Yunusobodda suv bosishi, “Lukoyl”ga qarshi da’vo va arzon BYD va’dasi - hafta dayjesti

O‘zbekiston 21:48 / 06.07.2024 15038

Yunusoboddagi bir nechta mahalla suv ostida qoldi: voqeaga svet o‘chishi sababmi? Jizzaxdagi BYD zavodi direktori arzon narxlarni va’da qildi: bu va’daga ishonsa bo‘ladimi? Raqobat qo‘mitasidan dadil qadamlar: “Lukoyl” javobgarlikka tortiladimi? Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Yakunlanayotgan hafta Toshkentning Yunusobod tumanida yashovchi bir qancha aholi uchun rosa esda qolarli bo‘ldi. 3 iyulga o‘tar kechasi 6- va 7-mavzelar o‘rtasidagi chorrahada magistral suv quvuri yorilib, ikkala mavzedagi ko‘pqavatli uylarning hovlisini tizza bo‘yi suv bosdi.

Bunaqasi Toshkent tarixida avval kuzatilmagan bo‘lsa kerak. Suvning balandligidan, ko‘pqavatli uylar hovlisi sholipoyaga o‘xshab qoldi. Tong otib kunlar isigach, xuddi akvaparkdagi basseynga tushgandek suvga sho‘ng‘igan bolalar ham topildi. Qizaloqlardan biri esa cho‘milish uchun uyidan ballon ko‘tarib chiqdi.

Bolalarga bunaqa unutilmas sarguzashtni kim sovg‘a qilgani aniq emas. Suvchilarning aytishicha, voqeaga shu atrofdagi qozonxonada svet o‘chgani sabab bo‘lgan. “Toshkent shahar suv ta’minoti” korxonasining bayonotiga ko‘ra, elektr uzilish oqibatida quvurlarda bosim ko‘tarilib ketib, 800 va 1200 mmlik quvurlar ulangan joyda avariya chiqqan. “Agar ogohlantirib, shu paytda o‘chiramiz deganida, biz bosimni me’yorida ushlab turgan bo‘lardik, bunaqa holatlar yuzaga kelmasdi”, dedi biz suhbatda “O‘zsuvta’minot” mas’ul xodimi.

Energetika korxonalari suv ta’minoti kompaniyalarining bu bayonotlarini rad etdi. Ularning ta’kidicha, avariya bo‘lgan vaqt oralig‘ida tumandagi elektr ta’minotida hech qanaqa avariyaviy yoki rejaviy o‘chishlar sodir bo‘lmagan. Shu tariqa, texnogen toshqinning haqiqiy sabablari va ko‘rilgan moddiy zararni kim qoplashi masalasi ochiq qolyapti, negadir bular haqida hech qaysi tashkilot gapirmoqchi emasdek ko‘rinyapti.

Ogohlantirmasdan svetni o‘chirgan jazolanadimi?

Hududiy elektr tarmoqlari korxonalari ogohlantirmasdan svetni o‘chirsa, javobgarlikka tortilishi mumkin. Biznes-ombudsman Dilmurod Qosimovning aytishicha, avariyalar bilan bog‘liq bo‘lmagan holatlarda svetni ogohlantirishsiz o‘chirgani uchun “elektrosetlar”ni jarimaga tortish bo‘yicha taklif ishlab chiqilmoqda.

Biznes-ombudsman aytayotgan taklif amaliyotga ko‘chishi uchun hali ko‘p qovun pishig‘i bordek ko‘rinadi, chunki bunaqa tizim bugun joriy etilsa, “elektrosetlar” ertagayoq qarzga botib ketishi aniq. Dilmurod Qosimov bunday taklif ishlab chiqilayotgani haqida biznes vakillari bilan uchrashuvda, ayti sohasidagi tadbirkorlardan birining savoliga javoban aytib o‘tdi. Savol bergan tadbirkor, tijoriy tariflarga o‘tilganiga qaramay, yoz boshlanganidan beri kuniga 3-4 soatlab svet o‘chayotgani, shu sababli chet ellik hamkorlari oldida majburiyatlarini bajarolmay qolayotganini aytdi. “IT svet borligida boshlanadi, tugaganda tugaydi”, dedi u.

2 iyul kuni prezident huzuridagi yig‘ilishda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, davlat rahbarining energetika bo‘yicha maslahatchisi Alisher Sultonov va boshqa mas’ullar sohadagi ishlar bo‘yicha hisobot berdi. Shavkat Mirziyoyev energosamaradorlik va ta’minot uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha talablar qo‘yib, sohada o‘g‘riliklar ko‘pligiga e’tibor qaratdi. Prezidentning aytishicha, hozirgi tizimda noqonuniy ulanishlarning oldini olish emas, oqibati bilan kurashilyapti.

O‘g‘riliklar tanqid qilingan yig‘ilishdan ikki kun o‘tib, “Hududgazta’minot” kompaniyasi boshqaruvi pogonli rahbarga topshirildi. Respublika bo‘yicha gaz tarqatish tizimini boshqaradigan idorada texnika fanlari doktori Bahodir Eshmurodovning o‘rniga Andijon viloyati prokurori Marufjon Xo‘jayev rais etib tayinlandi.

Mahalliy BYD import BYD'dan arzonroq bo‘ladi”

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan BYDʼlar chetdan olib kelinadigan BYD'larga qaraganda arzon bo‘ladi. “BYD Uzbekistan Factory” bosh direktori Shafqatbek Alimov shunday va’da bilan chiqdi. Lekin u muddatlar haqida gapirmadi, ya’ni qachondan boshlab mahalliy modellar import versiyasiga qaraganda arzonroq bo‘lishiga aniqlik kiritmadi. Hozirda bir qator tadbirkorlar Xitoydan olib kelayotgan BYD'lar Jizzaxda yig‘ilgan BYD'larga qaraganda sezilarli arzon bo‘lib turibdi. Bir necha o‘n million so‘mlik farq yo‘qolishi uchun yo import modellar anchaga qimmatlashishi, yoki mahalliy mahsulot narxi keskin arzonlashishi kerak.

Alimov BYD'ning E2, Seagull va Yuan kabi arzonroq modellarini ham ishlab chiqarish rejaga kiritilganini aytdi, lekin bu bo‘yicha ham muddatlar haqida gapirmadi. “Tannarxni pasaytirish va ommabop modellarni xalqqa taqdim etish masalasi birinchi o‘rinda belgilangan”, dedi BYD Uzbekistan rahbari.

O‘zbekiston avtomobil bozorining egasi UzAuto Motors esa oxirgi vaqtlarda Cobalt uchun qayta-qayta kontraktatsiya ochish bilan band. Har safar shartnoma olgan minglab xaridorlar 1 hafta ichida to‘lov qilmagani uchun takroriy sotuvlar ochilyapti. Salonlardagi talato‘plardan keyin to‘liq onlaynga o‘tkazilgan kontraktatsiya jarayonini kompaniya biror martayam texnik jihatdan normal tashkil eta olgani yo‘q. Mas’ullar bunda hakerlarni ayblashda davom etmoqda. Monopolistning juma kungi bayonoti hammasidan o‘tib tushdi. Unda aytilishicha, shu kuni 14 mingta shartnomani tarqatish jarayonida UzAvtoSavdo platformasi faoliyatida “uzilishlar kuzatilmagan”. Albatta, bunaqa bayonot berish kontraktatsiya payti platformadagi nosozliklardan xunobi chiqqan minglab o‘zbekistonliklarda ommaviy galyutsinatsiya kuzatilgan deyish bilan barobar.

Raqobat qo‘mitasi “Lukoyl”ga qarshi ish ochdi

UzAuto Motors bilan bir necha yil oldingi tirashuvdan keyin ancha shashti pasaygandek ko‘ringan Raqobat qo‘mitasi, ikki hafta avval tayinlangan yangi rahbar qo‘l ostida, nihoyat yana faollashganga o‘xshaydi. Qo‘mita kuni kecha Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasiga nisbatan ish qo‘zg‘atdi. Antimonopoliya organiga ko‘ra, birjada oltingugurt narxlari 1,5 barobargacha ko‘tarilib ketgan, buni o‘rganish jarayonida “Lukoyl”ning O‘zbekistondagi sho‘’basi manipulyativ yo‘l bilan narxni sun’iy oshirganiga ishora qiluvchi alomatlar aniqlangan.

Bundan tashqari, Raqobat qo‘mitasi sun’iy yo‘llar bilan taqa-taq to‘xtatib qo‘yilgan lift importi masalasida hukumatni insofga chaqiryapti. Qo‘mitaning pozitsiyasiga ko‘ra, importyorlarning bekor qilib yuborilgan muvofiq sertifikatlari tiklanishi, bitta partiyadagi bir xil liftlarga bitta sertifikat kifoya bo‘lishi kerak. Qolaversa, liftlarni sinovdan o‘tkazish va muvofiqlik sertifikatini berish sohasidagi monopoliyaga barham berish taklif etilyapti.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish organi shu kunlarda hisoblagichlar elektr energiyasini ortiqcha hisoblayotgani haqidagi shikoyatlarni ham o‘rganmoqda. Shuningdek, qo‘mitaning ish stolida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan bog‘liq holat ham bor. Davlat amaldorining xususiy do‘konni tavsiya qilib videoga chiqqani “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga qanchalik to‘g‘ri kelishi o‘rganilyapti.

Elektron tibbiy retseptlarga shu yil o‘tiladi — vazir

Bir necha marta Qirg‘iziston bilan chegarada topilgan yerosti kontrabanda tonnellari endi Qozog‘iston bilan chegarada ham aniqlandi. Davlat xavfsizlik xizmatining xabar berishicha, yashirin tunnel Toshkent tumanini Qozog‘istonning Sariyog‘och tumani bilan bog‘lagan. 310 metrlik yerosti yo‘li havo ventilyatsiyasi, yoritish tizimi, yuklarni tashishga mo‘ljallangan aravalar va arqonlar bilan jihozlangan.

Aniqlanishicha, tunneldan foydalangan jinoiy guruh Hindistonda ishlab chiqarilgan, sifati kafolatlanmagan dorilarni Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga noqonuniy olib kelish bilan shug‘ullangan. Tezkor tadbir vaqtida 107 xil nomdagi 1,1 mlrd so‘mlik minglab dorilar olib qo‘yilgan. Jinoiy guruh a’zolari esa qamoqqa olingan.

Kontrabanda dorilar haqida shu hafta sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov ham gapirdi. Uning aytishicha, tibbiyotda shu yil oxirigacha elektron retsept tizimiga o‘tiladi. Elektron retsept asosida kontrabanda tovar sotilgan taqdirda, bu tizimda ko‘rinishi aytilyapti. Bundan tashqari, tibbiy retseptlarni elektron shaklga o‘tkazish orqali davlat shifoxonalarida bemorlarga keraksiz dorilar yozib berilishining oldini olish maqsad qilingan.

“Aholiga juda ham ko‘p asossiz, keraksiz dori-darmonlar tavsiya qilinyapti. Bu polipragmaziya deyiladi. Polipragmaziya bo‘lgani uchun aholiga juda ham keraksiz, tijoriy manfaat bilan ham dori-darmon berilyapti. Elektron retseptura bo‘lsa, programmaga nima kiritiladi, masalan, qon bosimi ko‘tarilganda qaysi standart bo‘yicha qaysi dorilar ishlatilishi kerak, undan ortiqchasi bo‘lsa vrach ham qo‘lga tushadi, aptekachi ham qo‘lga tushadi”, – dedi Asilbek Xudoyorov.

Prokuratura tizimidagi korrupsiya

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar yana bitta poraxo‘r prokurorni qo‘lga oldi. Bu safar Surxondaryo viloyati prokuraturasi bo‘lim katta prokurori 10 ming dollar pora bilan ushlandi. Xabar qilinishicha, u buncha pulni tadbirkordan, suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish bilan bog‘liq masalalarda yordamlashish evaziga olgan. Tezkor tadbirni prokuror ishlaydigan viloyat prokuraturasining o‘zi va DXXning viloyat boshqarmasi o‘tkazgan.

Boshqa bir holatda, Toshkent shahar prokuraturasi bo‘lim katta prokurori qo‘lga olingan. U ikki tadbirkor o‘rtasidagi 105 ming dollarlik oldi-berdiga aloqador bo‘lishi mumkin. Bu holatda, bir tadbirkor ikkinchi tadbirkordan 105 ming dollar olib, uning ishini prokuror orqali hal qilib berishni va’da qilgan.

Hafta davomida, shuningdek, tadbirkordan 90 mln so‘m olgan Guliston shahar elektr tarmoqlari boshlig‘i ushlangani, Urganch tumani qurilish bo‘limi sobiq boshlig‘iga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Buxoroda 16 yoshli o‘smir bola 17 yoshli qizga uylandi. Kun.uz'dagi ma’lumotga ko‘ra, yigit – Shofirkondan, qiz – Qorako‘ldan, to‘y esa Buxoro shahridagi restoranlardan birida o‘tkazilgan. Bu haqda xabar berilgach, bolalar ombudsmanining aralashuvi bilan, nikoh yoshiga rioya etmagani uchun qudalar 2 mln 380 ming so‘mdan jarimaga tortildi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi – 18 yosh. Faqat muayyan holatlardagina hokim qarori bilan nikoh yoshini uzog‘i 1 yilga kamaytirish mumkin.

Afrikadagi katta “meros”ga ishongan odam 90 ming dollarga chuv tushdi. Toshkentda yashovchi ayol internetdagi firibgarlarning tuzog‘iga ilinib, unga Nigeriyadagi uzoq qarindoshidan 3 mlrd dollar “meros” qolganiga ishongan va uni rasmiylashtirish uchun firibgarlarga jami 90 ming dollarga yaqin pul o‘tkazib bergan, buning uchun hatto o‘zi yashab turgan uyini ham sotgan. Boshqa bir holatda firibgarlar talabaning nomidan 6 ta bankdan 73 mln so‘m onlayn kredit olishga muvaffaq bo‘lgan. Yigit o‘zini Payme va Markaziy bank xodimi deb tanishtirgan qalloblarning aldoviga laqqa tushgan.

Notariusga bormay turib amalga oshirish mumkin bo‘lgan notarial harakat turlari ko‘paydi. Endilikda avtomobil bilan bog‘liq ishonchnomalarni rasmiylashtirish, uy yoki mashinani sotishda turmush o‘rtog‘ining roziligini tasdiqlash, hujjatlar to‘g‘ri tarjima qilinganini shahodatlash videoaloqa orqali ham amalga oshirilishi mumkin. Bundan tashqari, yangi haydovchilik guvohnomasini onlayn rasmiylashtirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Fuqaro imtihondan o‘tgan bo‘lsa bo‘ldi, undan hech qanaqa hujjat so‘ralmaydi. Tayyor guvohnomani davlat xizmatlari markaziga borib yoki qo‘shimcha to‘lov evaziga pochta orqali olish mumkin.

Dok-1 Maks” ishida apellyatsiya sudi yakuniga yetdi. Birlamchi sudda aybdor deb topilgan 23 sudlanuvchidan 7 nafari, xususan Farmagentlik sobiq rahbari Sardor Kariyev hukm ustidan shikoyat qilgan edi. Bir necha oylik protsessdan keyin, 3 iyul kuni Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasi barcha shikoyatlarni rad etib, dastlabki hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi. Eslatib o‘tamiz, fevral oyida “Quramax”ning hindistonlik direktori Singh Ragvendra Pratar 20 yilga, Farmagentlik sobiq rahbari Sardor Kariyev 18 yilga, uning ikki o‘rinbosari esa 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Hafta davomida bolalar ishtirokidagi yana bir nechta avariyalar odamlarni larzaga soldi. Navoiyning Xatirchi tumanida tog‘asi bilan parkka ketayotgan 9 yashar qizni piyodalar o‘tish yo‘lagida avvaliga bitta krossover turtib ketgan bo‘lsa, keyin ikkinchisi ustidan bosib o‘tib ketdi. Qizaloqni o‘ldirgan har ikkala mashina ham aholi yashash punktida tezlikni 140 km/soatdan oshirgan.

Samarqandda esa 2 yil oldin Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitidan oldin 8 polosa qilib, 2 barobarga kengaytirilgan yo‘lda yosh bolani mashina urib ketdi. Shu yerda yashovchilarga ko‘ra, nafaqat bolalar, balki kattalar ham yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tishga majbur, chunki hayhotday ko‘chadagi piyodalar o‘tish yo‘laklari orasidagi masofa – naq 1 kilometr.

Afsuski, qonga botgan yo‘llardagi xavfsizlikka munosabat va shaharsozlikdagi yondashuvlar butkul o‘zgarmasdan, qoidalarga tupurib qo‘ygan haydovchilarning boshini silash davom etaverar ekan, bunday fojialar soni hali-beri kamaymaydi.

Ko‘proq yangiliklar: