Ukrainadagi urushning 862-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Putin tinchlik muzokaralari boshlanmagunicha Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatib bo‘lmasligini aytdi.
- Chexiya Rossiya biometrik bo‘lmagan pasportlarini tan olishni to‘xtatdi.
- Rossiya armiyasi polkovnigi Artyom Gorodilov firibgarlik ishi bo‘yicha hibsga olindi. Ukraina tomoni uni Buchada tinch aholi vakillari o‘ldirilishi uchun javobgar deb biladi.
- Belgorod oblastida ukrain dronlari avtomobilga hujum qildi. To‘rt kishi, jumladan 12 yoshli qiz jarohatlangan.
- 4 iyulga o‘tar kechasi Rossiyaning 22 ta droni Ukrainaga hujum uyushtirgan. Ukraina qurolli kuchlari 21 ta dron urib tushirilganini ma’lum qildi.
- Taker Karlson Zelenskiy bilan intervyu olishi haqida anons bergandi. Ukraina prezidenti matbuot xizmati buni rad etdi.
- Ukraina qurolli kuchlari Chasiv Yarning Noviy rayoni boy berilganini tasdiqladi.
Ukrain mahbuslari armiyaga yollanmoqda
Joriy yil may oyida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar uchun qamalganlarni harbiy xizmatga qabul qilishga imkon beruvchi farmonni imzolagandi. Ukraina adliya vaziri o‘rinbosari Yelena Visotskaya iyul oyi boshida Associated Press uchun bergan intervyusida 3000 nafar atrofidagi mahbuslar armiyada xizmat qilish uchun qamoqxonalardan chiqarilganini ma’lum qildi. Vazirlik baholariga ko‘ra, koloniyalarda jazoni o‘tayotganlardan 27 ming nafarini harbiy xizmatga jalb etish mumkin. Visotskayaning so‘zlariga ko‘ra, mahbuslarning ko‘pchiligi uyga qamoqxonadan emas, qahramon sifatida qaytishni istamoqda. Ukraina qamoqxonalarini mahbuslarni harbiy xizmatga chaqirish bilan shug‘ullanuvchi rekruterlar aylanib chiqmoqda. Quyidagi fotosuratlar rekruterlarning Dnipropetrovsk oblastidagi koloniyalardan biriga tashrifi chog‘ida olingan.
Donetsk oblastida ukrainlarning havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari
RF qo‘shini har kuni Ukraina hududiga «Shaheed» tipidagi dronlar bilan hujum qilmoqda. Pilotsiz uchish qurilmalari, jumladan FPV-dronlar operatorlarga jang maydonidagi vaziyatni jonli efirda kuzatish imkonini beradi, ulardan shuningdek razvedka maqsadlarida foydalaniladi, ular portlovchi moddalar tashlab, dushmanga zarar yetkazishi ham mumkin. Donetsk oblastida rossiyaliklarning dronlariga qarshi kurashish bilan boshqa bo‘linmalar qatori knyaz Konstantin Ostrojskiy nomidagi 30-alohida mexanizatsiyalashgan brigadaning maxsus bo‘linmasi ham ishtirok etmoqda. Quyidagi fotosuratlarda uning jangchilari faoliyati aks etgan.
Yarador ukrainlarning Lviv oblastidagi reabilitatsiya jarayoni
Urushda yaralangan va mayib bo‘lgan ukrainlarga yordam berish — mamlakat hukumati uchun ham, ko‘ngilli va xayriya tashkilotlari uchun ham ustuvor vazifalardan biridir. Lviv yaqinidagi Vinnikida 2023 yilda Superhumans nomli ilk reabilitatsiya va protezlash markazi ochilgandi. 2024 yil yozida Lvivdagi Superhumans markazining zamonaviy jihozlangan va 10 ming kvadrat metr maydonni egallagan yangi korpusi taqdimoti o‘tkazildi. Yaqin yillarda Superhumans Ukrainaning Xarkiv, Mikolayiv, Vinnitsa, Rivne va Dnipro kabi shaharlarida ham o‘z markazlarini ochishni rejalashtirgan. Markaz faoliyati donorlar hamda hamkor davlatlar tomonidan moliyalashtiriladi, klinikada barcha xizmatlar bemorlar uchun bepul qilib qo‘yilgan.