«Tinchlik missiyasi davom etadi. Ikkinchi bekat Moskva», deb yozdi Orban X'dagi sahifasida tashrif haqida. U postga «Vnukovo» aeroportida tushgan suratini ham ilova qildi.
Orban bir necha kun avval urush boshlanganidan buyon ilk marta Kiyevga borgan va Volodimir Zelenskiy bilan uchrashgandi.
Vladimir Putin Kremlda Orban bilan uchrashar ekan uning Yevroittifoq raisi sifatida kelganiga alohida urg‘u berdi: «Bugun siz nafaqat bizning azaliy hamkorimiz sifatida, balki Yevropa Kengashi raisi sifatida kelganingizni tushunib turibman. Umid qilaman, Ukraina yo‘nalishidagi Yevropada kuzatilayotgan eng yirik inqiroz haqida fikr alamashamiz», degan Putin uchrashuvda.
Ayni damda Vengriya Yevropa Kengashiga raislik qilmoqda. Oxirgi marta 2022 yil 11 aprel kuni Rossiyaga Yevropa kengashiga raislik qilayotgan Avstriya kansleri Karl Nexammer borgandi. O‘shandan buyon bu lavozimdagi hech kim Rossiyaga borgani yo‘q. Viktor Orban esa Yevropa Ittifoqidagi Rossiya manfaatlarini himoya qiluvchi Putinning asosiy ittifoqchisi hisoblanadi.