«Men ketmayman. Bu poygada oxirigacha bo‘laman». Bayden nomzodini qaytarib olmasligini ma’lum qildi

Jahon 16:36 / 04.07.2024 5082

AQSh prezidenti Jo Bayden o‘z tarafdorlari bilan telekonferensiya vaqtida debatda Donald Trampga mag‘lub bo‘lganiga qaramay, prezidentlik saylovlarida qatnashish niyatida ekanini aytdi, deb xabar beradi CBS o‘z manbasiga tayanib.

«Buni aniq, soddaroq va tushunarli qilib aytishga ijozat bering: men qatnashaman. Men Demokratik partiya nomzodiman. Hech kim meni chiqarib yubora olmaydi. Men ketmayman», — deya Baydenning so‘zlarini keltirgan telekanal suhbatoshi.

Telekonferensiya chog‘ida prezident debatda muvaffaqiyatsiz ishtirok etganini tan olgan, ammo, CBS manbasi qayd etishicha, hozirda uning kampaniyasi ro‘y bergan hodisa oqibatlarini yumshatishga qaratilgan.

NRP nashri yozishicha, partiya tarafdorlariga yuborilgan elektron maktubda ham Bayden poygadan «chiqmasligi»ni ta’kidlagan. «Men bu poygada oxirigacha qolaman va biz bu saylovlarda g‘olib chiqamiz», — deyiladi maktubda.

Bundan tashqari, AQSh prezidenti 3 iyul kuni demokrat gubernatorlar bilan uchrashib, saylovlardagi ishtiroki davom etishi borasidagi xavotirlarni aritishga uringan. Reuters agentligi yozishicha, uchrashuvda qatnashgan Nyu York, Minnesota va Merilend gubernatorlari Bayden nomzodini qo‘llashini bildirgan.

«Bugun biz bu yerda avvalboshdan o‘zimiz ishongan va  Donald Trampni yengishga qodir bo‘lgan yigitni ko‘rdik», — degan Minnesota gubernatori Tim Uols uchrashuvdan keyin.

«Prezident doimo bizni qo‘llab-quvvatlaydi. Biz ham uni qo‘llaymiz», — deya qayd etgan Merilend gubernatori Ues Mur.

  • Jo Bayden va Donald Tramp o‘rtasidagi debat 28 iyunga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tgandi va ko‘plab saylovchilar fikricha, u amaldagi prezident uchun muvaffaqiyatsiz kechgan. Shundan keyin Baydenning tarafdorlari u partiyaning boshqa nomzodi foydasiga saylovni tark etishi kerakligi haqida o‘ylay boshladi. Prezident shtabi esa u poygadan chiqmasligini ma’lum qildi. Baydenning o‘zi ham saylovda ishtirok etib, g‘alaba qozonish niyatida ekanini bildirdi.
  • Amerika nashrlari Bayden bu masalada qaror qabul qilishda o‘z oilasi a’zolari fikriga tayanishi, xususan uning turmush o‘rtog‘ining fikri hal qiluvchi bo‘lishini yozishdi. Nashrlarning ayrim manbalari esa Jill Baydenni «prezidentga to‘liq ta’sir ko‘rsata oladigan yagona shaxs» deb atashgan.
  • 3 iyul kuni The New York Times gazetasida e’lon qilingan maqolada yozilishicha, Bayden o‘zining muhim tarafdorlaridan biriga go‘yoki prezident yaqin odamlaridan biriga o‘zining saylovdagi ishtiroki yomon yakunlanishi mumkinligini tushunishini va saylovda kurashni davom ettirish-ettirmaslik bo‘yicha o‘ylovda qolganini aytgan. Ko‘p o‘tmay Oq uy bu ma’lumotni «butkul yolg‘on» deb baholadi.
Ko‘proq yangiliklar: