"Reklama orqali naf olish ko‘zlanmagan" - Madaniyat vazirligi Ozodbek Nazarbekovning reklama roligida chiqqaniga munosabat bildirdi

Jamiyat 17:03 / 05.07.2024 9689

Avvalroq Kun.uz madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Toshkentdagi erkaklar kiyim do‘konini reklama qilgani haqida yozgandi. Holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi.

Holat yuzasidan madaniyat vazirligi rasmiy munosabat bildirdi. Vazirlikka ko‘ra, Ozodbek Nazarbekov “The Voice of Uzbekistan” loyihasi hakamlar hay’ati a’zosi sifatida “Kingsman Uzbekistan” kiyimlar do‘koniga tashrif buyurib, loyihaning navbatdagi sonini tasvirga olish jarayonida qatnashish uchun loyiha imijmeykerlari bilan birgalikda libos tanlagan.

"Libos tanlash jarayonida lavhada aytib o‘tilganidek, O.Nazarbekov milliy brend rivoji uchun o‘zining shaxsiy fikrlarini bildirib, tavsiya berib o‘tgan. Bu orqali mamlakatimizda yaratib berilgan qulay biznes muhiti tufayli faoliyatini samarali yo‘lga qo‘ygan, xorijnikidan aslo qolishmaydigan sifatli mahsulotlar tayyorlashga intilayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilgan.

Ya’ni bundan Nazarbekovning hech qanday moddiy manfaatdorligi yoki reklama orqali naf olish maqsadi ko‘zlanmagan"- deyiladi rasmiy xabarda.

Bayonotda Ozodbek Nazarbekov Madaniyat vaziri, qolaversa, O‘zbekiston xalq artisti va davlat xizmatchisi sifatida O‘zbekiston Respublikasining barcha qonunlarini hurmat qilishi va ularga qat’iy rioya etishi qo‘shimcha qilingan.

"Shu o‘rinda, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilikdan holatga xolisona baho berishlarini, jarayonni noo‘rin ayblovlar bilan yoritmasliklarini so‘rab qolamiz", - deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ushbu holatning “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga mosligi o‘rganilishini ma’lum qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: