Ukrainada urushning 861-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
RF mudofaa vazirligi Chasiv Yarning «Noviy» rayoni egallanganini e’lon qildi. Ukrainalik harbiylar shahar boy berilishi «yaqinlashdi» deb hisoblamoqda.
«Rosatom» ukrain dronlari Energodardagi nimstansiyaga hujum qilgani haqida xabar berdi. Sakkiz kishi jarohatlangan.
NATO mamlakatlari 2025 yilda Ukrainaga 40 milliard yevro ajratishga kelishgan, ammo Kiyevni ko‘plab yillar davomida qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgan.
Rossiya Dniproga raketa va dronlar bilan hujum qildi. Olti kishi halok bo‘lgan va 50 dan ortiq kishi yaralangan. Katta ehtimol bilan, hujum nishoni «Yujmash» zavodi bo‘lgan.
Rossiya IIV Moskva oblastida o‘quvchilarga RF armiyasining Buchadagi jinoyatlari haqida so‘zlab bergan o‘qituvchi qidiruvga berilgani haqida e’lon qildi.
Bloomberg: Rossiya va Xitoy Shaheed namunasidagi dronlarni ishlab chiqmoqda.
Novorossiyskda dengiz dronlari hujumi to‘g‘risida xabar berildi. Rasmiylar plyajga kirish joylarini vaqtincha yopgan.
Politico: Tramp NATO Putin bilan kelishuvini nazarda tutuvchi rejani «o‘ylab ko‘rmoqda».
Dnipro o‘qqa tutilishi
Rossiya qo‘shini 3 iyul kuni Dnipro bo‘ylab raketa va pilotsiz uchish qurilmalari bilan zarba berdi. 50 dan ortiq kishi jarohatlangan, 4 iyul tongida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, olti kishi halok bo‘lgan. Hudud rahbari Sergey Lisak 4 iyul Dnipropetrovsk oblastida qurbonlar xotirasiga motam kuni e’lon qildi.
Donetsk oblastidagi ukrain jangchilari
Rossiya armiyasi Donetsk atrofida yangi yurish boshlagan: avval qo‘shni Avdiyivka frontida harakatlangan yirik kuchlar Toretsk shahri (sobiq Dzerjinsk) tomon yurish boshlagan. Ukraina qurolli kuchlari jangchilari Rossiya qo‘shinlarining Donetsk oblastidagi hujumlarini qaytarmoqda. Ukrain harbiylari bunda boshqa texnikalar qatori g‘arb tomonidan yetkazib berilgan M113 rusumli zirhli transportyorlardan (BTR) foydalanmoqda.
Xerson oblastida Rossiya armiyasi dron operatorlari
Ikki tomon ham turlicha dronlarni faol qo‘llashi — Ukrainadagi urushning alohida jihatidir. Pilotsiz uchish qurilmalari, jumladan FPV-dronlar operatorlarga jang maydonida nimalar bo‘layotganini jonli efirda kuzatish imkonini beradi. Dronlar razvedka ishlarini olib borishi ham, portlovchi qurilmalar tashlab, raqibga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarar yetkazishi ham mumkin. Quyidagi suratlarda RF qurolli kuchlarining Xerson oblastidagi dronlar operatorlari tasvirlangan.
Belgorod o‘qqa tutilishi
Ukraina bilan chegaradosh sanalgan Belgorod oblasti rasmiylari mazkur hudud artilleriyadan o‘qqa tutilayotgani va dronlar hujumiga uchrayotgani to‘g‘risida deyarli har kuni xabar beradi va bunda Ukraina qurolli kuchlarini ayblaydi. 3 iyul kuni region rahbari Vyacheslav Gladkov Belgorod shahriga kirish joyida va to‘g‘ridan to‘g‘ri shahar ustida havo hujumidan mudofaa tizimlari «bir necha havo nishonlari»ni yo‘q qilgani haqida xabar bergan. Oskolkalar texnik xizmat ko‘rsatish stansiyasiga tushgan. Shinalar saqlangan omborda yong‘in boshlangan. Odamlar tezlik bilan binoni tark etgan, jarohatlanganlar yo‘q, deya ma’lum qilgan Gladkov.
Donetsk o‘qqa tutilishi
DXR nazorati ostida bo‘lgan Donetsk shahri ma’muriyati muntazam ravishda ukrain harbiylarini shaharni o‘qqa tutishda ayblab keladi. Eng ko‘p zarbalar shaharning g‘arbiy chekkasi hisoblangan va shahar markazidan ancha uzoqda joylashgan Petrovsk rayoniga to‘g‘ri keladi. 3 iyul kuni Donetsk ma’muriyati Petrovsk rayonida zarba oqibatida ikki kishi jarohatlanganini ma’lum qilgan.