Xitoy nega Qozog‘iston hududini bosib olmoqchi bo‘lgandi? SSSR va uning yaqin ittifoqchisi o‘rtasidagi qurolli mojaro tarixi

Jahon 17:03 / 06.07.2024 35681

Xitoy hududi 9 598 962 kilometr kvadrat bo‘lib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha u dunyoda 4-o‘rinni egallaydi. Mamlakat 14 ta davlat bilan quruqlikda, yana bir qancha davlatlar bilan suvda chegaradosh.

Xitoy o‘zi bilan chegaradosh bo‘lgan davlatlarning barchasiga hududiy da’volar qiladi. Aslida bu da’volar 1949 yil Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topgandan buyon saqlanib qolmoqda.

Agar Xitoy tarixiga nazar tashlansa u hududiy da’volar tufayli chegaradosh davlatlar bilan juda ko‘p marta qurolli to‘qnashuvlar sodir etgan. Shu jumladan yaqin ittifoqchisi SSSR bilan ham.

“Chin yurti”ning sovetlar bilan to‘qnashuvlari Stalin vafotidan keyin boshlangan. Gap shundaki, o‘sha paytlarda Xitoy rahbari Mao Tszedun va SSSR rahbari Iosif Stalin do‘stona munosabatda bo‘lgan.

Shu sababli urushdan so‘ng SSSR Xitoyning rivojlanishi uchun bu mamlakatga turli mutaxassislarni yuboradi. Iqtisodiy va moliyaviy yordam beriladi.

Biroq 1953 yil 5 martda Stalin vafot etgach vaziyat o‘zgaradi. “Dohiy”dan so‘ng SSSRni boshqargan Nikita Xrushchyov 1956 yilda partiyaning XX s’yezdida “Shaxsga sig‘inish va uning oqibatlari” haqidagi ma’ruzasida Stalin davrida qilingan ishlarni keskin qoralaydi. “Xalqlar dohiysi” deb ta’riflanadigan Stalinning o‘zini “qonxo‘r va zolim edi” deb ataydi.

Shundan so‘ng sotsialistik lagerga kiruvchi ayrim davlatlar rahbarlari SSSRdan uzoqlasha boshlashadi. Stalin qoralanganidan xafa bo‘lganlardan biri Albaniya rahbari Anvar Xo‘ja bo‘lsa, yana biri Xitoy rahbari Mao Tszedun edi. Shundan so‘ng SSSR va Xitoy munosabatlari soviy boshlaydi.

Oqibatda har ikki davlat o‘rtasidagi hududiy mojarolar yana qo‘zg‘aladi va bir necha marta qurolli to‘qnashuvlar, janglar bo‘lib o‘tadi. 1969 yilda Ussuri daryosidagi Daman oroli hamda Qozog‘istondagi Jalanashko‘l ko‘li va uning atrofidagi yerlar uchun bo‘lib o‘tgan qurolli mojarolar shular jumlasidan edi.

Daman oroli

Hodisa xronologiyasi

1969 yil 2-15 mart kunlari Ussuri daryosida joylashgan Daman oroli uchun Xitoy va SSSR harbiylari o‘rtasida qurolli mojaro bo‘lib o‘tadi. Bu to‘qnashuvlarda sovet tomoni g‘alaba qozonadi.

Bo‘lib o‘tgan janglarda Xitoy tomoni 1 000 nafarga yaqin harbiydan ayrilgan. Yana ko‘plab jangchilar yaralangan. Sovetlar esa 100 nafar atrofida harbiylarini yo‘qotgan va yana shunchasi yarador bo‘lgan.

Uzoq sharqda Daman oroli uchun asosiy to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tganidan so‘ng 1969 yil avgust oyi boshlarida sovet chegarachilari Qozog‘iston sharqida ko‘plab xitoylik harbiylarni payqab qolishadi.

Shundan so‘ng Xitoy harbiylariga hududdan chiqib ketish va muzokaralar o‘tkazish taklifi yuboriladi. Biroq ular javob berishmaydi. Shundan so‘ng sovet harbiylari muqarrar to‘qnashuvga tayyorgarlik ko‘ra boshlashadi. Chegaraga qo‘shimcha kuchlar olib kelinadi, xandaqlar qaziladi.

13 avgust kuni yuzlab Xitoy harbiylari kichik-kichik guruhlarga bo‘linib, “Jalanashko‘l” chegara posti yaqinida yana sovet chegarasini kesib o‘ta boshlashadi.

Sovet harbiylari xitoyliklarga ortga qaytishlarini buyurishganda ular bunga o‘t ochish bilan javob qaytarishadi. Shundan so‘ng otishma boshlanadi va jang tunga borib to‘xtaydi. Ertasi kuni xitoyliklar ortga qaytishadi.

Bo‘lib o‘tgan janglarda sovet harbiylaridan 2 kishi halok bo‘ladi, 10 kishi yaralanadi. Xitoyliklardan esa 19 kishi halok bo‘ladi, uch kishi yarador bo‘lib, asirga tushadi. Asirlarni kasalxonaga olib ketishda ularning ikki nafari vafot etadi.

Biroq hodisa guvohlari bo‘lganlar har ikki tomondan yo‘qotishlar ko‘proq bo‘lganini aytishgan.

Jalangko‘ldagi qurolli mojaro Daman oroli uchun bo‘lib o‘tgan janglardan keyin SSSR va Xitoy harbiylari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ikkinchi yirik to‘qnashuv edi.

1969 yil 14 sentabr kuni SSSR ministrlar soveti raisi Aleksey Kosigin Pekinda Xitoy davlat kengashi raisi Chjou Enlay bilan uchrashib, o‘zaro dushmanlik harakatlarini to‘xtatish haqidagi kelishuvni imzolaydi.

Shundan so‘ng xitoyliklar Qozog‘iston sharqidagi hududlarga boshqa tajovuz qilishmaydi.

Aleksey Kosigin Pekinda, 1969 yil

Oradan qariyb bir yil o‘tgach, 1970 yil 7 may kuni SSSR oliy soveti prezidiumi qarori bilan Jalanashko‘l yaqinidagi qurolli mojaroda qahramonlik ko‘rsatgan bir guruh harbiylar yuksak orden va medallar bilan taqdirlanishadi.

Jumladan, bir kishi Lenin ordeni, besh kishi Qizil bayroq, olti kishi Qizil yulduz, ikki kishi Shuhrat ordenlari bilan, 10 kishi Jasorati uchun, 11 kishi Jangovor xizmatlari uchun medallarini oladi.

Ko‘pchilik tarixchilar taqdirlanganlar ro‘yxati katta (33 harbiy) va orden hamda medallar salmoqli bo‘lgani uchun uchun ham Jalanashko‘l yaqinida xitoyliklar bilan jiddiy jang bo‘lganini aytishadi.

Aslida jang jiddiy bo‘lgan va yo‘qotishlar ham rasmiy ma’lumotlarda ko‘rsatilgandan ancha ko‘p bo‘lgan. O‘sha paytda sovetlar G‘arb OAVda “do‘st” Xitoy bilan to‘qnashuv vahima qilib yuborilmasligi uchun ham uning ko‘lamini kamaytirib ko‘rsatgan.

Bahsli hududning keyingi taqdiri

Jalanashko‘l ko‘li va uning atrofidagi hudud uchun to‘qnashuv sodir bo‘lganda Xitoyni Mao Tszedun boshqarardi. 1976 yil 9 sentabrda u vafot etadi.

Shundan so‘ng Xitoyning yangi rahbariyati Mao Tszedun davridagidan tubdan farq qiladigan iqtisodiy va siyosiy islohotlar o‘tkazadi. Natijada Xitoy G‘arb davlatlari bilan faol iqtisodiy hamkorlik qila boshlaydi.

Garchi mamlakatdagi vaziyat Mao davridagidan keskin farq qilsa-da Xitoyning hududiy da’volari o‘zgarmasdan qoladi. Biroq o‘sha paytda tashqi dunyoga endi-endi ochilayotgan Xitoy hududiy bahslarni qo‘zg‘ab masalani chigallashtirishni xohlamaydi.

1991 yilda SSSR parchalanib ketadi. Shundan so‘ng Xitoy sobiq ittifoq respublikalariga nisbatan hududiy da’volarini qayta ko‘tarib chiqadi.

Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan chegara hududlarda joylashgan bahsli yerlarni berishni talab qiladi. Ba’zi hududlarni oladi.

Jumladan, 1998 yilda Almati shahrida o‘tkazilgan “Shanxay beshligi” (Shanxay hamkorligi tashkiloti boshida shunday deb atalgan) sammitida Qozog‘iston rahbari Nursulton Nazarboyev va Xitoy rahbari Tszyan Tszenmin Jalanashko‘l atrofidagi bahsli hududlarni Xitoyga topshirish haqidagi kelishuvni imzolashadi.

Shu tariqa Xitoy Qozog‘istondan qariyb 1 000 kilometr kvadrat yerni olishga muvaffaq bo‘ldi. O‘shanda Nazarboyevning bu ishi Qozog‘iston aholisining keskin tanqidiga uchraydi. Biroq g‘isht qolipdan ko‘chgan va yer Xitoyga o‘tib ketgan edi.

2008 yil 13 avgust kuni xitoyliklar Qozog‘istondan olgan yerlarida 1969 yilda bo‘lib o‘tgan qurolli to‘qnashuvlarda halok bo‘lgan jangchilar xotirasi uchun yodgorlik o‘rnatishadi.

Xitoyning hududiy da’volari

Keyinchalik, 2011 yilda Xitoy Tojikistondan, Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati hududidan 1,1 ming kilometr kvadrat (mamlakat hududining qariyb 1 foizi) yerini oladi.

Shuningdek, Xitoy Qirg‘izistondan ham ancha yerni oladi. Jumladan, 1999 yilda Askar Akayev xitoyliklar bilan bahsli hududlardan biri bo‘yicha kelishuvga erishadi.

Natijada Xitoy Uzongu-Kuush hududidan 161 kilometr kvadrat yerni olishga muvaffaq bo‘ladi. Bu xitoyliklar talab qilgan yerning 39 foizi edi.

Xitoyga berilgan hududda qirg‘izlar uchun muqaddas bo‘lgan Xon Tangri cho‘qqisi ham bor edi. O‘shanda Akayevning bu ishi Qirg‘iziston aholisining keng noroziligiga sabab bo‘ladi.

Xitoy Qirg‘iziston va Tojikistondan olgan yerlar ko‘rsatilgan xarita.

Bundan tashqari, Xitoy SSSR parchalanib ketgandan so‘ng Rossiyadan ham juda ko‘p bahsli hududlarni qaytarib oldi.

Jumladan, 2004 yil Putin Xitoyga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida Xabarovsk o‘lkasida joylashgan Katta Ussuriysk oroli yarmini va Tarabarov orolini Xitoyga berish haqidagi hujjatlarni ham imzolaydi.

2008 yilda Katta Ussuriysk oroli yarmi va Tarabarov oroli uzil-kesil Xitoy boshqaruviga topshiriladi. O‘sha paytda kelishuvda Katta Ussuriysk orolida vizasiz rejim o‘rnatilishi, bu yerda yashovchi rossiyaliklar va xitoyliklar orol bo‘ylab erkin harakatlanishi haqidagi band bor edi.

Biroq Rossiya OAVlari 2023 yildan boshlab Xitoy tomoni orolning yarmida yashovchi rossiyaliklarni o‘z tomoniga vizasiz o‘tkazishni to‘xtatgani haqida yozib chiqishdi.

So‘nggi yillarda Xitoyda chop etilayotgan yangi xaritalarda Katta Ussuriysk oroli to‘liq Xitoy hududi sifatida ko‘rsatilmoqda. Bu Xitoy orolning Rossiya egaligida qolgan qismiga ham da’vo qilayotganini anglatadi.

2014 yilda Xitoy tomoni Rossiyani Ussuri daryosida joylashgan Daman orolini ham o‘ziga berishga ko‘ndiradi. O‘sha paytda orolda rossiyaliklarning uylari bor edi va u yerda ancha odam yashardi. 2014 yilda orol Xitoyga o‘tgach rossiyaliklar Damandan ko‘chirib ketiladi.

Rossiya OAVlarida yozilishicha, Putin boshqaruvi davrida umumiy hisobda Rossiya Uzoq Sharqda, Amur va Ussuri daryolarida joylashgan turli kattalikdagi 600 dan oshiq orollarni Xitoyga topshirgan.

Shuningdek, so‘nggi yillarda Xitoy va Hindiston o‘rtasida Himolay tog‘larida joylashgan hudud uchun ziddiyatlar kuchaydi. Chegara hududlarda tez-tez otishmalar, kichik qurolli mojarolar yuz bermoqda.

Bundan tashqari, Xitoy Yapon dengizi, Janubiy Xitoy dengizi va Tinch okeanidagi o‘z hududlariga tutash boshqa dengizlarda aktivlikni oshirdi. Bu esa Januiy-Sharqiy Osiyoda joylashgan Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Filippin, Viyetnam kabi davlatlar bilan bahslarni keltirib chiqarmoqda.

Xitoy da’vo qilishi aytiladigan hududlar​ (to‘q qizil rangda)​​​

Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi bir qancha orollarga da’vo qilishi hatto Haaga sudida ko‘rib chiqilgan va asossiz deb topilgan. Shunga qaramay Xitoy o‘sha orollarni egallab, ularda harbiy bazalar qurishda davom etmoqda.

Xitoyning buzg‘unchi kemalari Indoneziyaning suvli hududlarigacha yetib bormoqda. 2016 yilda ana shunday kemalardan 12 tasi Indoneziya hududiga kirib borgan va indonezlar ulardan bittasini tutib olgandi.

Shuningdek, o‘sha yili Xitoy kemalari Yaponiya o‘ziga tegishli deb biladigan Janubiy Xitoy dengizidagi Senkaku orollari joylashgan hududga kirib borgan va bu ish Yaponiyaning haqli e’tiroziga sabab bo‘lgandi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi 

Ko‘proq yangiliklar: