ldoshli tarmoqlar ishini barbod qilayotganini ham ta’kidlangan. Shvetsiya tahdidlarning oldini olish uchun o‘z qurollik kuchlarini mustahkamlashga, portlar, yo‘llar, temiryo‘l tarmoqlari, kasalxonalar va boshpanalarni takomillashtirishga kirishgan.
Ayni paytda Shvetsiya energotizimi geografik joylashuvi va eskirgan stansiyalar tufayli eng zaif holatda qolmoqda. Qirollikning 15 ming km elektr uzatish liniyalari bor. Ular mamlakat shimolidagi sanoat markazlarini janubdagi eng asosiy shaharlar bilan bog‘laydi. Kabellar qalin o‘rmonlar orqali o‘tadi. Bu esa Yevropaning boshqa davlatlariga nisbatan tarmoqni diversiyalar uchun zaif holatga keltiradi.
Orbanning Xitoyga tashrifi
Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinping Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuvi chog‘ida barcha tomonlar Ukrainada o‘t ochishning to‘xtatilishidan manfaatdor ekani, biroq yirik davlatlar «ijobiy energiya» namoyon eta boshlagandagina bunga erishish mumkinligini ta’kidladi, deb yozadi Xinhua.
Agentlik xabariga ko‘ra, Si Jinping va Viktor Orban Ukrainadagi krizisni batafsil muhokama qilishgan. Vengriya bosh vaziri Kiyev va Moskvaga tashrifi borasida Xitoy yetakchisini boxabar qilgan. O‘z navbatida XXR raisi Orbanning sa’y-harakatlarini yuqori baholab, Xitoy pozitsiyasi haqida so‘zlab bergan.
Xinhua agentligi yozishicha, Si Jinping o‘t ochishni to‘xtatib, urushni yakunlash, siyosiy yechim topish barcha tomonlar uchun manfaatli ekanini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda jangovar harakatlar zonasi kengayishi, urush yanada avj olishining oldini olish, vaziyatni imkon qadar sovitishga bor diqqatni qaratish kerak.
«Xalqaro hamjamiyat tomonlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot va muzokaralar o‘tkazish uchun shart-sharoitlar yaratishi va yordam berishi kerak. Barcha yirik davlatlar ijobiy energiya namoyish etsagina o‘t ochishning yakunlanishi tezda sodir bo‘ladi. Xitoy krizisning tinch yo‘l bilan hal bo‘lishiga xizmat qiluvchi tinchlik muzokaralarini faol ilgari surmoqda», — deyiladi xabarda.
«Rosatom» pullari xatlovga olindi
Rossiyaning «Rosatom» korporatsiyasi eng yirik Rossiya-Turkiya investitsion loyihasi — «Aqquyu» AESini qurish uchun o‘tkazib bergan pullar xatlovga olingan. Bu haqda korporatsiya rahbari Aleksey Lixachyov «Rossiya 1» telekanaliga so‘zlab bergan.
«O‘zaro hisob-kitob tizimi zarba ostida. Ular pullarni xatlovga olib, muzlatib qo‘yishmoqda», — deya shikoyat qilgan Lixachyov.
Top-menejerning so‘zlariga ko‘ra, pullarning xatlovga olinishiga «Rosatom» bilan ishlovchi «yuridik shaxslar va banklar o‘rtasida zir qatnab yurgan amerikaliklar» sababchi.
Turkiyada 25 mlrd dollarga baholangan va to‘liq Rossiya tomonidan moliyalashtiriladigan AES loyihasini amalga oshirishga sanksiyalar xalaqit bermoqda, degan Lixachyov. Garchi «Rosatom»ning o‘zi g‘arb davlatlarining cheklov choralari ostiga tushmagan bo‘lsa-da, uning bir nechta shu’ba korxonalari sanksiya ro‘yxatlariga kiritilgan. Ularning orasida yadroviy qurilmalarning montaj texnologiyasini ishlab chiquvchi «Atomstroy» AJ va uranni boyitish uchun sentrifugalar ishlab chiqaruvchi «Tochmash» ishlab chiqarish birlashmasi bor.
Lixachyovning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar va qiyinchiliklarga qaramasdan, «Rosatom» Turkiyada ilk ishga tushiriladigan va rejaga ko‘ra 12 mln iste’molchini tok bilan ta’minlaydigan AES qurilishini davom ettiradi.
Darvoqe, «Aqquyu»dan tashqari Turkiya hokimiyati yana uchta AES qurmoqchi, shuningdek, kichik modul reaktorlarni xarid qilmoqchi. Reuters xabariga ko‘ra, Turkiya energetika vazirligi «Rosatom»dan tashqari amerikalik pudratchilar, shuningdek, Xitoy va Janubiy Koreya kompaniyalari bilan muzokaralar olib bormoqda.