O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil va HAMAS o‘t ochishni to‘xtatish va ushlab turilganlarni ozod qilish bo‘yicha cheklangan kelishuv imzolash arafasida turibdi. Bu haqda muzokara jarayonidan boxabar isroillik manbaga asoslanib, CNN telekanali xabar qilgan.
Manbaning so‘zlariga ko‘ra, isroillik rasmiy shaxslar HAMASning so‘nggi javobi har ikki tomonga kelishuvga erishish uchun detalli muzokaralar boshlash imkoniyatini beradi.
Biroq, CNNning ta’kidlashicha, bitimning taqdiri hali hal qilinmagan va kafolatlanmagan.
Amerikada 12 nafar rasmiy shaxslar «Biz G‘azodagi jinoyatlarga sherikmiz», deb bayonot berishdi. Ular Isroil 7 oktyabrda G‘azoda qirg‘in boshlaganidan so‘ng turli hukumat muassasalaridan norozilik tarzda ishdan bo‘shab ketishgan va ilk marta birgalikdagi bayonot bilan chiqish qilishdi.
Bayonotga ko‘ra, Bayden ma’muriyatining G‘azoga nisbatan siyosati barbod bo‘lgan va AQSh milliy xavfsizligiga tahdid uyg‘otmoqda.
Isroilning diplomatik tomondan qo‘llab-quvvatlanishi va AQSh tomonidan beto‘xtov yetkazib berilayotgan qurol-yarog‘lar AQShni «G‘azodagi Falastin xalqining o‘ldirilishi va qiynab och qoldirishi» uchun jinoiy sherik qilgan.
«Bu nafaqat ma’naviy jihatdan jinoyat, shuningdek xalqaro humanitar huquq va AQSh qonunchiligining buzilishi hamdir. Mamlakatimizning siyosiy va iqtisodiy manfaatlariga ham kuchli ziyon yetgan, jahonda AQShga nisbatan ishonchga ham kuchli putur yetgan», — deyiladi bayonotda.
Isroilning G‘azodagi agressiyasi qurbonlari 37 ming 953 kishiga yetdi. Yaradorlar 87 ming 266 kishi.
Isroilning G‘azo sektoriga yopirilma zarbalari 273 kundan buyon davom etmoqda. Qurbonlarning 3/4 qismi yosh bolalar va ayollar.
Shuningdek, vayron qilingan binolar ostida hamon halok bo‘lganlarning jasadlari qutqarilmasdan qolayotgani aytilmoqda.
G‘arbiy sohildagi vaziyat
Isroil so‘nggi 30 yil ichida Falastinning eng katta hududini o‘g‘irladi.
Isroil hukumati okkupatsiya qilingan G‘arbiy sohilda 1270 gektar Falastin yerini yahudiylar davlatiga tegishli deb e’lon qildi. TASS xabariga ko‘ra, bu xabarni ko‘chish faolligi kuzatuvchi «Shalom axshav» (Hoziroq tinchlik) huquqbonlik tashkiloti tarqatgan. Qayd qilinishicha, bu o‘lchami bo‘yicha va Tel-Aviv tomonidan rasman deklaratsiya qilingan so‘nggi 30 yil ichidagi juda yirik hudud.
G‘arbiy sohildagi 1270 gektar yerni o‘ziniki deb e’lon qilish to‘g‘risidagi qaror 25 iyunda qabul qilingan, biroq rasman 3 iyul kuni e’lon qilingan.
Avvalroq «Shalom axshav» G‘arbiy sohildagi yahudiy fuqarolik ma’muriyati kengashi 3-4 iyul kunlari yahudiy manzilgohlarida 6 ming birlik turar joy qurish to‘g‘risidagi rejani tasdiqlatishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar bergan edi.
Eslatib o‘tamiz, G‘arbiy sohil va G‘azo sektori BMT qaroriga ko‘ra Falastin yerlari hisoblanadi.
Isroil–Livan urushi ko‘lankasi
Iroqdagi jangovar guruhlar agar Isroil va AQSh bilan urush boshlansa ular Livanni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildik.
Iroqdagi islomiy qarshilik deb ataluvchi guruhning dala qo‘mondoni agar Livanga qarshi keng ko‘lamli urush boshlansa, mintaqada yirik urush avj olishini ta’kidlagan.
Anonim qolishni ma’qul ko‘rgan manbaning Associated Press agentligiga xabar berishicha, Eron tomonidan qo‘llanayotgan guruh allaqachon Livanga o‘z ekspertlari va maslahatchilarini jo‘natgan.
Iroqlik siyosatchi Ali al-Baydar ham Isroilning «Hizbulloh»ga qarshi urushi Livandan tashqariga chiqib ketishi muqarrar ekanini aytgan.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an toki Isroil agressiyasi to‘xtatilmas ekan, mintaqadagi biror davlat, jumladan Turkiya ham o‘zini xavfsiz his qila olmasligini aytgan.
«Isroil Livan manziliga hujum qilish va tajovuzkor ohangni kuchaytirmoqda, bu esa mintaqaning kelajagi borasida bizda jiddiy tashvish keltirib chiqarmoqda», degan Erdo‘g‘an.
Putin «Tolibon» haqida
Vladimir Putin Afg‘onistondagi toliblarni terrorizmga qarshi kurashda Rossiyaning ittifoqchilari deb atagan. Holbuki «Tolibon» Rossiyada terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatida turadi.
Rossiya prezidenti bu bayonotni Qozog‘istonda o‘tgan ShHT sammiti yakunlari chog‘ida aytgan.
«Biz «Tolibon» mamlakatdagi hokimiyatni boshqarayotganidan kelib chiqishimiz kerak. Bu ma’noda toliblar, shubhasiz, terrorizmga qarshi kurashda bizning ittifoqchilarimiz hisoblanadi», — degan Putin.
Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, har qanday amaldagi hokimiyat o‘z davlatida barqarorlik bo‘lishidan manfaatdor, shu sababli «Tolibon» terrorizm xavfiga qarshi kurashga tayyor.
«Biz bir necha bor «Tolibon» harakati tomonidan bunday signallar oldik. Ular aksilterrorchilik jabhasida biz bilan ishlashga tayyor», — degan Putin, Afg‘oniston o‘rnashib olgan IShID kabi terrorchilik guruhlariga qarshi kurashda toliblar bilan hamkorlik qilish kerakmi, degan savolga javob bera turib.
Ukraina–Rossiya: muzokara istiqbollari
Ostonada Putin Istanbul kelishuvlari Rossiya va Ukraina muzokaralari uchun asos bo‘lishi mumkinligini ham urg‘ulagan. Unga ko‘ra, 2022 yilning mart oyida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi yuzma-yuz muzokaralar chog‘ida ishlab chiqilgan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha shartlar va prinsiplar «hech qayerga ketmagan».
«Bu kelishuvlar Ukraina muzokara delegatsiyasi tomonidan paragraflarga bo‘lib chiqilgan edi, demak, aftidan, Ukrainani qoniqtirgan va Istanbul kelishuvlari «stol» ustida turibdi hamda mazkur muzokaralarni davom ettirish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin», — degan Putin.
«Rossiya, ma’lumki, hech qachon muzokaralardan qochmagan va hozir ham ularni davom ettirishga tayyor. Muzokaralardan aynan Ukraina bosh tortgan, boz ustiga buni ochiqchasiga, Londonning to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatmasiga ko‘ra amalga oshirgan, hech bir shubhasiz, bu buyruq Vashingtondan ham berilgan, bu haqda Ukraina rasmiy shaxslari to‘g‘ri va ochiq aytishmoqda»,— deya qo‘shimcha qilgan Putin.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Bloomberg uchun bergan intervyusida Putin Ukraina tomonidan tashkillashtiriladigan keyingi tinchlik sammitiga taklif qilinishi mumkinligini istisno etmadi.
Shu bilan birga, Zelenskiy agar Rossiya va Ukraina muzokaralar stoliga o‘tirish yo‘lini topa olsa ham, Putin «yaqin vaqtlar ichida» unda ishtirok etishiga shubha qilishi, chunki Rossiya prezidenti bunday joylarga «kelishdan juda qo‘rqadi», deb hisoblashini aytgan.
Zelenskiyning fikricha, urush «Ukraina va butun dunyo uchun adolatli yakunlanishi» uchun AQSh va Xitoy «ixtiloflarni chetga surishi» va birgalikda vositachilik qilishi lozim.
Zelenskiy Xitoy urushni yakunlashda «jiddiy rol» o‘ynashi lozimligi, chunki Rossiya Xitoy eksport bozoriga qattiq qaram bo‘lib qolganini ta’kidlagan.
NATOga intilayotgan Ukraina
Kiyev 9-11 iyul kunlari AQSh poytaxti Vashingtonda o‘tadigan NATO sammitida Ukraina shak-shubhasiz kelajakda NATO a’zosi bo‘lishi haqidagi va’dalarga erishishni istaydi, degan Ukrainaning NATOdagi missiyasi rahbari Natalya Galibarenko Politico nashriga bergan intervyusida.
«Biz NATO davlatlari Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish uchun ortga qaytmas yo‘lini mustahkamlab qo‘yishini istar edik», deya Galibarenkoning so‘zlarini keltirmoqda nashr.
Nashrning yozishicha, Galibarenko NATOga a’zolik kutib Kiyev shuningdek alyans tarafidan ko‘proq qurol-yarog‘ yetkazib berish va’dasini ham qo‘lga kirishni istashini aytgan. Galibarenkoning qayd etishicha, Kiyevning NATOga taklifnoma olish iltimosnomasi «kun tartibidan shunchaki tushib qolmaydi», shu sababli Kiyev 2023 yilning yozida Vilnyusda bo‘lib o‘tgan NATO sammitidagidan ko‘ra jiddiyroq va’dalarni istamoqda.
AQSh prezidentligiga nomzod Donald Trampning Ukrainadagi urushni bir necha kun ichida to‘xtata olish to‘g‘risidagi rejalarini sharhlar ekan, Galibarenko bu rejalarni noreal deb atagan va «siyosiy yetakchilar saylovoldi kampaniyasi chog‘ida bir narsani gapirib, saylanib olinganidan so‘ng butunlay boshqa ishlar qilishi»ni ta’kidlagan.