Buyuk Britaniyadagi parlament saylovlarida ser Kir Starmer boshchiligidagi, so‘nggi 14 yil davomida muxolifatda bo‘lgan Leyboristlar partiyasi ustunlik qilmoqda, saylov uchastkalarida nufuzli kompaniyalar o‘tkazgan so‘rovlar asosiga qurilgan prognozlar shuni ko‘rsatmoqda.
Bir necha soatdan keyin rasmiy hisob-kitoblar yaqqol kartinani namoyish etadi, shundan so‘ng bosh vazir Rishi Sunak saylovchilar bilan xayrlashib, qirol Charlz III ni hukumat almashishi to‘g‘risida xabardor qilish uchun saroyga yo‘l oladi.
Konservatorlar nima uchun yutqazdi?
BBC, ITV va Sky News buyurtmasiga ko‘ra o‘tkazilgan ekzit-poll ma’lumotlariga qurilgan prognozlar leyboristlar 650 o‘rinlik parlamentda mutlaq ko‘pchilikni tashkil etishi — 410 o‘ringa ega bo‘lishi, torilar (konservatorlar) fraksiyasi esa 345 deputatdan 131 deputatgacha qisqarishini ko‘rsatgandi.
Bu prognoz Liberal-demokratik partiya pozitsiyasi ham mustahkamlanganiga ishora qiladi — agar bu to‘g‘ri bo‘lib chiqsa, mazkur partiya 61 mandat olishi mumkin. O‘ng populist Nayjyel Farajning «Islohot» partiyasi esa 13 o‘ringa ega bo‘ladi, bu saylovoldi kampaniyasi vaqtida kutilgan natijadan ancha ko‘proq. Shuningdek Shotland milliy partiyasining parlamentdagi vakillari soni keskin qisqarib, atigi 10 taga tushishi prognoz qilingan.
Buyuk Britaniyadagi saylovoldi so‘rovlari bo‘yicha tan olingan nufuzli politolog, ser Jon Kertis BBC uchun bergan intervyusida «Islohot» partiyasi va shotland millatchilari bo‘yicha prognozlar biroz ishonchsizroq ekanini aytadi.
So‘rovlar Angliya, Shotlandiya va Uelsdagi 130 ta saylov uchastkalaridan chiqish joylarida o‘tkazilgan, ammo Shimoliy Irlandiyada emas. So‘nggi beshta parlament saylovlarida uning natijalari yakuniy natijalar bilan 1,5 tadan 7,5 tagacha o‘rin farqi bilan mos kelgan.
Ovozlarni hisoblash yakunlangan 32 ta saylov okrugidan 28 tasida leyboristlar ustun kelishgan (jumladan, oldingi saylovlarda konservatorlar g‘olib chiqqan 12 okrugda ham), liberal-demokratlar esa — ikkitasini o‘ziniki qilgan (ular ham konservatorlarning tarafdorlarini o‘ziga og‘dirgan), Konservativ partiya faqat ikki okrugni o‘z qo‘lida saqlab qololgan.
Yana bir okrugda «Islohot» partiyasi vakili g‘alaba qozongan, u Konservativ partiyadan kelib qo‘shilgandi.
Konservatorlarning mag‘lubiyati leyboristlar saylov kampaniyasini kuchli olib borgani bilan emas, ko‘proq konservatorlarning jamoatchilik orasidagi obro‘si tushib ketgani bilan izohlanadi.
Torilarning hokimiyatdagi 14 yili mobaynida 1950-yillardan buyon ilk bor aholining hayot darajasi pasayishi kuzatildi. Bunda aybdorlar — 2008-2009 yillardagi moliyaviy inqirozdan keyin davlat xarajatlaridagi qattiq tejamkorlik, kovid pandemiyasii va asosiysi — breksit bo‘ldi, bu savdo va investitsiyalarni keskin qisqartirdi.
Muxolifatchilarga esa aholiga birgina narsani — o‘zgarishlarni va’da qilishning o‘zi yetarli edi. Ular butun kampaniyani birgina so‘zni shior qilgan holda o‘tkazishdi: «O‘zgarishlar!».
Hukmron partiya ikki yildan buyon so‘rovlarda muxolifatchilarga yutqazib keladi, ammo unda parlamentdagi ko‘pchilik va qonuniy besh yillik muhlat oxirigacha — 2025 yil yanvariga qadar hukumatda qolish huquqi bor edi.
Rishi Sunak bundan keyin vaziyat yanada yomonlashishini anglab, tarafdorlari uchun kutilmagan holda va o‘z strateglarining maslahatlariga qarshi borib, bir yarim oy oldin 4 iyul kuniga navbatdan tashqari saylovlar belgilagandi.
U kutilganidek og‘ir mag‘lubiyatga uchradi.
Leyboristlar so‘nggi bor 2005 yildagi saylovlarda g‘olib chiqqandi.
2019 yilda o‘tkazilgan saylov yakunlariga ko‘ra leyboristlar 202 o‘rin olgan va bu partiyaning 1935 yildan buyon eng yomon natijasi edi.
Bu Buyuk Britaniyada mamlakat 2020 yilda rasman Yevroittifoqni tark etganidan keyin o‘tkazilgan ilk parlament saylovlari bo‘ldi.
Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Ekspertlar mahalliy vaqt bilan soat 22:00 da uchastkalar yopilganidan besh-olti o‘tib saylovda kim g‘olib bo‘lgani oydinlashishini aytishgan.
Juma kuni tongiga kelib nisbatan aniq bo‘lgan yakuniy natijalar paydo bo‘ladi.
Saylov bir turda o‘tkazildi — ko‘pchilik ovozga ega bo‘lgan nomzod deputatlik mandati bilan Vestminsterga boradi.
Jamoalar palatasida 650 o‘rin bor. Oddiy ko‘pchilik uchun 326 ovoz yetarli.
Deputatlar mahalliy pablarda shampan qadahlari ko‘tarib bo‘lishgach, qirolga sodiqlik izhor etish uchun Londonga yo‘l olishadi. Shu sabab tufayli parlamentda doimo 650 nafardan kam deputat o‘tiradi — Shimoliy Irlandiyadagi «Shinn Feyn» millatchilik partiyasining parlamentga o‘tgan deputatlari uyda qolishadi.
Parlamentdagi birinchi yig‘ilish 9 iyul kuni o‘tkaziladi. Unda spiker saylanadi (bu lavozimga yana ser Lindsi Hoyl da’vogarlik qilmoqda), bir necha kundan keyin yangi saylangan deputatlarning qasamyod qilish marosimi o‘tkaziladi.
Yangi parlament yana bir hafta o‘tib, 17 iyul kuni ishga kirishadi, o‘shanda yangi sessiyaning rasmiy ochilishida qirol yangi hukumatning ustuvor vazifalari haqida nutq so‘zlaydi.
Parlament faqat kuzga borib, yozgi ta’til va sentabr-oktyabr oylarida o‘tkaziladigan partiya konferensiyalaridan keyin, parlamentning barcha qo‘mitalari rahbarlari va a’zolari aniqlanib, hukumat yaqin oylar uchun budjetni taqdim etganidan keyingina to‘liq kuch bilan ishga kirishadi.
Yangi parlament mamlakat qaysi yo‘nalishda, qanday mablag‘lar evaziga rivojlanishda davom etishini belgilab beradi.