Firibgarlar talabaning nomidan 6 ta bankdan 73 mln so‘m kredit oldi

O‘zbekiston 10:45 / 04.07.2024 23188

Firibgarlar Payme va Markaziy bank xodimlari niqobida talabaning ishonchiga kirib, uning kartasidagi pullar o‘g‘irlanib, nomiga mikroqarz olinayotganini aytishadi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun yigitdan Telegram-bot orqali identifikatsiyadan o‘tish so‘raladi. Buni bajargan yigit tez orada uning nomiga 6 ta bankdan 73 mln so‘mlik kreditlar olinganidan xabar topadi.

Chirchiq davlat pedagogika universitetining 4-bosqich talabasi Akbarxon Muhammadiyev 2024 yil 25 iyun kuni firibgarlar tuzog‘iga tushadi. Oqibatda uning nomiga 6 ta bankdan katta miqdorda mikrozaym rasmiylashtirilgan.

Fuqaro Kun.uz'ga bergan intervyusida bu jarayon qanday kechgani haqida so‘zlab berdi. Uning aytishicha, dastlab notanish raqamdan bir erkak qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini Payme xodimi deb tanishtiradi, kiberhujum sabab uning ilovasiga buzib kirishganini aytadi.

Sizning akkauntingiz, plastik kartalaringizga buzib kirilgan. Qayerdadir qoldirganmisiz yoki kimgadir berganmisiz, dedi. Men yo‘q deb aytdim, shularni tekshirish uchun Markaziy bank xodimi bilan ulayman, dedi, Markaziy bank xodimasi ulanib, ruschalab gapirishni boshladi. U ham shaxsiy ma’lumotlarim, plastigimni qayerdadir qoldirganmanmi yoki yo‘q yoki kimgadir berganmanmi – shularni so‘radi. Unday emasligini aytdim. Keyin [rus ayol] nomimga kredit rasmiylashtirib olishayotganini aytdi. Shuni bankka kirib, shaxsiy ma’lumotlarimni tasdiqlatishim kerakligini, bo‘lmasa nomimga kredit olib yuborishlarini aytdi.

Keyin ayoldan kimligini so‘radim, u Telegram'dagi Markaziy bankning botiga [soxta – tahr.] kirsam, ish hujjatlarini, mening nomimga kredit olayotgan odamning ham hujjatini tashlashini aytdi. Tashladi ham. Shu joyida sizga yo‘riqnoma ko‘rsataman, kirib identifikatsiyadan o‘ting, dedi. Identifikatsiyadan o‘tganimdan keyin esa SMSlar kelishni boshladi. Kechga borib bilsam, nomimga kreditlar olib tashlashgan”, – deydi Akbarxon Muhammadiyev.

Shunday qilib, o‘zini Hasanova Dilara Muratovna deb tanishtirgan, rus tilida gapirgan ayol xuddiki Markaziy bank xodimasi bo‘lib, yigitni qopqon tomon boshlagan. U suhbat davomida fuqaro oldin kredit olganmi yoki yo‘q, rasman ishlash joyi mavjudmi, plastik kartalari raqami kabi ma’lumotlarni so‘rab olgan.

Keyin esa uning nomiga Marufov Abdurasul Ismailovich ismli shaxs kredit olish uchun so‘rov jo‘natganini, bu so‘rov kredit bo‘limida ekanini, agar fuqaroning o‘zi buni rad etmasa, kredit rasmiylashtirilishini aytadi.

Suhbatdoshini ishontirish uchun ayol Markaziy bankda ishlashini tasdiqlovchi va shaxsga doir ma’lumotlari ko‘rsatilgan, muhr bosilgan hujjatini (albatta soxta) ko‘rsatadi va talabadan Telegram-bot orqali pasport ma’lumotlarini kiritib, Face-ID'dan o‘tishini so‘raydi.

Bularga ishongan qahramonimiz ayolning hamma so‘rovini bajaradi, shaxsiy axborotlarini botga kiritadi. Bundan ustalik bilan foydalangan firibgarlar ma’lumotlarni bir vaqtning o‘zida turli banklarga yuborishgan va oxirida 6 ta bankda 75 mln so‘mlik mikrozaym rasmiylashtirishga erishgan.

Xususan:

  • Sanoatqurilishbankning bosh ofisidan – 19 389 985 so‘m;
  • Agrobankning Yuqori Chirchiq filialidan – 4 703 604 so‘m;
  • Davrbankning Olmazor filialidan – 10 000 000 so‘m;
  • Aloqabankning bosh ofisidan – 14 112 362 so‘m;
  • Xalq bankining bosh amaliyotlar boshqarmasidan – 12 510 326 so‘m;
  • Anorbankdan – 12 000 000 so‘m, jami 72 716 277 so‘m miqdorda kredit olingan.

Fuqaroning advokati Xurshid Kazibekovning aytishicha, firibgarlar banklarga yuboriladigan arizalarni oldindan tayyor holatga keltirib, keyin aloqaga chiqishgan.

Aniqlangan holatga ko‘ra, bir nechta bank uchun bir vaqtning o‘zida arizalar tayyor turgan, identifikatsiyadan o‘tgan zahoti ketma-ketlikda banklardan mikrozaym ajratilgan. Mikrozaym ajratilganidan keyin kredit tarixi va shunga o‘xshash jarayonlar amalga oshiriladi. Bundan so‘nggina banklar xabar topishadi. Shuning uchun firibgarlar tomonidan qo‘llanadigan usullardan biri shu – bir vaqtning o‘zida 8-9 ta bankka arizani tayyorlab qo‘yib, identifikatsiyadan o‘tgan zahoti ketma-ketlikda pullar yechilishni boshlaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, banklar kelgusida bu [firibgarlarning] eng ommalashgan usuli ekani, birinchi marta emasligini inobatga olib, xavfsizlik choralarini ko‘rishi kerakligini aytgan bo‘lardik.

Fuqaro o‘zining Payme ilovasi xavfsizligini ta’minlayapman deb o‘ylagan, shu orqali barcha shaxsiy ma’lumotlarini sizdirib, 6 ta bankda mikrozaym ajratilgan. Summalar kartaga kelib tushganda, elektron hamyonlar ochib tashlangan. Bu orqali boshqa manbalarga pullar chiqib ketgan. Bu holatda kartasiga pul tushgani, elektron hamyonga o‘tganidan fuqaroning xabari bo‘lmagan. My.gov.uz'dan tekshirgach, bir qancha mikrozaymlar ajratilganini ko‘rgan”, – deydi Kazibekov.

Qo‘shimcha qilinishicha, Akbarxona Muhammadiyev holatga aniqlik kiritish maqsadida 6 ta bankning hammasiga borib, vaziyatni surishtirgan. Banklar u shaxsini Face-ID yordamida tasdiqlagani sabab qarzdorliklarni qoplash uning zimmasida ekanini ma’lum qilishgan.

Agar firibgarlik qurbonining so‘zlariga ishonadigan bo‘lsak, uning boshqa platformadagi Face-ID tasvirlarini banklarning ilovalari onlayn mikroqarz uchun ariza rasmiylashtirishda haqiqiy va jonli tasvirlar deya qabul qilgan. Bu esa savolli masala bo‘lib qolmoqda.

Holat bo‘yicha IIOga murojaat qilingan, surishtiruv ishlari boshlangan.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tamiz, Markaziy bank bu tijorat banki emas, shu sababli kreditlar ajratish yoki boshqa moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanmaydi. Har qanday elektron manbada identifikatsiyadan o‘tishdan oldin esa bu manbaning ishonchli va rasmiy manba ekaniga ishonch hosil qilishni tavsiya etamiz. Unutmang, internetdagi firibgarlar odamlarning kartasidagi pulini o‘g‘irlashning yangidan yangi yo‘llarini topishmoqda.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi, 
Tasvirchi Shohruz Abdurayimov.

Ko‘proq yangiliklar: