Turklar Erdo‘g‘an ko‘z o‘ngida yutqazdi, Angliya ham yarimfinalda. Yevroda kun o‘yinlari

Sport 02:02 / 07.07.2024 26076

7 iyulga o‘tar kechasi Yevro-2024 chorakfinal bosqichi ham yakunlandi. So‘nggi o‘yin kunida ham muxlislar ikkita shiddatli bahs guvohiga aylandishdi.

Sautgeyt jamoasi yorqin o‘yin ko‘rsatmasdan ham turnirdagi ishtirokini davom ettirmoqda

Angliya — Shveytsariya 1:1 (Penaltilar seriyasi — 5:3)
Gollar:
Saka (80) — Embolo (75).
Angliya – Pikford, Uoker, Stounz, Konsa (Palmer, 78), Trippiyer (Eze, 78), Rays, Foden (Aleksander-Arnold, 115), Bellinghem, Maynu (Shou, 78), Saka, Keyn (Touni, 109).
Shveytsariya – Zommer, Rodriges, Sher, Akanji, Ebisher (Siyerro, 118), Jaka, Froyler (Amduni, 118), Vargas (Vidmer, 64), Rider (Tsuber, 64), Ndoyye (Zakariyo, 98), Embolo (Shakiri, 109).
Ogohlantirishlar: Sher (32), Keyn (67), Vidmer (85).

Angliya milliy jamoasi boshqaruvidagi yubiley yuzinchi o‘yinida Sautgeyt taktik inqilobga qo‘l urdi. Ayni vaqtda jahon futbolida eng ko‘p tanqid qilinayotgan ushbu inson Shveytsariyaga qarshi o‘yinda ancha vaqtdan buyon ilk bor uch markaziy himoyachiga asoslangan sxema tanladi. Sariq kartochkalari soni ortib ketgani uchun diskvalifikatsiyaga uchragan Gehi o‘rniga Konsa tushirildi — bu oldindan kutilgan tanlov edi, laterallar pozitsiyasi bo‘yicha esa kichik intriga bor edi. Yakunda o‘ng oyoqda o‘ynovchi Trippiyer baribir chap qanotda qoldi, o‘ng qanot esa to‘lig‘icha Sakaga topshirildi.

Mohiyatan, angliyaliklar shveysariyaliklarning taktikasini takrorladi. Italiya bilan o‘yindan to‘la ko‘ngli to‘lgan Murat Yaqin diskvalifikatsiyani o‘tab bo‘lgan Vidmerni ham boshlang‘ich tarkibga qaytarmadi va o‘ng qanotda Riderni qoldirdi.

Shveytsariyaning rejasi ayon edi — to‘pni inglizlarga topshirish va ularni maydonning o‘rta qismida ushlab turib, faqat pozitsion hujumlarga majbur qilish. Qisqa paslar bilan o‘ynaladigan bunday qarama-qarshilikda himoyalanish katta qiyinchilik tug‘dirmasdi, shu bilan birga, raqib himoyasida bo‘shliqlarga ega bo‘lish va qarshi hujumlar o‘tkazish mumkin edi. Avvaliga qizil formadagi futbolchilar buni yaxshi uddalashdi. Ammo golli vaziyatlar yaratilmadi.

Bu o‘yindan qandaydir hujumlar to‘lqinini kutgan muxlislar bo‘lgan bo‘lsa, ular ham 30-daqiqalarga kelib taqdirga tan berishdi. Angliyada burchak zarbasini ijro etganida to‘p oxiri darvozabon Pikfordga yetib keldi...

Shundan so‘ng futbolchilar oldinga o‘tishni bas qilishdi: raqiblar bir-biriga bo‘shliqlar qoldirishmadi, pozitsion hujumlar uyushtirishga bo‘lgan barcha urinishlarni himoyachilar oldindan o‘qib turishdi. Angliya tarkibida faqat Saka ajralib turdi, u o‘z qanotida tez-tez Ebisherni aldab o‘tdi, ammo uning uzatmalari shveysariyaliklar himoyasidan o‘tmadi yoki hujumdagi sheriklar yaxshi ochila olmadi. Hujumkor yarimhimoyachi sanalgan Ebisher asosiy e’tiborini mudofaaga qaratishiga to‘g‘ri kelgani tufayli Shveytsariyaga hujumlarda variantlar bo‘lmadi. Bo‘lim davomida inglizlar beshta, shveysariyaliklar ikkita zarba yo‘lladi, ammo bu zarbalardan birortasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bormadi. Ammo inglizlar bir narsadan xursand bo‘lishi mumkin: bu safar tribunalar ularni kiyim almashtirish xonasiga hushtakbozlik qilib kuzatib qo‘ymadi. Serbiyaga qarshi birinchi o‘yindan buyon bunaqasi kuzatilmagandi.

O‘yindagi birinchi to‘g‘ri zarba 51-daqiqaga to‘g‘ri keldi. Embolo Konsa ortida turib tepgan to‘pni Pikford egallab oldi. Ikkinchi bo‘limda Shveytsariya tashabbusni qo‘lga oldi va o‘yinning ko‘proq qismi inglizlar jarima maydoni joylashgan tomonda o‘ta boshladi. Yaqin birinchi bo‘lib almashtirishlarni amalga oshirdi va jamoa hujumlari keskinlashdi. Sakaning oldindagi faolligi to‘xtadi, Keyn ham himoyaga qaytishga majbur bo‘ldi.

O‘yin yakunlanishiga 15 daqiqa qolganida Shveytsariya hisobni ochishi mutlaqo mantiqiy edi. Hujumni markaziy himoyachi Sher boshlab berdi, uning uzatmasidan keyin jarima maydoni ichida Ndoya to‘pni egalladi va qarama-qarshi qanot tomon pas berdi va Uoker bilan to‘p uchun kurashda ustun kelgan Embolo uni darvoza to‘riga joylab qo‘ydi. Sautgeyt darhol uch futbolchini almashtirdi, ammo hisobni tenglashtirish uchun ularning xizmatiga ehtiyoj sezilmadi. Saka yana o‘ziga keldi va o‘z uslubida gol urdi — qanotdan markazga ko‘chib, to‘pni oyog‘iga moslashtirish uchun ortiqcha vaqt sarflamasdan, uzoq burchakni aniq nishonga oldi. Inglizlar slovaklarga qarshi o‘yinda bo‘lgani kabi darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan ilk zarbasidayoq gol urdi. Shundan keyingi daqiqalarda inglizlar shturm uyushtirishdi, ammo boshqa gol bo‘lmadi va bosh hakam jamoalarni qo‘shimcha bo‘limlarga taklif etdi.

Overtaymda e’tibor tortadigan uchta epizod ro‘y berdi — Raysning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasini Zommer qaytarib qoldi, inglizlar sardori va asosiy penaltichisi Keyn qanotda to‘p uchun kurashda noqulay yiqilganidan keyin Ayven Touniga almashtirildi, Shaqirining burchakdan to‘g‘ri darvoza tomon yo‘llagan zarbasi to‘sin va ustun tutashgan joyga tegdi.

Umuman olganda, jamoalar 30 daqiqa davomida penaltilar seriyasiga rozi bo‘lib o‘ynashdi.

Angliya azaldan penaltilar seriyasida yomon ishtirok etib kelganini hamma biladi. Ammo Sautgeyt va Pikforde davrida dinamika ijobiy tomonga o‘zgardi: 2018 yilgi jahon chempionatida kolumbiyaliklar ustidan g‘alabaga erishilgandi, bir yil o‘tib Millatlar ligasida — shveysariyaliklar taslim etilgandi. Bu safar Pikford qutqardi — u raqib safida birinchi bo‘lib nuqtaga yetkazilgan Akanjining zarbasi yo‘nalishini aniq topdi va bu yetarli bo‘lib chiqdi: ingliz futbolchilarining barchasi — Palmer, Bellinghem, Saka, Touni va Aleksander-Arnold o‘z urinishlaridan aniq foydalandi.

O‘yindan keyin ijtimoiy tarmoqlarda qiziq surat tarqaldi: Pikfordning suv idishida Akanji zarba bersa, chapga tashlanish kerakligi yozilgandi.

Sautgeytni qanchalik tanqid qilishmasin, u pragmatik uslubi bilan kurashni davom ettirmoqda va yarimfinalga yetib keldi.

Niderlandlar turklarga qarshi o‘yinni olti daqiqa ichida o‘zgartirdi

Niderlandiya  Turkiya 2:1
Gollar: de Vrey (70), Gakpo (76) — Oqoydin (35).
Niderlandiya – Verbryuggen, Dumfris, de Vrey, van Deyk, Ake (van de Ven, 73), Shauten, Reynders (Verman, 73), Simons (Zirkze, 87), Bergveyn (Veghorst, 46), Gakpo, Depay (Frimpong, 87).
Turkiya – Gunok, Muldur (Chelik, 82), Oyxon, Bardakchi, Oqoydin (To‘sun, 82), Guler, Kadio‘g‘li, Chalxono‘g‘li, O‘zjan (Yokushlu, 77), Qilichsoy, Yilmaz, Yildiz (Oqturko‘g‘li, 77).
Ogohlantirishlar: Simons (30), Ake (54), van Deyk (64), To‘sun (90+3).

Niderlandlar – Yevro-2024 turnirining oxirgi yarimfinalchisiga aylandi. Ronald Kumana shogirdlari qattiq ter to‘kib, Turkiya to‘sig‘idan o‘tishdi. Endi niderlandlar final yo‘llanmasi uchun Angliyaga qarshi jang qiladi.

Turkiya milliy jamoasi chorakfinal o‘yinidan oldin diskvalifikatsiya tufayli uch futbolchisi, jumladan, oldingi bosqichda avstriyaliklarga qarshi o‘yinda dubl qayd etgan himoyachi Merih Demiraldan ayrilgandi. Boshqa tomondan, o‘yini yaxshi chiqqan kunlari uch futbolchi o‘rnini bosishi ham mumkin bo‘lgan Hoqon Chalxono‘g‘li diskvalifikatsiyani o‘tab, safga qaytdi. Italiyalik murabbiy Vinchenso Montella taktik sxemani o‘zgartirmadi – turklar yana 5-4-1 sxemasida o‘ynadi. Faqat Arda Guler odatdagi kabi «aldamchi to‘qqizik» rolida emas, balki o‘ng qanotda tushdi. Oldinga tezkor Barish Yilmaz joylashtirildi. Biroz o‘tib ular joylarini almashib olishdi. Guler, aftidan, yangi rolida himoyalanish vaqtida qanday harakatlanishni tushunmayotgandi, shu tufayli Montella o‘yin vaqtida tarjimon orqali unga qo‘shimcha tushuntirish berishiga to‘g‘ri keldi. 

O‘yin startidayoq bu o‘yin avvalroq yakunlangan Angliya-Shveytsariya o‘yinidan butunlay farq qilishi ko‘rinib turardi – Memfis Depay jarima maydoniga yorib kirib, zarba berganida hali birinchi daqiqa yakunlanmagandi. Qolaversa, jamoalarning oldingi o‘yinlari, JCh-2022 saralashi doirasidagi to‘qnashuvlar gollarga boy kechgandi (niderlandlar o‘z uyida 6:1, turklar 4:2 hisobida ustun kelgan).

Ammo keyin jamoalar baribir ehtiyotkor futbol tanlashdi. Niderlandlar to‘pga egalik qilishdi, hududiy ustunlikka ega bo‘lishdi. Faqat turklarning tig‘iz himoyasidan o‘tishga yo‘l topa olishmadi. 35-daqiqaga qadar ikki tomon ham darvoza sohasiga aniq zarba yo‘llay olmadi.

Lekin turklarga darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan ilk zarba hisobni ochish uchun yetarli bo‘ldi. Avstriya bilan o‘yinda bo‘lgani kabi Montella jamoasi standart vaziyatdan gol urdi. Burchak zarbasi amalga oshirilganida niderlandlar to‘pni jarima maydonidan uzoqlashtirishdi, ammo turklar ikkinchi tempda muvaffaqiyatga eishdi. Standart vaziyatlar vaqtidagi bunday o‘tish fazalari himoyalanayotgan tomon uchun doimo xavfli bo‘ladi. Bu holatda ham niderlandlarda himoyaviy tuzilma buzilib ketdi va uzoq ustun tomonda «to‘rtga to‘rt» holati yuzaga keldi. Guler golli pas uzatdi – bu safar Demiral o‘rnida boshqa bir markaziy himoyachi Samet Oqoydin bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi.

Kuman maydondagi voqealarni g‘azab bilan kuzatishga majbur edi. Uning futbolchilari to‘pni maydon bo‘ylab olib yurar, ammo raqib o‘yinini izdan chiqara olmasdi. Tanaffusga qadar niderlandlar faqat to‘rtta zarba berishdi, bo‘lim davomida darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan yagona zarba Oqoydinning goli bo‘lib qoldi. Raqib jarima maydonida to‘pga teginishlar statistikasi bo‘yicha ham Niderlandlar Turkiyadan ustunlik qila olmadi (9:9).

Kuman tanaffusda boshlang‘ich tarkib tanlashdagi xatosini anglab yetib, Bergveynni o‘yindan oldi. Ruminiyaga qarshi o‘yinda ham shunday bo‘lgan, «Ayaks» vingeri o‘rniga tushirilgan Malen dubl qayd etgandi. Bu o‘yinda esa murabbiy sxemaga o‘zgartirish kiritishga qaror qilib, o‘zining asosiy jokeri, ulkan gavdali Vaut Veghorstni maydonga tashladi. Ikkinchi bo‘limda niderlandlar ushbu qariyb ikki metrlik hujumchi tomon yuqorilatib uzatmalar oshira boshlashdi. Bunday holatlarning deyarli barchasi turklar jarima maydonida keskinlik yuzaga keltirdi. Veghorstning bo‘lishi Depayga qo‘shimcha erkinlik taqdim etdi va xavf ikki karra ortdi. U himoyada ham yordam berib, hisob 0:1 vaqtida darvozabondan qaytgan to‘pga berilgan zarbani to‘sib qoldi.

Hisobni tenglashtiruvchi golga ham Veghorst qisman aloqador bo‘ldi. Uning zarbasidan keyin ishlangan burchak zarbasi de Freyning goli bilan yakunlandi.

Turklar Avstriya bilan o‘yindagi kabi vaqt o‘tgan sayin bo‘shasha boshladi. Va Kuman shogirdlari, Ralf Rangnik jamoasidan farqli o‘laroq, raqibning charchashidan foydalanib qoldi. 76-daqiqada niderlandlar Yyerdi Shauten maydon markazida to‘pni olib qo‘yishi va o‘ng qanotdan berilgan krossdan keyin g‘alaba golini urishdi. O‘yin davomida Kodi Gakpoga qarshi muvaffaqiyatli o‘ynagan Mert Muldur Dyumfrisning unga yo‘llangan uzatmasini to‘sishga urinib, o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Turnirdagi 10-avtogol.

Mamlakat prezidenti, turkiy davlatlar yetakchilari norasmiy uchrashuvidagi ishtirokini bekor qilib, Berlinga yetib kelgan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an qarshisida o‘ynagan turklar so‘nggi kuchlarini to‘plab, so‘nggi daqiqalarda o‘yinni qutqarib qolishga urindi. Niderlandlar himoyachisi Mikki van de Ven Zeki Chelikning zarbasidan keyin bo‘sh darvozaga kirib ketayotgan to‘pni qaytardi. Keyin Karim Oqturko‘g‘lining bosh bilan yo‘llagan zarbasi xavfli chiqdi. Qo‘shib berilgan daqiqalarda esa darvozabon Bart Verbryuggen superseyv ijro etishiga to‘g‘ri keldi — u yaqin masofadan yo‘llagan zarbani oyoqlari bilan to‘sishga erishdi.

Niderlandlar o‘yin so‘nggida yomon himoyalandi. Turklar zarbalar soni bo‘yicha oldinga chiqib ketdi – 16:11 (jarima maydoni ichidan yo‘llangan zarbalar – 10:7, darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar – 4:4), ammo baribir yutqazdi va turnirni tark etdi. Niderlandlar esa 20 yil o‘tib yana Yevro yarimfinalida o‘ynaydi. Oldinda — Angliyaga qarshi o‘ta qiyin o‘yin kutmoqda.

Yarimfinalda 9 iyul kuni Ispaniya Fransiya bilan, 10 iyulda Niderlandiya Angliyaga qarshi o‘ynaydi. Final 14 iyulga belgilangan. 

Ko‘proq yangiliklar: