Omadsiz sportchi tashkil etgan kompaniya - jahonga mashhur Nike qanday paydo bo‘lgandi?

Jahon 16:18 / 04.07.2024 9298

Nike kompaniyasining tarixi 1957 yilda 19 yoshli talaba Fil Nayt va Bill Bauermanning tanishuvidan boshlanadi. Fil sportning yugurish turi bilan jiddiy shug‘ullanar, Bill esa murabbiy edi.

O‘sha paytlarda AQSh bozorida atlet sportchilar kiyadigan sport oyoq kiyimlari turi uncha ko‘p emasdi. Sportchilar uchun tayyorlangan yaxshi oyoq kiyim qimmat, arzonlari esa chidamsiz edi.

Fil sportchi sifatida uncha muvaffaqiyat qozona olmaydi va omadsizlikka uchraydi. So‘ng u yengil atletika bilan shug‘ullanishni to‘xtatdi va sport oyoq kiyimlari savdosi bilan shug‘ullanishga qaror qiladi. Unga Yaponiyada tayyorlangan Tiger krossovkasi yoqib qolgandi.

1962 yil Fil otasidan ozroq pul oladi va Yaponiyaga jo‘naydi. Sobiq sportchi u yerda Tiger krossovkalari ishlab chiqariladigan korxonaga boradi va ulardan 300 juft buyurtma beradi. Maqsad krossovkalarni AQShda sotib foyda ko‘rish edi.

Ko‘p o‘tmay Yaponiyadan Onitsuka Tiger deb nomlangan krossovkalar yetib keladi. Fil ularni sotib yaxshi foyda ko‘radi.

Kompaniyaning tashkil etilishi

1964 yilda Filning ishiga uning murabbiyi Bill ham qiziqib qoladi va ular sheriklikda ishlashga qaror qilishadi. Ikki sherik o‘zlari tashkil etgan kompaniyaga Blue Ribbon Spors deb nom berishadi.

Fil Nayt va uning murabbiyi Bill Bauerman
lookatme.ru

Shundan so‘ng ular Yaponiyadan krossovkalar olib kelib sotishda davom etishadi. 1966 yilda Fil va Bill sport oyoq kiyimlari sotuvchi birinchi savdo do‘konini ochishadi.

Shundan so‘ng kompaniya yaponlarga o‘z krossovkalarini buyurtma qila boshlaydi. Birinchi krossovka Cortez deb nomlangan bo‘lib, uning dizaynini 1968 yilda Bil tayyorlab beradi.

Yaponlar Filga o‘z brendini tanlasa krossovkalarni o‘sha nomda tayyorlab berishlarini aytishadi. Fil Blue Ribbon Spors nomini tanlaydi va yaponlar sport oyoq kiyimlarini shu nomda tayyorlab berishadi.

1971 yilda Fil va Bill Yaponiyaning Nissho Iwai Corporation (2004 yilda nomi Sojitz deb o‘zgartirilgan) savdo uyidan moliyaviy yordam oladi. O‘sha yildan boshlab kompaniya nomi Nike brendidan foydalana boshlaydi.

1971 yilda kompaniya ishlab chiqarayotgan krossovkalariga yangi ramz tushira boshlaydi. Yangi ramzni Portlend universitetida dizaynerlik yo‘nalishida tahsil olayotgan talaba Kerolin Devidson chizib beradi. O‘shanda kompaniya unga 35 dollar gonorar bergan.

Keyinchalik, kompaniya rivojlanib ketgach, 1983 yilda Fil Nayt Kerolin Devidsonni kompaniya ofisiga taklif etib, unga kompaniya ramzi tushirilgan, brilliantlar bilan bezatilgan oltin uzuk sovg‘a qiladi.

Kerolin Devidson
logodesignblog.net

1972 yilda Nike Moon krossovkasi tayyorlanadi. Kompaniya Kanada bozoriga ham kirib boradi. 1972 yilda o‘tkazilgan yozgi olimpiada o‘yinlari arafasida kompaniya bir nechta taniqli sportchilar bilan hamkorlik shartnomalari imzolaydi.

1974 yilda Blue Ribbon Spors AQShda, Nyu-Hempshir o‘zining birinchi fabrikasini ochadi. O‘sha yili kompaniya 5 mln dollarlik oyoq kiyimlari sotadi. 1976 yilda savdo hajmi 14 mln, 1977 yilda esa 28 mln dollarni tashkil etadi.

1977 yilda kompaniya Men shtatida, Tayvan va Janubiy Koreyada korxonalar ochadi. Shundan so‘ng Nike krossovkalari Osiyo, Yevropa va Janubiy Amerikada sotila boshlanadi.

Kompaniya nomining o‘zgarishi

1978 yilda kompaniya nomi Nike, Inc deb o‘zgartiriladi. Yangicha dizayn, ishga innovatsion yondashuv tufayli 1970-yillarning oxirida Nike Amerikada savdo hajmi bo‘yicha nemislarning Adidas kompaniyasini ortda qoldiradi.

1979 yilda Nike AQSh sport oyoq kiyimlari bozorining yarmini egallaydi. O‘sha yildan boshlab kompaniya sport kiyimlari tayyorlay boshlaydi.

1980 yilda birinchi marta kompaniya o‘z aksiyalarini savdoga chiqaradi. Sotilgan aksiyalarning pulini Yevropada ishlab chiqarishni kengaytirishga yo‘naltiradi.

Bill Bauerman kompaniya korxonasida
alamy.com

Shuningdek, Oregonda kompaniya uchun yangi bosh ofis quriladi. Nyu-Hempshirda yangi fabrika ochiladi va uning yonida ilmiy tadqiqot laboratoriyasi tashkil etiladi. O‘sha paytda Nike kompaniyasining 80 foiz mahsulotlari Tayvan va Koreyada tayyorlanardi.

1981 yilda kompaniya Xitoyda va Irlandiyada o‘z fabrikalarini ochadi. Mao Tszedun vafotigacha (1976 yil) yopiq mamlakat bo‘lgan Xitoy 1980-yillar boshlarida tashqi dunyo uchun ochilgan va xorijlik sarmoyadorlarni jalb qilish maqsadida o‘nlab shaharlarda erkin iqtisodiy zonalar tashkil etgan edi.

Nike kompaniyasi bu imkoniyatdan foydalanadi va juda katta bozorga ega bo‘lgan Xitoyga birinchilardan bo‘lib kirib boradi. Biroq AQSh va Yevropada ishlar orqaga ketadi va 1983 yilda savdo hajmi pasayadi.

Shu sababli 1984 yilda kompaniya AQShdagi uchta fabrikani yopishga majbur bo‘ladi. O‘sha yili kompaniya mashhur basketbolchi Maykl Jordan bilan shartnoma imzolaydi va Air Jordan krossovkalarini ishlab chiqara boshlaydi.

Mashhur basketbolchi Maykl Jordan Air Jordan krossovkalari bilan
myspace.com

Shundan so‘ng AQSh va Yevropada savdo hajmi ortadi va 1986 yilda kompaniya dunyo bo‘ylab ilk bor 1 mlrd dollarlik mahsulot sotishga muvaffaq bo‘ladi. Shundan so‘ng savdo hajmi keskin o‘sishda davom etadi, 1990 yilda 2 mlrd, 1991 yilda esa 3 mlrd dollarlik mahsulot sotiladi. Ana shu ko‘rsatkichlar bilan Yevropa bozorida Nike kompaniyasi Adidas’dan so‘ng ikkinchi o‘rinni egallaydi.

1990-yillar o‘rtalarida savdo hajmi muttasil oshib boraveradi va 5 mlrd dollarga yetadi. Shuning 60 foizi AQShda, qolgani boshqa joylardagi savdo ko‘rsatkichlari edi.

O‘sha paytlarda Nike AQSh bozorida 30 foizlik ulush bilan birinchi bo‘ladi. Ikkinchi o‘rinda 20 foizlik ulush bilan yana bir raqobatchi Reebok, uchinchi o‘rinda Adidas joylashgandi.

1997 yilda savdo hajmi 9 mlrd dollarga yetadi. Shundan qariyb 1 mlrd dollar sof foyda edi. Keyinchalik kompaniyada savdo hajmi to‘xtovsiz oshib bordi va so‘nggi yillarda 50 mlrd dollarga yetdi.

Nike kompaniyasining Janubiy-Sharqiy Osiyodagi fabrikalaridan biri
dailymail.co.uk

Shu’ba korxonalar

Nike kompaniyasi oyoqqa turib kelar ekan, boshqa yirik kompaniyalar kabi kichik raqobatchilarning bir qanchasini sotib oladi. Jumladan, 1988 yilda Cole Haan kompaniyasi xarid qilinadi. Bu kompaniya 2012 yilda sotib yuborilgan.

1994 yilda Canstar Spors, Inc. kompaniyasi sotib olinadi. Bu kompaniya o‘sha paytda dunyodagi konki va xokkey o‘yini bilan bog‘liq sport jihozlari ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniya edi.

Nike 1994 yilda Canstar Spors, Inc. kompaniyasining nomini Bauer deb o‘zgartiradi va 2008 yilda uni sotib yuboradi.

2003 yilda Converse, Inc. kompaniyasi sotib olinadi. Bu kompaniya hanuzgacha Nike tarkibida qolmoqda. Kompaniya umumiy savdosining 5 foizini Converse brendi ostida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sotuvi tashkil etadi.

Converse, Inc. kompaniyasi ham Nike tarkibida
converseshoes.by

2008 yilda kompaniya Britaniyadagi bir sport kiyimlari ishlab chiqaruvchi Umbro PLC kompaniyasining 100 foiz aksiyalarini 290,5 mln funt sterlingga sotib oladi.

Biroq Umbro PLC kompaniyasini muvaffaqiyatli rivojlantirish rejasi amalga oshmaydi. 2012 yilda uni Iconix Brand Group kompaniyasiga sotib olingan pulning yarmiga sotib yuborishadi.

2004 yilda Fil Nayt Nike rahbarligidan ketadi va kompaniya ijrochi direktori lavozimini Uilyam Peres egallaydi. O‘shangacha Uilyam Peres S.C. Johnson & Son kompaniyasini boshqargandi.

Nike mahsulotlari qayerlarda tayyorlanadi?

Bugun Nike dunyodagi yirik sport kiyimlari va buyumlari ishlab chiqaruvchi kompaniya hisoblanadi. Dunyoning ellikka yaqin davlatlarida kompaniyaning qariyb 500 ta fabrikasi (shu’ba korxonalari) bor.

Nike ishlab chiqarayotgan sport oyoq kiyimlari asosan quyidagi davlatlarda tayyorlanadi:

  • Vetnam – 44 foiz
  • Indoneziya – 30 foiz
  • Xitoy – 20 foiz

Nike ishlab chiqarayotgan sport kiyimlari va buyumlari quyidagi davlatlarda ishlab chiqariladi:

  • Vetnam – 20 foiz
  • Xitoy – 20 foiz
  • Kambodja – 16 foiz

Qolgani boshqa davlatlarda.

Nike ishlab chiqarayotgan turli mahsulotlarning 40 foizi AQShda sotiladi. Bu davlatda kompaniyaning o‘ziga tegishli qariyb 350 ta savdo do‘koni bor. Yana 700 dan oshiq savdo do‘konlari dunyoning boshqa davlatlarida joylashgan. Kompaniya umumiy savdosining 40 foizdan oshiqrog‘i ana shu savdo do‘konlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Nike savdo do‘konlaridan biri
kharkov.karavan.com.ua

Bundan tashqari, dunyoda kompaniya mahsulotlarini sotuvchi minglab savdo do‘konlari bor va savdo ko‘rsatkichlarining qolgan qismi ular hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya umumiy savdosining 40 foizdan oshig‘ini Shimoliy Amerika, 28 foizini Yevropa va Afrika qit’alari hamda Yaqin Sharq mintaqasi, 14 foizini Osiyo-Tinch okeani regioni va Janubiy Amerikadagi savdolar tashkil etadi.

Nike sha’niga tanqidlar

Kompaniya Xitoy, Vetnam, Indoneziya va Meksikada korxonalar ochgandan so‘ng juda ko‘p tanqid eshitib keladi.

Tanqidchilar kompaniyasini yuqoridagi davlatlarda tashkil etilgan korxonalarda ishchilar og‘ir sharoitlarda ishlayotganiga e’tiborsizlikda ayblashadi.

Tanqidchilarga ko‘ra, Nike rahbariyati Xitoy, Vetnam, Indoneziya va Meksikada ishchilar haq-huquqlari toptalishini oldindan bilsa ham foyda ketidan quvib, ularda korxonalar ochgan.

Ular yig‘gan ma’lumotlarda yuqoridagi davlatlardagi aksariyat korxonalarda ishchilar 48 soat o‘rniga 70-80 soat ishlashga majburlanayotgani aytiladi. Ularga ish haqi sifatida bir soat uchun 20 sentdan to‘lanmoqda.

Nike‘ning Janubiy-Sharqiy Osiyodagi korxonalaridan biri
alamy.com

Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina Vetnamda Nike mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarda qariyb yarim mln odam mehnat qiladi. Ularning asosiy qismini ayol-qizlar tashkil etadi.

Ular orasida 16 yoshga to‘lmagan o‘g‘il va qiz bolalar borligi ham aytiladi va Nike rahbariyati bu holatga ko‘z yummoqda. 16 yoshga to‘lmagan bolalar mehnatidan foydalanish Xitoy, Indoneziya va Meksikadagi korxonalarda ham borligi aytiladi.

Reklama va homiylik shartnomalari

Boshqa yirik kompaniyalar singari Nike ham reklamaga katta e’tibor beradi. Kompaniya har yili o‘rtacha 3,5-4 mlrd dollar mablag‘ni reklamalar uchun ajratadi.

Bu pullar internet va televideniyeda reklama roliklarini namoyish etishga, taniqli sportchilar va jamoalarga homiylik shartnomalari uchun sarflanadi. Shuningdek, kompaniya turli yirik musobaqalarga ham homiylik qiladi.

Nike kompaniyasining birinchi reklama roligi markaziy telekanallarda 1982 yilda paydo bo‘ladi. O‘shandan keyin kompaniya “Eng yaxshi reklama” roligi yo‘nalishida ikki marta Kann kinovestivali, ikki marta Emmi mukofotini qo‘lga kiritadi.

2000-yillarda, internet ommalasha boshlagandan buyon Nike internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali kompaniyani aktiv reklama qilib keladi.

2015 yilda kompaniya Milliy basketbol assotsiatsiyasi (MBA) bilan 8 yillik homiylik shartnoma imzolaydi. Shartnoma tugashidan avval yana yangilandi.

Krishtianu Ronaldu Nike mahsulotlarini reklama qilgani uchun har yil unga katta miqdorda mablag‘ to‘lab beriladi.
xl.pt

Nike yakka shaxslar bilan tuziladigan ilk shartnomani MBA yulduzi Maykl Jordan bilan imzolagan va mashhur basketbolchi familiyasi bilan nomlangan krossovkalar chiqarilgandi. Bu hamkorlik hanuzgacha davom etib kelyapti va Air Jordan krossovkalari hanuzgacha savdoga chiqarilmoqda.

Kompaniya keyinchalik boshqa mashhur basketbolchilar Kobi Braynt, Jyeyson Kidd, Vins Karter, Lebron Jyeyms, Kevin Dyurant va boshqalar bilan ham homiylik shartnomalari imzolaydi.

1990 yillar boshlarida Nike futbol bozoriga ham kirib keladi va Romario, Erik Kantona hamda Edgar Davids bilan hamkorlik qila boshlaydi.

2000-yillar boshlarida Ronaldo (braziliyalik), Ronaldinio, Tiyeri Anri, Didiye Drogba, Andreas Iniyesta, Keyn Runi, Krishtianu Ronaldu, Franchesko Totti, Zlatan Ibrohimovich, Harri Keyin, Eden Azar va Kilian Mbappe kabi futbolchilar bilan homiylik shartnomalar imzolaydi.

Maykl Jordandan so‘ng kompaniya Ronaldinioni reklama roligi yuziga aylantiradi. “Roni” suratga tushgan reklama roligi o‘z vaqtida Yutub platformasida millionlab marta tomosha qilingan edi.

Kompaniya mashhur o‘yinchilardan tashqari, Barselona, PSJ, Manchester Yunayted kabi mashhur jamoalar , Braziliya, Fransiya, Angliya, Portugaliya, va Niderlandiya terma jamoalari bilan hamkorlik qilgan.

Bundan tashqari, Nike mashhur tennischilar Andre Agassi, Pit Sampras bilan 1980-yillarda, Rojyer Federer, Rafael Nadal, Serena Uilyams va Mariya Sharapova kabilar bilan 1990 va 2000-yillarda homiylik shartnomalari imzolagan.

Mashhur tennischi Rojye Federer Nike libosida
google.com

Bugungi kunda ham kompaniya juda ko‘plab sport klublari, sportchilar va turli terma jamoalar bilan homiylik shartnomalariga ega. Ana shu shartnomalarga muvofiq Nike har yili ularga milliardlab dollar to‘lab beradi.

Nike so‘nggi yillarda

Dunyoga mashhur Forbes nashrining yozishicha, 2023 yilda Nike kompaniyasi dunyo bo‘ylab 50,6 mlrd dollarlik mahsulot sotgan. Uning 70 foizi oyoq kiyimlar, qolgani sport kiyimlari va boshqa jihozlar bo‘lgan. Shundan qariyb 6 mlrd dollari sof foyda bo‘lgan.

2023 yilda kompaniyaning o‘z mablag‘i 15 mlrd dollardan oshiqroq bo‘lgan. Kompaniya kapitalizatsiyasi qariyb 190 mlrd dollarni tashkil etgan.

Bugungi kunda kompaniyaning turli davlatlarda joylashgan korxonalarida qariyb 80 ming odam mehnat qilmoqda. Kompaniya asoschisi Fil Nayt 86 yoshda. Bill Bauerman esa 1999 yilda vafot etgan.

Kompaniyaga Mark Parker (direktorlar kengashi raisi) va Jon Danaxo (kompaniya prezidenti) rahbarlik qilmoqda.

Nike‘ning bugungi rahbarlari
hypebeast.com

Bugungi kunda kompaniyaning dunyo bo‘ylab qariyb 1200 ta maxsus do‘kondan iborat savdo tarmog‘i bor. Forbes nashriga ko‘ra hozirda Nike dunyodagi eng qimmat sport mahsulotlari ishlab chiqaruvchi brend hisoblanadi.

So‘nggi yillarda kompaniya Nike brendidan tashqari Nike Golf, Nike Pro, Nike +, Air Jordan, Nike Blazers, Air Force 1, Nike Dunk, Air Max, Foamposite, Nike Skateboarding, Nike CR7, Hurley International, Converse nomlari ostida ham mahsulotlar ishlab chiqarmoqda.

Kompaniya 2022 yilda dunyoning eng yirik kompaniyalari orasida 212-o‘rinni, eng qimmat brendlar orasida esa 13-o‘rinni, AQShda eng yaxshi foyda ko‘rib ishlovchi kompaniyalar orasida esa 83-o‘rinni egallangan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: