Yevroda siyosiy mojaro: Demiral millatchilik uchun jazolanishi mumkin

Sport 08:40 / 05.07.2024 27901

O‘zi nimalar bo‘ldi?

4 iyul kuni nemislarning Bild nashrida «shoshilinch» belgisi ostida shunday xabar chiqarildi: Turkiya milliy jamoasi himoyachisi Merih Demiral UYeFA tomonidan Yevro-2024ning ikki o‘yiniga diskvalifikatsiya qilindi. 26 yoshli futbolchiga bu jazo 1/8 finalda Avstriyaga qarshi kechgan (2:1), Demiral dubl qayd etgan o‘yin yakunida muxlislarga ko‘rsatilgan siyosiy jyest tufayli berilgan.

Bild shunday izohladi: «UYeFA jiddiy. Albaniyalik hujumchi Mirlind Daku ham ikki o‘yinga diskvalifikatsiya qilingandi. Guruh bosqichi ikkinchi turidagi Xorvatiyaga qarshi o‘yindan keyin (2:2) hujumchi o‘z jamoasi muxlislarini milliy qo‘shiq so‘zlari bilan gijgijlagandi — va o‘zi ham kuylagandi. UYeFA bu harakat uchun uni jazolashga qaror qildi».

Demiral fashistik harakat qilishda gumonlanmoqda — u golni nishonlashda ko‘rsatkich va kichik barmoqlarini yuqoriga ko‘targan holda bo‘ri salomini ko‘rsatgan. O‘yindan keyin himoyachining o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga ushbu holat suratini joylashtirgan. Surat ostiga shunday so‘zlar ilova qilingan: «O‘zini turk deya oladigan odam naqadar baxtiyor!» Bu ibora Turkiya Respublikasining birinchi prezidenti va zamonaviy davlat asoschisi Mustafo Kamol Otaturkka tegishli. Bu so‘zlar turk millatchilarining norasmiy shiori sanaladi.

Nashr xabarida Angliya milliy jamoasi yarimhimoyachisi Jud Bellinghem diskvalifikatsiyadan qutulib qolgani, ammo u ham 1/8 finalda Slovakiyaga qarshi o‘yindagi (2:1) jyesti uchun kamida 20 ming yevro miqdorida jarimaga tortilishi aytilgan. O‘sha o‘yinda «Real» havbeki so‘nggi daqiqalarda hisobni tenglashtiruvchi golini nishonlayotganida tribunalarga qo‘li bilan bel sohasini ko‘rsatgandi. Bellinghem buni stadionda bo‘lgan do‘stlariga qilingan hazil deb izohlagan.

Katta ehtimol bilan, uning harakatida siyosiy mazmun yo‘qligi uchun ham yengilroq jazo berilgan.

Foto: BRADLEY COLLeR/PA IMAGES VIA GETTY IMAGES

Bu ma’lumotga ishonish mumkinmi?

Bild — nemislar tabloidi bo‘lib, doim ham ishonchli xabarlar tarqatmaydi. Turkiyadagilar ham shunday fikrda. Anadolu Ajans agentligi futbol federatsiyasidagi rasmiyga tayangan holda shunday bayonotni e’lon qilgan: «Bild nashrida «Merih Demiral UYeFA tomonidan ikki o‘yinga diskvalifikatsiya qilinadi» sarlavhasi ostida tarqatilgan xabar haqiqatga mos kelmaydi. Bizda futbolchini himoya qilish uchun asoslar taqdim etishga vaqt berilgan».

Demiral qaysi o‘yinlarni o‘tkazib yuborishi mumkin?

Agar ma’lumot tasdiqlansa, himoyachi milliy jamoasiga Yevro-2024 chorakfinalida Niderlandiyaga qarshi o‘yinda yordam bera olmaydi. Bundan tashqari, Demiralning diskvalifikatsiyasi, agar Turkiya yarimfinalga chiqsa, ushbu bosqichga ham taalluqli bo‘ladi.

«Bo‘ri salyuti» nima degani?

Bu turk millatchilari ishlatadigan jyestdir. Bu ultrao‘ng qarashlari bilan ajralib turadigan «Bozkurt» («Ko‘k bo‘rilar») tashkiloti bilan assotsiatsiya qilinadi. Jyestning o‘zi «bo‘ri salyuti» deb ataladi, chunki harakat ishtirokchilari bir-biri bilan shunday salomlashadi. Ramz sifatida bejiz bo‘ri tanlanmagan: mifologiyaga ko‘ra, turkiy xalqlar kulrang bo‘ri ajdodi Asenadan tarqalgan.

«Ko‘k bo‘rilar» tashkiloti Fransiyada qonundan tashqari hisoblanadi, uning ramzi esa Avstriyada taqiqlangan.

Bu hodisa Turkiyada «Ko‘k bo‘rilar»ning sobiq yetakchisi, 2022 yil iyunida Anqarada otib ketilgan Sinan Otashning qotilligi bo‘yicha 22 figurant ustidan sud jarayoni boshlangan kunga to‘g‘ri kelgan.

Demiral nimalar dedi?

Foto: Gettyimages/Dan Mullan

— Men golni turkligim bilan bog‘liq nishonlash haqida o‘ylagandim, — degan himoyachi Avstriya ustidan g‘alabadan keyin. — Turk ekanim bilan juda faxrlanaman, bu jyestdan ma’no ham shu. Tribunadagi odamlar ham menga xuddi shunday ishora ko‘rsatayotganini ko‘rdim. Menda bunday jyestni namoyish etish imkoniyati yana bo‘lishiga umid qilaman.

Yevropadagilar qanday munosabatda bo‘lishdi?

Avvaliga avstriyalik jurnalist Mixael Bonvalot bunga e’tibor qaratib, darhol UYeFAni Demiralni jazolashga chaqirdi: «U ochiqchasiga «Ko‘k bo‘rilar»ning fashistik jyestini namoyish etdi. Bu harbiylashgan tuzilma minglab o‘limlarga javobgar. UYeFA qachon harakatni boshlaydi?»

Keyin esa Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer so‘z oldi. U ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida shunday yozdi: «Turk ultrao‘ng ekstremistlarining ramzlariga bizning stadionlarda joy yo‘q. Futbol bo‘yicha Yevropa chempionatidan irqchilikni tarqatish uchun platforma sifatida foydalanishga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Biz UYeFA bu ishni tekshirishi va sanksiya qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqishini kutamiz. Bizning xavfsizlik organlarimiz Germaniyadagi turk o‘ng ekstremistlarini sinchiklab kuzatib bormoqda. «Ko‘k bo‘rilar» Konstitutsiya muhofazasi bo‘yicha federal idora nazorati ostida».

Germaniya oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vaziri, turk muhojirlari farzandi bo‘lgan Jyem Ozdemir ham bir chetda turmadi. U Demiralning jyesti «o‘ta o‘ngchi» ekani hamda «terror va fashizm ramzi» hisoblanishini bildirdi.

Bundan tashqari, «Ko‘k bo‘rilar»ni yahudiylar, shuningdek, armanlar, yunonlar va kurdlar uchun tahdid deb atagan nemis-isroil jamiyati Germaniya rasmiylarini ushbu tashkilotni taqiqlashga chaqirgan. «Bu fashistik millatchilarning mafkuraviy ustunligi jamoat xavfsizligiga tahdid soladi», — degan jamiyat prezidenti, germaniyalik siyosatchi Folker Bek.

Turkiya qanday munosabatda bo‘ldi?

Vatanida barcha Demiral tomonida. Tekshiruv boshlanganidan xabar topgan futbolchi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Otaturkka tegishli bo‘lgan iborani yana bir bor yozib qoldirdi: «Xayrli tong, mening Turkiyam. O‘zini turk deya oladigan odam naqadar baxtiyor!»

Turkiya tashqi ishlar vazirligi UYeFAning harakatini qoralab, bayonot berdi: «Yevropa futbol ittifoqi bizning futbolchi Merih Demiralga nisbatan intizomiy tekshiruv boshlaganini qabul qilib bo‘lmaydi. Germaniyadagi Konstitutsiya muhofazasi bo‘yicha federal idoraning 2023 yil sentabrida e’lon qilingan hisobotida «ko‘k bo‘rilar» o‘ng ekstremizm bilan bog‘lanishi shart emasligi qayd etilgan. «Ko‘k bo‘rilar» Germaniyada taqiqlangan ramz emas. Bunday holatda nemis rasmiylarining Demiralga reaksiyasining o‘zini ksenofobik deb hisoblash mmkin».

Ko‘plab turkiyalik siyosatchilar ham Demiralni qo‘llab-quvvatlab chiqishdi. Xususan, Turkiyadagi hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi rasmiy vakili Omer Chelik Germaniya IIV bayonoti hamda UYeFA tekshiruvini qabul qilib bo‘lmas deb atadi.

Bundan tashqari, Turkiya TIV chorshanba kuni kechqurun nemis hukumati bayonoti yuzasidan protest bildirish uchun Germaniya elchisi Yurgen Shulsni chaqirtirgan. Germaniya TIV esa, o‘z navbatida Turkiyaning Berlindagi elchisini chaqirtirgan.

Turkiyaning keyingi o‘yini qachon?

Turkiya milliy jamoasi Yevropa chempionati chorakfinalida Niderlandiya bilan o‘ynaydi. O‘yin 6 iyul kuni Berlinda o‘tkazilishi belgilangan. Demiral ishi bo‘yicha rasmiy qaror shu o‘yindan oldin e’lon qilinishi kerak.

Ko‘proq yangiliklar: