Qashqadaryoda 8 kunlik chaqalog‘ini sotmoqchi bo‘lgan er-xotinga hukm o‘qildi

Jamiyat 19:43 / 04.07.2024 6437

Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida o‘zlarining 8 kunlik qizini sotmoqchi bo‘lgan er-xotinga hukm o‘qildi.

Kun.uz tanishgan sud hukmida keltirilishicha, 1971 yilda tug‘ilgan, 7 farzandning otasi bo‘lgan B.Q. 35 yoshli M.A. bilan o‘zi qorovul bo‘lib ishlovchi korxonada sha’riy nikoh asosida birga yashab kelgan. Ular 2024 yilning 25 fevral kuni qiz farzandli bo‘lishgan.

Ayol chaqalog‘ini sotib, uy olish haqida o‘ylagan va buni B.Q.ga aytgan. Shu tariqa ular qiziga xaridor izlagan. 2024 yilning 5 mart kuni chaqaloqni olmoqchi bo‘lgan fuqaro B.Q.ning uyiga kelgan va ular “savdolashgan”. Avvaliga “xaridor” 150 mln so‘m olib kelganini aytgan. B.Q. esa bu kam ekanini, qizini 200 mln so‘mga sotishini bildirgan. Ular 190 mln so‘mga kelishgan.

B.Q. kelishilgan puldan 45 mln so‘mini olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudining 2024 yil 28 iyundagi hukmi bilan B.Q. hamda M.A. Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. M.Q.ga 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish, M.A.ga esa 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. 

Ko‘proq yangiliklar: