Xon Yunusga hujum, Ukrainaga yangi harbiy yordam paketi va Putinning Si Jinping bilan muzokaralari - kun dayjesti

Jahon 14:56 / 04.07.2024 7166

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil Rafahdan so‘ng yana shimolroqqa Xon Yunus shahriga hujum boshladi. Isroil armiyasi shaharda ko‘chirilgan insonlar yashab turgan maktabga zarbalar bergan.

Mahalliy aholi va ommaviy axborot vositalari xodimlari Xon Yunus shahri markazidagi tibbiyot markaziga ham zarba berilgani, insonlar halok bo‘lgani va yaralangani haqida xabar berishmoqda

Isroil falastinliklardan Xon Yunusni zudlik bilan tark etishni talab qilgan. Jumladan Yevropa shifoxonasi va uning atrofida yashovchi aholidan zudlik bilan o‘z uylarini tark etish so‘ralgan. Garchi bu yerda uy deb atasa bo‘ladigan sog‘ binoning o‘zi qolmagan bo‘lsa-da.

Xon Yunusning sharqiy qismida yuzlab odamlar navbatdagi marta qo‘llarida omon qolgan mol-mulk bilan shaharning g‘arbiy qismiga ko‘chishga majbur bo‘lishmoqda. Isroil okkupatsion armiyasi talabi yangragach, yuzlab odamlar ko‘chalarda tunashga majbur bo‘lishmoqda.

Urushning 271-kuniga kelib, G‘azodagi qurbonlar soni 37 ming 953 nafarga yetdi. 87 ming 266 kishi yaralangan. So‘nggi bir sutka 28 kishi o‘ldirilgan va 125 kishi yarador qilingan.

Isroilning azaliy rejasi

WikiLeaks tomonidan Isroil razvedka vazirligining 2023 yil oktyabrdagi hujjatlari e’lon qilindi. Unda G‘azo sektoridagi barcha falastinliklarni majburiy tarzda Misrga ko‘chirish rejasi haqida gap boradi.

«Isroil razvedka vazirligining tekshiruvdan o‘tgan 2023 yilning oktyabrdagi hujjatlari G‘azoning tinch aholisini Misrga ko‘chirish “ijobiy va uzoq muddatli strategik natijalarni ta’minlashi”dan so‘zlaydi”, — deya bayonot bergan WikiLeaks.

Razvedka vazirligining mazmuni o‘tgan yiliyoq e’lon qilingan hujjatiga ko‘ra, Isroil armiyasiga falastinliklarni eksklavdan butunlay Sinay yarimoroliga quvib yuborish va bu jarayonga xalqaro hamjamiyatni ham jalb etishga chorlov bor.

O‘n sahifali hujjatda nazarda tutilishicha, AQSh ham tilga olib o‘tilgan rejani amalga oshirishda sa’y-harakatlarini sarflashi, Misr hududida “bir necha kilometrlik steril zona tashkil etish va falastinliklarga Isroil chegarasi yaqinida yashashga yo‘l qo‘ymaslik” tavsiya etilgan.

Mazkur hujjatning mazmuni o‘tgan yilning oktyabr oyidayoq isroillik surishtiruvchi jurnalist Yuval Abraham tomonidan ochiqlangan edi, ammo WikiLeaks ilk marta tekshiruvdan o‘tkazib, Isroilda chindan ham falastinliklarni G‘azodan Misrga quvib yuborish rejasi bo‘lganini e’lon qildi.

Ukrainaga yordam

Amerika Ukrainaga 2,35 milliard dollarlik yangi harbiy yordam paketini e’lon qilmoqda. Bu haqda Oq uy xabar bergan.

Yordamning 150 mln dollarlik birinchi qismidan HAWK zenit raketa komplekslari uchun raketalar, HIMARS tizimlari uchun o‘q-dorilar, 155 va 105 mm kalibrli artilleriya snaryadlari, 81 mm kalibrli minomyot snayardlari, TOW raketlari, Javelin va AT-4 tankka qarshi tizimlar, o‘qotar qurollar uchun o‘q-dorilar va granatalar, portlatuchi qurilmalar va o‘q-dorilar, harbiy texnikani transportirovka va buksirovka qilish uchun taktik avtomobillar beriladi.

Ikkinchi qism 2,2 mlrd dollardan iborat bo‘lib, undan Patriot havo hujumidan mudofaa tizimining tutib uruvchi raketalar paketi va NASAMS tizimlari uchun raketalar o‘rin olgan.

Agar Rossiya armiyasi «front chizig‘ini kengaytirishga urinsa» AQSh Ukrainaga Amerika qurollari bilan Rossiyaning katta hududiga zarba berishga izn beradi, degan AQSh Davlat kotibining Yevropa bo‘yicha yordamchisi Jyeyms O’Brayyen.

«Avvaliga bu Rossiya Xarkivga hujum qilish uchun tayyorgarlik ko‘rgan chegaraoldi hududi edi. Agar Rossiya bu front kengaytiradigan bo‘lsa, Ukrainaga uzoqroq masofalardagi nishonlarga zarba berishga izn beriladi», — degan O’Brayyen Vakillar palatasining xalqaro munosabatlar bo‘yicha qo‘mitasidagi eshittirishlarda.

May oyining oxirlarida AQSh Ukrainaga Rossiya hududiga jumladan ATACMS raketalari bilan zarba berishga ruxsat bergan edi. Biroq, The Washington Post nashrining Kiyevdagi manbalariga ko‘ra, Vashington zarbalar masofasini 100 km bilan chegaralab qo‘ygan.

Qariya Baydendan xavotir

AQSh Vakillar palatasidagi demokratlar o‘rtasida Jo Baydenni saylovoldi poygasida ishtirok etish fikridan qaytarish fikri bildirilgan xat qizg‘in muhokama bo‘lmoqda. Bloomberg agentligiga ko‘ra, ushbu xat ostida Kongressning quyi palatasidagi o‘nlab demokratlar imzo qo‘yishga tayyor.

Bloomberg’ning Demokratik partiyaning nomi oshkor qilinmayotgan yuqori martabali mulozimiga havola qilib yozishicha, xatning muhokamasi Kongressda demokratlar nazorati yo‘qotilishidan cho‘chib boshlanib ketgan. Chinovnikning so‘zlariga ko‘ra, Jo Baydenni saylovda ishtirok etish fikridan qaytarishga chorlash to‘g‘risidagi xat hattoki demokratlar uchun xavfsiz sanalgan okruglarda o‘z nomzodini qo‘ygan siyosatchilar tomonidan ham tarqatilmoqda. Agentlikning qayd etishicha, bu AQShning amaldagi prezidenti poygadan chiqishi lozimligi to‘g‘risidagi g‘oya keng tarqalganidan dalolat beradi.

Demokratik partiyaga a’zo kongressmenlar Baydenga saylovoldi poygasidan chiqishni so‘rab murojaat qilishga tayyorlanayotgani haqida avvalroq Reuters ham xabar bergan edi. Agentlik manbalarining ma’lumotlariga ko‘ra, Vakillar palatasida kamida 25 nafar demokrat bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamoqda. Reuters’ning boshqa bir hamsuhbati esa ko‘plab demokrat kongressmenlar prezidentga xat yo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytgan.

Bu orada Reuters va Ipsos agentliklari tomonidan birgalikda o‘tkazilgan so‘rovnoma agar Bayden nomzodini olsa, ehtimolli demokrat nomzodlar ichidan faqat Mishel Obama noyabrda o‘tadigan AQSh prezidentligi saylovlarida Trampni yengishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Barak Obamaning rafiqasini so‘ralganlarning 50 foizi qo‘llab-quvvatlagan, bu holda Tramp 30 foiz ovoz yig‘a oladi. Vitse-prezident Kamala Harrisni ehtimoliy bahslashuvda Tramp 43 ga 42 foiz bilan ortda qoldirgan, Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusomni esa 42 ga 39 foiz farq bilan.

Reuters va Ipsosʼning so‘rovnomasi Bayden va Trampning ayni paytdagi imkoniyati teng ekanini ko‘rsatmoqda — 40 foizdan.

Bundan biroz avval Bayden Tramp bilan debatlar chog‘ida «uxlab qolishiga sal qolgani»ni tan olgan.

AQSh prezidenti Jo Bayden respublikachi nomzod Donald Tramp bilan debatdagi muvafaqqiyatsiz ishtirokini uzoq parvozlardan keyingi charchoq bilan izohladi va bahslashuvlar chog‘ida «uxlab qolishiga bir baxya qolgani»ni aytdi.

«Gap shundaki, mening u qadar aql-hushim joyida emasdi. Men debatlardan oldin dunyo bo‘ylab sayohatga chiqdim va 100 ga yaqin soat belbog‘larini kesib o‘tdim. Men o‘z yordamchilarimning gapiga quloq tutmadim, qaytib kelganimdan so‘ng sahnada uxlab qolay dedim», — deya Baydenning jurnalistlarga tushuntirishidan iqtibos keltirmoqda Reuters.

Uning tan olishicha, debatlar u uchun yaxshi yakunlanmagan va Bayden bundan juda afsusda. Lekin, Bayden muvaffaqiyatsizlik uchun o‘zini oqlamayotganini ta’kidlagan.

ShHT sammiti uchrashuvlari

Qozog‘istonning Ostona shahrida boshlangan ShHT sammiti oldidan uchrashgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin va XXR raisi Si Jinping Ukrainadagi urushni muhokama qilishdi, degan RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

«Rits Karlton» hotelining muzokaralar zalida bo‘lib o‘tgan ikki soatlik suhbatda Peskovga ko‘ra, mojaroni tartibga solish masalasi kontekstida «Rossiya ishtirokisiz har qanday formatning istiqbolsiz ekanligi aniq qayd etilgan».

«Barcha jabhalarda ikki tomonlama munosabatlar birma-bir gaplashib olingan. Mintaqaviy muammolar bo‘yicha ham fikr almashilgan. Darvoqe, Ukraina kontekstida Rossiya ishtirokisiz har qanday formatning istiqbolsiz ekanligi aniq qayd etilgan»,— degan Peskov muzokara jarayoni haqida.

«Ya’ni, bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Ukraina mavzusiga eng ko‘p vaqt ajratildimi?» — deya berilgan savolga javoban Peskov «Yo‘q, bunday deb bo‘lmaydi» deb javob bergan.

Muzokaralar Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti arafasida o‘tkazilgan. Uchrashuv boshida Vladimir Putin Rossiya va Xitoyning munosabatlari tarixdagi eng yaxshi davrlarni boshidan kechirayotganini qayd etgan. Vladimir Putin Moskva va Pekin hech qanday blok tuzmayotgani va uchinchi davlatlarga qarshi hamkorlik qilmayotganini alohida qayd etgan.

Janubiy Kavkazdagi sulh

Gurjiston poytaxti Tbilisiga hamkasbi Iliya Darchiashvili bilan muzokaralar o‘tkazish uchun kelgan Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan bir oylik intensiv ishlardan so‘ng Ozarboyjon bilan sulh shartnomasi imzolanishi mumkinligini ta’kidladi.

Darchiashvilining so‘zlariga ko‘ra, Gurjiston Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash hamda mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlik uchun hissa qo‘shishga tayyor.

Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan o‘z chiqishida Gurjiston bilan munosabatlar ko‘plab sohalarda shiddat bilan rivojlanib borayotganini aytib o‘tgan. Shuningdek,Turkiya bilan munosabatlarni normallashtirish uchun konstruktiv muloqot olib borilayotganini qo‘shimcha qilgan.

O‘z chiqishida Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida sulh shartnomasi imzolanishiga to‘xtalar ekan, Mirzoyan intensiv ishlashda bunday shartnoma bir oy ichida imzolanishga tayyor bo‘lishini ta’kidladi.

«Armaniston Ozarboyjon bilan sulh shartnomasi imzolanishiga ijobiy qaraydi. Bir oylik intensiv ishlash barobarida biz bu jarayonni yakunlashimiz va Ozarboyjon bilan bu muhim kelishuvni imzolashimiz mumkin», — degan Ararat Mirzoyan. 

Ko‘proq yangiliklar: