Qarorga ko‘ra, 2024 yil 1 sentabrdan quyidagi tartiblar joriy etiladi:
- jismoniy shaxslar va mulkchilik shaklidan qat’i nazar har qanday yuridik shaxs tomonidan yo‘llar, trotuarlar va boshqa yo‘l infratuzilmasi obektlarida qurilish ishlarini olib borish, yo‘l obektini har qanday ko‘rinishda ta’mirlash, buzish, qazish, o‘zgartirish yoki rekonstruksiya qilish faqatgina tegishli ruxsatnoma olingandan so‘ng amalga oshiriladi;
- ruxsatnomani rasmiylashtirish va berish bo‘yicha davlat xizmatlari Davlat xizmatlari markazlari hamda YaIDXP (my.gov.uz) orqali 5 kun muddatda ko‘rsatiladi;
- ruxsatnoma yo‘l obektini balansida saqlovchi viloyat yoki tuman (shahar) hokimliklari yoxud boshqa tashkilotlar tomonidan, kommunikatsiya tarmoqlaridagi avariya bilan bog‘liq yoki boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarda esa tuman (shahar) hokimligi tomonidan beriladi;
- ruxsatnomada yo‘l obektida qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish huquqi berilgan shaxs, qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirishning maqsadi va muddati, ruxsatnomaning haqiqiyligini tekshirish imkonini beruvchi QR-kod, shuningdek, ushbu muddat ichida yo‘l obektining avvalgi holatini tiklamaslik tegishli ma’muriy va fuqaroviy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida ogohlantirish ko‘rsatiladi;
- yo‘l obektida qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish vaqtida ruxsatnoma hamma uchun ko‘rinadigan joyga ilib qo‘yilishi yoki har qanday shaxsning birinchi talabiga ko‘ra taqdim etilishi shart hisoblanadi;
- ruxsatnoma olmasdan turib yo‘l obektida qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, qurilish va ta’mirlash ishlari maydonida belgilangan tartibda ruxsatnomani ilib qo‘ymaslik yoki taqdim etmaslik, qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilayotgan joyda xavfsizlik choralarini ko‘rmaslik, shuningdek, qurilish va ta’mirlash ishlari yakunlangandan so‘ng yo‘l obektining avvalgi holatini tiklash bo‘yicha majburiyatni bajarmaslik qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.