Qashqadaryoda o‘zganing mobil ilovasiga ulanib, uning kartasidan pul yechib olgan shaxs qo‘lga olindi

Jamiyat 15:37 / 05.07.2024 2401

Qashqadaryoda o‘zganing bank mobil ilovasiga ulanib, uning kartasidan pul yechib olgan bola ushlandi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyatida yashovchi fuqaro X.M. ichki ishlar organiga ariza bilan murojaat qilib, uning bank kartasidan 1 mln so‘mga yaqin pul mablag‘lari yechib olinganini, aybdor shaxsga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Samarqand viloyatida yashovchi M.M. sodir etgani aniqlangan.

Unga ko‘ra, gumonlanuvchi M.M. soxta havola yuborish orqali jabrlanuvchi ayolning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan. So‘ngra uning bank mobil ilovasiga ikkinchi foydalanuvchi sifatida ulanib olgan. Shu tariqa, M.M. ayolning 1 mln so‘mga yaqin pulini o‘zining foydalanuvida bo‘lgan bank plastik kartasiga o‘tkazib olgan hamda ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Holat yuzasidan N.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b” bandi (qonunga xilof ravishda axborot tizimiga kirib yoki undan foydalanib o‘g‘irlik sodir etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Toshkentda soxta havola orqali fuqarolarning pullarini o‘zlashtirgan shaxs qo‘lga olingani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: