G‘arb bilan muloqot qilishga va’da bergan islohotchi nomzod Mas’ud Pizishkiyon saylovda g‘alaba qozonib, Eronning 9-prezidentiga aylandi. Xo‘sh, Erondek davlatda konservatorlarning mag‘lubiyati nimani anglatadi? Mas’ud Pizishkiyon kim? Kun.uz mavzuning muhim nuqtalarini sharhlab berish uchun siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Shavkat Ikromovni taklif etdi.
— Eron prezidentlik saylovlarida 2-tur bo‘lishi qanchalik kutilgan edi?
Shavkat Ikromov: — Bu saylovlarda eronliklar faol emas, siyosiy faollar boykot qilishgan ochiqdan ochiq. 1979 yildan keyingi eng past ko‘rsatkich bilan o‘tdi saylov. Shu paytgacha 50 foizdan kam aholi ishtirok etmagan saylov bo‘lmagan. Aholining saylovlarda faol emasligining o‘ziyoq ularda mavjud tuzumga va prezidentning cheklangan hokimiyatiga nisbatan ishonch yo‘qolayotganini ko‘rsatadi. Shunga ko‘ra birinchi tur muvaffaqiyatsiz tugab, ikkinchi tur bo‘ldi. Ko‘pchilik tahlilchilar aholining nofaol ishtiroki sabab ikkinchi tur bo‘lishini kutganini aytdi.
Ikkinchi turda Mas’ud Pizishkiyon va Said Jaliliy qatnashdi. Pizishkiyon islohotchi sifatida o‘zini namoyon qildi, Jaliliy esa konservativ siyosatchi. Jaliliy tizimga yaqin siyosatchi, Pizishkiyon esa oldin ham 2 marta nomzodini qo‘ygan. Ikkinchi turdan oldin konservativ kuchlar Jaliliyni hokimiyatga olib chiqishga harakat qiladi, deyilgandi. Lekin kutilmaganda tizim ichidagi muxolifatchi sifatida ko‘riladigan Pizishkiyon g‘alaba qozondi.
Umuman, ikkinchi tur kutilgandi boykotlar, hech bir nomzod yaqqol ustun emasligi sabab.
— Kutilmaganda konservator nomzodlarning mag‘lubiyati oliy hokimiyat xohishimi yoki real xalq tanlovi?
Kamoliddin Rabbimov: — Bu Eron ichidagi ijtimoiy, siyosiy kayfiyatga bog‘liq. Eronda oliy rahbar konservator, u mamlakatdagi islomiy, shiaviy tizimni himoya qilish. 1979 yildan keyingi inqilobdan so‘ng Erondagi shia davlatchiligini saqlash, kuchaytirish bo‘yicha davlatchilik shakllantirilgan.
Bosh imomni 88 ta mujtahid imomlar saylaydi. Saylangan imom vafotiga qadar davlatni boshqaradi, ma’lum muddati yo‘q. Prezident vakolatlari, muddati cheklangan, xalq tomonidan saylanadi. Lekin saylovga qadar nomzodlarni imom hokimiyati filtrdan o‘tkazadi. Oxirgi saylovda ham 80 dan ortiq odam hujjat topshirib, 6 tasi o‘tdi, ulardan 5 tasi konservator, bittasi reformator edi. Jamiyat mana shu bitta reformatorga ovoz berdi. So‘nggi 10-15 yilda Eronda ko‘plab namoyishchilar bo‘ldi, jamiyatda hokimiyatga nisbatan ishonchsizlik,tanqidiy fikrlash yuqori va shuni ifoda etish uchun imkoniyat izlaydi xalq.
Imom jamiyat kayfiyatidan kelib chiqib bitta reformator ishtirok etishiga imkon berdi. O‘ylashimcha, imom Pizishkiyonning imkoniyati katta ekanini oldindan ko‘ra bilgan. Birinchi turda kamroq odam qatnashdi, lekin ikkinchi turga Pizishkiyon chiqqach, ko‘proq qatnashdi va ayollar, o‘rta sinf vakillari unga ovoz berdi.
Eron jamiyati izolyatsiyadan, iqtisodiy, ijtimoiy muammolardan, tashqi dunyodagi katta loyihalardan charchagan. Shu sabab ichkaridagi ijtimoiy, iqtisodiy muammolar yechilishini talab qilyapti.
Shavkat Ikromov: — Pizishkiyon islohotchi deyapmiz, ammo Eron uchun bu nisbiy tushuncha. Eron manbalarida Pizishkiyon o‘rta darajadagi mo‘’tadil nomzod sifatida ko‘rsatilyapti. Oldingi safarlarda Pizishkiyon 2 marta nomzodini qo‘yganda tizim uni asosiy nomzodlarga o‘tkazmagan, chunki dasturi ma’qul kelmagan. Bu safar esa o‘tkazdi, demak dasturi tizimga ma’qul kelgan.
Oxirgi yillarda Eronda tizim markazlashib, qat’iylashib ketib, noroziliklarga sabab bo‘layotgandi. Mahzi Amini ishidan keyin jamiyat haligacha o‘ziga kelmagan, masalan, hukumatdan g‘azabda. Undan oldingi pandemiya sabab iqtisodiy tanglik, sanksiyalar ostida yashayapti, bundan tashqari. Oliy hokimiyat Pizishkiyon nomzodi orqali xalqni biroz tinchlantirmoqchi bo‘lishi ham mumkin.
Kamoliddin Rabbimov: — Pizishkiyon taklif qilayotgan g‘oyalar tizimning fundamental qadriyatlarini qaytadan ko‘rib chiqishga chaqiriq bor. Masalan, Pizishkiyon hijob o‘rashni ayollarning shaxsiy ishi demoqda. U teokratiya fundamentiga ehtiyotkorlik bilan shubha bildiryapti u. G‘arb bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish, AQSh, YeI bilan kelishish, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish, e’tiborni Eron ichki ishlariga qaratib, tashqi dunyodagi katta loyihalarga e’tiborni pasaytirmoqchi.
— Eron shaxmat taxtasida oliy hokimiyat ruhoniylar qo‘lida. Yangi prezident qanchalik erkin harakat qiladi, Pizishkiyonning Raisiydan farqli jihatlari nimada?
Kamoliddin Rabbimov: — Menimcha, dialog boshlanadi bu yerda. Har bir siyosiy tizimda legitimlik masalasi bor. Homanaiy o‘z siyosiy tizimini saqlab qolish uchun ancha ehtiyotkor bo‘ladi, teokratiyani saqlashi, himoya qilishi kerak bo‘ladi. Saylov stoliga g‘oyalar qo‘yilganda xalq Pizishkiyon g‘oyalarini tanladi. O‘ylaymanki, imom imkon qadar prezident bilan kelishishga harakat qiladi. Xalq mandat berdi, menam senga mandat beraman, rejalaringni amalga oshirishga harakat qilib ko‘r, deydi imom, menimcha. Lekin sharti Eron islomiy tizimi, teokratiya demontaj bo‘lmasligi kerak, qizil chiziqlar bo‘ladi, deydi.
Agar AQShda Tramp hokimiyatga kelsa, uning kutilmagan yurishlari bor. Oldin Kim Chen In bilan uchrashib, munosabatlarni qayta ko‘rgan, bu safar Eron bilan shunday bo‘lishi mumkin. Isroil nuqtai nazaridan ham yahudiy lobbisi Eronda liberal shaxs keldi, endi kelishish kerak, deyishi mumkin.
Shavkat Ikromov: — Eronda oxirgi marta 1989-1997 yillarda Rafsanjoniy prezidentlik davrida liberal islohotlar bo‘lgandi. Endi ikkinchi islohotchi sifatida Pizishkiyon keldi. U dasturida ko‘plab sohalarda islohot bo‘lishini aytgan. Lekin so‘rovnomalarga ko‘ra, Pizishkiyon islohotlariga nisbatan umidlar kam xalqda, bu tuzumning umumiy xususiyatidan kelib chiqadi.
Deylik, hijob o‘rash erkin bo‘lishi kerak, degan pozitsiyada Pizishkiyon. Lekin tizimni qo‘riqlash uchun mas’ul bo‘lgan katta kuchlar bor, ular bilan qanchalik kelisha olishi savol ostida Pizishkiyonning. U islohotchi sifatida o‘z g‘oyalarini bayon qila boshladi. G‘arb bilan yaqinlashish haqida gapirdi, Said Jaliliy va boshqalarni Eron neftini arzonga Xitoyga berayotganlikda aybladi. Bu ritorikalar faqat, lekin amalda qanday real harakatlar bo‘lishi noma’lum. Hozir Eron murakkab geosiyosiy vaziyatda turibdi: Yaqin Sharqda notinch vaziyat, Eron politsiyasi faoliyat olib boradi, o‘zini mas’ul sifatida ko‘radi u. Bundan tashqari, sanksiyalar kuchaygan. Shu holatda Pizishkiyon qanchalik yorib chiqib tizim bilan kelisha olishi masala bo‘lib turibdi.
Ko‘plab tahlilchilar Pizishkiyon sekinlik bilan o‘z muxtoriyatini kengaytirishga harakat qilib, keyingi oliy rahbarni tayinlash jarayoniga o‘z ta’sirini o‘tkazishga urinadi, lekin Eronda tizimli o‘zgarishlar qilishi ehtimoli kamroq, degan fikrni aytmoqda.
— Mas’ud Pizishkiyonning mintaqaviy siyosati qanday bo‘lishi mumkin?
Kamoliddin Rabbimov: — Mintaqaviy siyosatni, turli shia, islomiy kuchlar bilan ishlashni amalga oshiruvchi institutlar imomga bo‘ysunadi, prezidentga emas. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi, tashqi ishlar vazirligi va shu kabi institutlar ijroiy tomondan prezident bilan xisoblashsa-da, asosiy kursni imom belgilaydi. Shuning uchun «Hizbulloh», husiylar, HAMAS kabilar borasida imom o‘z siyosatini amalga oshirishda davom etadi, prezident ta’siri cheklangan bo‘ladi. Lekin prezident imomga axborot yetkazuvchi sifatida uning kayfiyatiga, qarashlariga ta’sir qiladi.
Eron anchagina qiyinchiliklarni his qilyapti, 40-45 yildan beri izolyatsiyada. AQSh bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri diplomatik aloqalari yo‘q, elchixonalari yo‘q. Kollektiv G‘arb davlatlari bilan ham, mintaqadagi monarxiyalar bilan ham munosabatlar tarang yoki raqobatda. Eron bilan Turkiya raqobatda, masalan.
Eron inqilobdan so‘ng davlat sifatida kuchaydi, yangi islomiy ohangi qo‘shni davlatlarni ancha qo‘rqitdi. Aholisi inqilobdan keyin ikki barobardan ham ko‘proq oshdi. Dunyo siyosiy orbitasidan chiqib ketgan davlat sifatida o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun ichkarida katta zo‘riqishlar bilan o‘z mudofaa tizimini yaratdi, uning raketa dasturlari ko‘p davlatlarni qo‘rqitadi, masalan. Eron kattagina siyosiy eksperimentlarni boshdan o‘tkazdi va uning davlatchilik potensiali katta.
Umuman, Pizishkiyon kelishi mintaqa siyosatida kordinal o‘zgarishlar shakllantirmaydi, lekin yangi ohang beradi.
— Yangi prezident Mas’ud Pizishkiyon Eronning azaliy raqib va hamkor davlatlari bilan munosabatlarida qanday o‘zgarishlar kutish mumkin?
Shavkat Ikromov: — Nomzod e’lon qilinganda Rossiya matbuotida Xitoyga moyil nomzodlar, lekin Rossiyaga emas, degan fikr berildi. Nomzodlar ichida Rossiya bilan yaqin bo‘lishni xohlovchilar yo‘q edi. Pizishkiyon esa Rossiya va Xitoyga yaqinlashish samarali emasligini aytib o‘tgandi. Bundan tashqari, Pizishkiyon G‘arb davlatlari bilan yaqinlashishni ham nazarda tutyapti. Pizishkiyon Rossiya, Xitoy va boshqa dunyo davlatlari bilan munosabatlarni mo‘’tadil saqlab qoladi yoki qayta yo‘lga qo‘yishi mumkin. Pizishkiyon dasturiga qaraydigan bo‘lsak, Eron tashqi siyosatida ma’lum o‘zgarishlar sodir bo‘lishi mumkin. Global tashqi siyosat o‘zgarishi Yaqin Sharqdagi siyosatga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Shu ma’noda Yaqin Sharqdagi siyosatida xam o‘zgarishlar kuzatilishi ehtimoli bor. Keskin o‘zgarish bo‘lmasa ham, kelishuvchanlik bo‘lishi mumkin mintaqada.
Pizishkiyonning katta va’dasi va ko‘pchilikning umidi G‘arb davlatlari bilan munosabatlarni yaxshilab, sanksiyalardan chiqish bo‘lib turibdi. Balki oliy hokimiyat mana shu sababdan ham Pizishkiyon nomzodini o‘tkazgandir, u bu bo‘yicha ma’lum natijalarga erishishi mumkin.
Kamoliddin Rabbimov: — Eron demokratiyasiga o‘ziga xos. Pizishkiyon etnik fors emas, uning otasi ozar, onasi kurd. Jaliliy ham to‘liq fors emas, onasi ozar. Ya’ni Eron xalqining ovoz berishida millatchilik rol o‘ynamadi, siyosiy mafkura asosiy o‘rin tutdi. Pizishkiyonning saylanishiga sabab esa iqtisod, ijtimoiy masalalar bo‘ldi. Eron xalqi rostdan ham sanksiyalardan charchagan. Obama hokimiyatga kelgach, asosiy e’tiborni Xitoyga qaratib, Yaqin Sharqdagi siyosatni qayta ko‘rib chiqib, Eron bilan ham yarashishni ko‘zlagan edi va yarashuv jarayoni boshlangandi. Kutilmaganda Tramp keldi va Isroil hamda Saudiya manfaatlaridan kelib chiqib Eron bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqib, yana yomonlashdi. Tramp yana hokimiyatga kelsa, uning atrofidagi siyosatchilar Erondagi yangi liberal shaxs kelishini ham hisobga olsa kerak. Bundan tashqari, Eron va Saudiya yarashgan. AQSh va Isroil bu yarashuvni sovuqqonlik bilan qabul qildi.
O‘ylashimcha, Pizishkiyonning hokimiyatga kelishini kollektiv G‘arb Eron bilan kelishish uchun qulay imkoniyat sifatida talqin qiladi. Eron xalqi Pizishkiyonga ovoz berishi bilan o‘zining ijtimoiy vaziyatidan juda norozi ekanini bildirdi. Homanaiy ham nazorat ostidagi o‘zgarishlar orqali siyosiy tizimni saqlab qolish uchun imkoniyat sifatida ko‘radi, deb o‘ylayman.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.