O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar qayta boshlanadi. Yangi hafta ichida Doha va Qohirada G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar qaytalanishi kutilmoqda. So‘nggi oylardagi kelishuvga muvaffaqiyatsiz urinishlardan so‘ng HAMAS va Isroildan bu masalada egiluvchanlik ko‘rsatish kutilmoqda.
AQSh, Misr va Qatar vositachilari ishtirokida yaqin oylar ichida tomonlar cheklangan kelishuv ishlab chiqishi rejalashtirilmoqda. Muzokaralarning yakuniy bosqichida yetakchi vositachilar — AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Byorns, Misr Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Abbos Komil va Qatar bosh vaziri Muhammad ibn Abdurrahmon Ol Soniy, shuningdek, «Mossad» rahbari Devid Barni hamda yetakchi Ismoil Haniya boshliq HAMASning yetakchi mansabdorlari qo‘shilishi kutilmoqda.
HAMAS kelishuvning birinchi fazasi yakunida Isroil o‘t ochishni doimiy to‘xtatishga amal qilish to‘g‘risida yozma majburiyat berish to‘g‘risida o‘z pozitsiyasini yumshatganidan so‘ng kelishuvga erishish imkoniyatlari keskin ortgan.
Biroq, G‘azoni urushdan keyin boshqarish borasida juz’iy qarama-qarshiliklar ham bor. Bu yerda HAMAS o‘zining faol rolini ko‘rmoqda, shuningdek, Isroil qo‘shinlari anklavdan to‘liq olib chiqilishini istamoqda.
Bu orada G‘azodagi urush qurbonlari soni 38 ming 153 nafarga yetgani ma’lum qilindi. Yaradorlar 87 ming 828 nafarni tashkil etmoqda. So‘nggi sutka ichida Isroil armiyasi uchta ommaviy qirg‘in o‘tkazgan. 55 kishi o‘ldirilgan, 123 kishi yarador qilingan.
Fransiyadagi saylovlar
Fransiyada muddatidan avval o‘tkazilgan parlament saylovlari yakunlari e’lon qilindi.
Saylovda eng yaxshi natijani «Yangi xalq fronti» partiyasi namoyish etdi va 182 ta deputatlik mandatini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinda — amaldagi prezident Emmanuel Makronning «Birgalikda respublika uchun» markazchi koalitsiyasi. Ular 168 ta o‘ringa ega bo‘lishmoqda. O‘ngchilar Marin Le Pen va Jordan Bardellaning «Milliy uyushma» partiyasi 143 ta joy oladigan bo‘ldi. Qolgan mandatlarni mustaqil deputatlar va kichik partiyalar vakillari bo‘lib olishgan.
Shunday qilib, birorta partiya 577 kishilik yangi parlamentda ko‘pchilik joyga ega bo‘lish imkonini beradigan 289 ta joy uchun ovoz to‘play olmadi. «Yangi xalq fronti» yetakchilaridan biri Jan-Lyuk Melanshon allaqachon o‘ng partiyalar yoki Makronning markazchi bloki bilan koalitsiya tuzish imkoniyatini rad etib bo‘lgan. «Milliy uyushma»dan Le Pen ham shunday bayonot bilan chiqish qildi.
Bu orada Fransiya bosh vaziri iste’foga chiqishini e’lon qildi. Gabriel Attal o‘ng alyansning parlament saylovlaridan so‘ng 8 iyuldan iste’foga chiqishini aytdi. Lekin u yangi hukumat tuzilgunga qadar o‘z lavozimini bajarib turishini qayd etdi.
35 yoshli Attal Fransiya tarixidagi eng yosh bosh vazir hisoblanadi. Bu lavozimga u shu yilning yanvar oyida kirishgan edi.
Attal Makronning partiyasiga a’zo. Yangi bosh vazir Makronning siyosatini tanqid ostiga oluvchi boshqa partiyadan saylanishi ham mumkin.
Ukrainaga yordam
Buyuk Britaniyaning yangi mudofaa vaziri Jon Hili avvalgi hukumat tomonidan aprel oyida va’da qilingan harbiy yordam paketini 100 kunda yetkazib berishni buyurdi.
«Bizning hukumatimiz harbiy yordam yetkazishni davom ettirishda sobit turadi va ukrainalik do‘stlarimiz bilan qancha kerak bo‘lsa shuncha yelkama-yelka turamiz», — degan Hili Odessaga tashrifi chog‘ida. Bu yerda u Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan Ukraina harbiy dengiz floti kunini nishonlashda qatnashgan.
Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Rossiya agressiyaga qarshi turish hamda «Vladimir Putinni jinoyatlari uchun ta’qib qilish»ga tayyor ekanini qayd etdi.
Britaniyaning Ukrainaga yangi harbiy yordam paketiga 90 ta Brimstone raketalari, 50 ta harbiy katerlar, 40 ta minasizlashtiruvchi mashinalar, 10 ta AS-90 artilleriya qurollari va mudofaa istehkomlarini qurish uchun 61 ta buldozer kiritilgan.
Kiyevga tashrif qilgan Niderlandiyaning yangi tashqi ishlar vaziri Kaspar Veldkamp ham F-16 qiruvchi samolyotlari va Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berish masalalarini muhokama qilgan.
«Mening Niderlandiya tashqi ishlar vaziri sifatida ilk ishchi tashrifim muhim maqsad bilan: Ukrainani mustahkam qo‘llab-quvvatlashimizni qayd etish uchun amalga oshirilmoqda», — degan u.
Ukrainani minalardan tozalash
Yaponiya va Kamboja Ukrainani minalardan tozalashga yordam berishadi. Yaratilayotgan qo‘shimcha loyihaga boshqa davlatlar ham qo‘shilishi mumkin, degan Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yoko Kamikava Pnompenga tashrifi chog‘ida, deb yozadi Associated Press.
Kamikava xonimning so‘zlariga ko‘ra, tashabbus doirasida Kiyev katta sapyorlik mashinasini ham oladi. Texnikani yetkazib berish to‘g‘risidagi hujjat kelgusi haftada imzolanadi. Avgust oyida ukrainlar Kambojaga kelib, texnikadan foydalanishni o‘rganishadi.
Kamboja minalardan tozalash markazi bosh direktori Heng Ratananing aytishicha, mahalliy mutaxassislar «bu muhim tashabbusdan faxrlanishmoqda hamda bilim va texnologiyalar bilan bo‘lishayotgan Yaponiya bilan hamkorlikning yangi strategiyasini qat’iy qo‘llab-quvvatlashadi».
Kamboja sapyorlari bu borada jahondagi eng tajribali mutaxassislar hisoblanishadi, chunki bu mamlakat aholisi 1960-yillarda boshlangan fuqarolik urushi oqibatlari bilan uzoq kurash olib borishgan.
2023 yilda esa Ukraina jahonning eng minalashtirilgan davlatiga aylandi va bu borada Afg‘oniston va Suriyani quvib o‘tdi. Mamlakat hududining uchdan bir qismida millionlab yorilmagan minalar, bombalar va snaryadlar sochilib yotibdi.
Rossiyaga qarshi sanksiyalar
AQSh Moliya vazirligi Rossiya neftini tashiyotgan tankerlar uchun yangi sanksiyalar taklif etdi, biroq Oq uy bunday cheklovlar benzin narxining keskin ko‘tarilishiga olib kelishi mumkinligidan cho‘chimoqda. Bu esa prezidentlik saylovi oldidan istalmagan holat.
Ayni paytda Rossiya «yashirin floti»ning 20 ta tankeri AQSh sanksiyalari ostida tushirilgan. Bu eski tankerlar Rossiya nefti uchun belgilangan yuqori narx chegarasi — barreliga 60 dollardan qimmatroq narxda neft tashiydi. Bunday kemalarning umumiy soni 120 ta.
AQSh Moliya vazirligi mulozimlari tankerlarning qolganlariga ham sanksiyalar qo‘llash, bunday kemalarning savdo-sotig‘ini to‘xtatish va ularni foydalanishdan chiqarishga majburlash choralarini taklif etishmoqda, deb yozadi The New York Times amerikalik mulozimlarga havola qilib.
Biroq prezident Jo Baydenning Oq uydagi iqtisodiy maslahatchilari bu chora AQShda benzin narxining keskin ko‘tarilishiga olib kelishi va bu hol Baydenning saylovoldi kampaniyasiga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkinligini aytishgan.
Tahlilchilar narxlarning sakrashi oldini olish uchun tankerlarga jarimalarni paydar-pay joriy etishni taklif etishmoqda, biroq bu ham Bayden administratsiyasini ishontira olmayapti. Rossiyaning «yashirin floti»ga nisbatan nazarda tutilgan sanksiyalar o‘rganib chiqishda qolib ketmoqda va yaqin orada amaliyotga joriy etilmaydi, deb yozadi The New York Times.
Baydenning katta maslahatchisi Amos Hohshteynga ko‘ra, Oq uyning Rossiya va Eronni jazolash uchun yo‘naltirilgan sanksiyalarga rioya etilishi bo‘yicha harakatlari energiya tashuvchilar narxining sakrab o‘sib ketishining oldini olishga qaratilgan. Aks holda, neft narxi oshib ketsa, amerikalik iste’molchilar zarar ko‘rishi bilan birga, Rossiya va Eronning daromadlari ham orta boshlaydi.
Rossiya neftiga nisbatan yuqori narx chegarasi o‘rnatilganidan so‘ng, Rossiya o‘z neftini eksport qilish uchun «yashirin flot» — signal mayaklari kuzatuv tizimidan uzib qo‘yilgan eski tankerlardan foydalana boshlagan edi.