Yevro-2024 turniri kosmik tezlikda davom etmoqda: pley-offning birinchi bosqichi allaqachon yakunlandi. 1/4 finalda yana qator favoritlar uyga qaytadi — turnir setkasi «top» jamoalarni chorakfinaldayoq bir-biriga ro‘para qilgan.
Eng yaxshi jamoa — Ispaniya
Ayni vaqtda turnirning eng yaxshi jamoasiga savollar yo‘q. Ispaniya o‘lim guruhidan uchta g‘alabaga erishib, birorta gol o‘tkazmasdan chiqqandi.
Ispanlar pley-offda baribir gol o‘tkazib yuborishdi, ammo o‘yinning ilk daqiqalaridayoq gurjistonliklar 90 daqiqa davomida bu raqibga dosh bera olmasligi ko‘rinib turgandi. Qarshi hujumlarga tayanish va Mamardashvilining seyvlaridan umid qilish ish bermadi — chorakfinalga faqat nisbatan kuchsiz raqibga ro‘para bo‘lganlar o‘tmoqda.
De La Fuente boshqaruvidagi Ispaniya — turli variantlarga ega jamoaga aylangan. Murabbiy tarkibni shunday tuzganki, endi o‘yin davomidayoq o‘yin kartinasini keskin o‘zgartirish mumkin bo‘ladi. Jamoa o‘yinni nazorat qila oladi, birinchi raqamda o‘ynaydi va himoyaning eng yopiq liniyalarini ham buzib o‘tish yo‘lini topadi.
Tarkib — turnirdagi eng kuchlilardan biri. Yamal 16 yoshidayoq dovdirab qolmayapti va yorqin o‘yinlar ko‘rsatmoqda, Uilyams esa asosiy o‘rindan mustahkam o‘rin egalladi, yarimhimoya markazida ayni vaqtda jahonning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lib turgan Rodri joy olgan, mudofaa esa — yaxshi pas beruvchi himoyachilar va darvozabon uyg‘unligiga ega.
Faqat bitta muammo bor — muxlislar hozircha Ispaniyaning bu versiyasini chinakamiga top raqibga qarshi o‘yinda ko‘rishmadi. Ular guruhda xorvatlarning keksaygan va holdan toygan avlodi, oldingi chempionatdagi tarkibni umuman yodga solmaydigan va hali o‘z o‘yinini shakllantira olmagan italyanlar, autsayder albanlar bilan o‘ynashdi, pley-offning ilk bosqichida — bor kuchi va hissiyotlarini guruh bosqichida qoldirib chiqqan gurjistonliklar raqib bo‘ldi. Endi bugun Germaniyaga qarshi o‘yin uchun qanday reja tayyorlanganiga guvoh bo‘lamiz — hozircha bu final repetitsiyasi bo‘lib ko‘rinmoqda.
Eng yaxshi futbolchi — Diogu Koshta
Portugaliya futbolini kuzatuvchilar Koshtani ancha vaqtdan buyon yaxshi bilishadi. «Portu» darvozaboni allaqachon jahonning eng xaridorgir darvozaboniga aylangan .
Sloveniya bilan o‘yinda Diogu o‘z narxi nega bu qadar qimmatligini ko‘rsatib qo‘ydi. Mamardashvili va jamoasi chiqib ketganidan keyin aynan u turnirning eng yaxshi darvozaboni bo‘lish uchun asosiy nomzod bo‘lib qoldi.
U pley-offning ilk o‘yinida darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi va qo‘shimcha bo‘limlar tugayotganida Sheshko bilan yakkama-yakka vaziyatda qahramonlik ko‘rsatdi, penaltilar seriyasida esa slovenlarning uchala zarbasini ham to‘sdi. Zarbalarning barchasi kuchli va darvoza burchagi tomon yo‘naltirilgandi, ammo u yo‘nalishni aniq topa oldi.
Buning ajablanarli jihati ham yo‘q, axir Portugaliya milliy jamoasida darvozabonlar murabbiyi — afsonaviy Rikardudir. U Yevro-2004 turnirida jamoaning asosiy darvozaboni sifatida ishtirok etgan va inglizlarga qarshi kechgan penaltilar seriyasida ajoyib performans ko‘rsatgandi. Seriyada hisob 5:5 ekanida Rikardu dohiyona yurish amalga oshirgan: darvozabonlik qo‘lqopini yechib tashlagan va Vassellning zarbasini qaytargan. Bu raqibga qanday ruhiy bosim ko‘rsatganini tasavvur qiling. Keyin esa Rikardu «nuqta»ga o‘zi yaqinlashgan hamda portugallarni yarimfinalga olib chiqqan.
Bosqichning hafsalani pir qilgan jamoasi — Italiya
Luchano Spallettiga savollar bisyor. Bu savollar guruh bosqichidayoq tug‘ila boshlagandi — albanlar ilk daqiqadayoq italyanlar darvozasini ishg‘ol etdi, ispanlar bu jamoaga umuman o‘yin bermadi, xorvatlar esa butun o‘yin davomida ustunlik qilib, faqat so‘nggi daqiqalarda Kalafiori hamda Dzakkanining ideal ijrosi tufayli g‘alabadan quruq qolgandi.
Umuman olganda, yirik turnirlar g‘oliblari guruh bosqichini kuchli o‘tkazishmaydi, pley-off bosqichi boshlanganida esa raqiblarni ayamay yenga boshlaydi. Faqat amaldagi chempionlar bo‘lgan Italiya bu safar favoritlar qatorida emasligi ma’lum bo‘ldi.
Spalletti Yevro uchun tanlagan taktikasi bilan ajablantirdi. U italyanlarning an’anaviy 3-5-2 sxemasi o‘rniga to‘rt himoyachi bilan harakat qildi. Shu tufayli u o‘z himoyachilari — Kalafiori, Dimarko, Bastoni, Darmian, Manchini kabilarning eng yaxshi jihatlaridan foydalana olmadi — ularning har biri to‘pni oldinga olib borishga va yaxshi ochilgan sheriklarini aniq pas bilan ta’minlashni biladi.
Endi Italiyaning e’tibori keyingi jahon chempionatiga qaratiladi — jamoa oldingi mundialni o‘tkazib yuborgandi va birinchi navbatdagi vazifa ushbu turnirga yo‘llanma olish bo‘ladi. Qolaversa, jamoa bosh murabbiyidan tushuntirish talab qilinishi kerak — italyanlar qog‘ozda Yevroning eng kuchli tarkiblaridan biri edi. Jamoa saviya hisobiga Shveytsariya to‘sig‘idan o‘tishi kerak edi. Ammo bunday bo‘lmadi.
Eng yaxshi o‘yin — Avstriya — Turkiya
1/8 finalning so‘nggi o‘yini muxlislarga triller taqdim etdi. Ikkitalik sensatsiya kuzatildi: guruh o‘yinlaridan keyin turnirning sirli toychog‘i maqomini olgan Avstriyani faqat hujumda o‘ynab, himoyani unutib qo‘yadigan Turkiya chiqarib yubordi. Guruh bosqichida Rangnik ijobiy ma’noda hayron qoldirgandi — pley-offda esa birinchi o‘yindan keyinoq turnirni tark etdi.
Aslida Avstriya Turkiyadan yaxshiroq o‘ynagan va raqibga qaraganda ikki barobar ko‘proq golli vaziyatlar yaratgandi. Ammo himoyachilar standart vaziyatlarda yomon harakat qildi — avstriyaliklar himoyachi Demiraldan ikki gol o‘tkazib yubordi.
Avstriya bitta gol bilan javob berdi va o‘yin oxirida ikkinchi golni ham urishga juda yaqin kelgandi — turklar darvozaboni Gyunok juda xavfli zarbani to‘sib, jamoasini keyingi bosqichga olib o‘tdi. Hisobni tenglashtirish zarur bo‘lganda avstriyaliklar shoshilib harakatlanishdi va ko‘pincha jarima maydoniga ketma-ket uzatmalar manzilsiz bo‘lib chiqdi, qolaversa, jamoa qarshi hujumlarda jazolanishi ham mumkin edi.
Turkiya pley-offda barchasini ikki-uch vaziyat hal etishini ko‘rsatib qo‘ydi: Avstriya o‘z imkoniyatlaridan foydalana olmadi, Turkiya esa foydalandi. Endi jamoa munosib tarzda chorakfinalda ishtirok etadi. Turklar yana favorit emas — bu bosqichda Niderlandiya kutmoqda. Ammo bunday ishtiyoq bilan ular bu to‘siqdan o‘tishi va 1/2 finalda o‘ynashi ham mumkin.
Kashfiyot — Doniell Malen
Malen butun mavsum davomida Edin Terzich qo‘li ostida transformatsiya jarayonini boshdan kechirdi — murabbiy uni hujum markazidagi odatiy pozitsiyasi o‘rniga o‘ng qanotda o‘ynatdi. Kuman ham Malenni vinger deb topdi. Ushbu murabbiylar u qayerda samaraliroq o‘ynashini yaxshiroq bilishi ma’lum bo‘ldi.
Ruminlarga qarshi o‘yinning eng yaxshi futbolchisi haqli ravishda Gakpo bo‘ldi — u birinchi bo‘limda raketa zarbasi bilan hisobni ochdi va ikkinchi golni chaynab berdi. Ammo yirik g‘alabada Malenning ham xizmatlarini e’tirof etish kerak, chunki u gol sezish qobiliyatini namoyish etdi va ikki bor darvozani ishg‘ol etdi. Lekin ikki gol turlicha shaklda urildi — birinchi holatda Donell shunchaki kerakli vaqtda kerakli nuqtada paydo bo‘ldi, ikkinchisida esa qarshi hujumda tezligi evaziga maydonning yarmini bosib o‘tib, uchrashuvning yakuniy hisobini o‘rnatdi.
Endi buyog‘iga nima bo‘lishini ko‘ramiz — Kumanni avvaliga qattiq tanqid qilishgandi, ammo u qiziqarli va nostandart yurishlarni amalga oshirmoqda. U Malenga ishonishda davom esa, bu hujumchi oldinda yaxshi ochilib, vaziyatlardan aniq foydalana oladi. Turkiya himoyachilari Niderlandiya hujumchilarini to‘xtatib qolishi qiyin.
Eng yaxshi gol — Ruben Vargas
«Ruben, iltimos, gol ur», — degan Chaka Vargasga Italiya bilan o‘yin tanaffusida. Ruben bu iltimosni ado etishi uchun atigi 27 soniya yetarli bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha pallada uning boshida sardorning so‘zlari aylangan va u shunchaki to‘pni tepgan.
To‘p aylanma trayektoriya hosil qilib, Donnarumma qo‘riqlayotgan darvozaning «to‘qqizligi»ga borib tushgan. Albatta, bu vaziyatda italyanlar mudofaasi ham ishonchsiz harakat qilgandi — Vargasda to‘pga o‘zi istagancha zarba berish uchun keragidan ortiq vaqt bo‘lgan. Ammo katta ehtimol bilan hech kim (hatto Vargasning o‘zi ham) to‘p himoyachilardan yoki darvozabondan qaytmasdan, to‘rga borib tushishini kutmagan.
FOUR fantastic goals! Tap below to vote for your favourite? 👇
— UEFA EURO 2024 (@EURO2024) July 3, 2024
🏴 Jude Bellingham vs Slovakia
🇪🇸 Nico Williams vs Georgia
🇨🇭 Ruben Vargas vs Italy
🇪🇸 Fabián Ruiz vs Georgia@AlipayPlus | #EUROGOTT
Bu gol Italiyani parokanda qilib yubordi, Shveytsariya esa jamoaviy g‘oya va individual mahorat qorishmasi bilan 1/4 finalga o‘tdi. Endi shveysariyaliklar yo‘lida har qanday raqibga qarshi o‘yinni quritib tashlaydigan va o‘z darvozasi atrofida vaziyatlar yaratilishiga yo‘l qo‘ymaydigan Angliya chiqadi. Shveytsariya uchun bu qulay raqib bo‘lishi ham mumkin — jamoada uzoqdan gol ura oladigan futbolchi birgina Vargas emas.
Eng yaxshi murabbiy — Murat Yaqin
Navbatdagi maqtov ham shveysarlarga. Avstriya chiqib ketganidan keyin aynan ular Yevroning yashirin favoritiga aylandi. Jamoa guruh bosqichida yutqazmadi — vengrlarni qiyinchiliksiz yengdi va nemislarga raqobat ko‘rsatdi. Faqat Shotlandiya bilan o‘yin jamoa muxlislari istaganidek chiqmadi — ammo bu o‘yinda ularga turnir ochilish o‘yinida mezbonlardan beshta gol qabul qilib olgan alamzada jamoa raqib bo‘lgandi.
1/8 finalda Shveytsariya italyanlarning zaif nuqtalaridan foydalandi va haqli g‘alabaga erishdi. Murat Yaqinning murabbiylik faoliyati sarguzashtlarga boy kechmoqda — «Bazel» bilan qo‘lga kiritilgan titullardan keyin Moskvaning «Spartak» klubida ham ishlab ketgan sobiq futbolchi «Shaffhauzen», «Grasshopper», «Sion» va yana «Shaffhauzen»ni boshqardi. Istalgan milliy jamoa bosh murabbiylikka ikkinchi liga klubidan mutaxassis olmagan bo‘lardi.
Yaqinning Shveytsariya milliy jamoasi bilan shartnomasi Yevro-2024 turniridagi ishtirok oxirigacha. Shveytsariya finalga chiqish uchun qattiq ter to‘kishi talab etiladi, ammo, murabbiy allaqachon shartnoman uzaytirish uchun arzirli ishlar qilib bo‘ldi. Shu bilan birga, milliy jamoa boshqaruvidagi bunday performansdan keyin Yevropaning nomdor klublari ham unga ko‘z tika boshlagan bo‘lishi mumkin.